Bundan besh yilcha oldin muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatiga tashrif buyurganlarida “Qur'onni eshitish, eshita olish yuksak ma'naviyat, ma'rifat. Qur'on hech qachon yomonlikka da'vat qilmaydi. Agar Qur'oni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu muvaffaqqiyat bo'ladi, elimizga nur keladi”, deya ta'kidlagan edilar.
Darhaqiqat, mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-ma'rifiy yo'nalishda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar yurtimiz mo'min-musulmonlarini behad quvontiryapti. Foydalanishga topshirilayotgan yangi masjidlar namozxonlarning bahridilini ochayotgan, yangi madrasalar yoshlarga ilm o'chog'i bo'layotgan bo'lsa, “Qur'oni karim va tajvid” o'quv-kurslari xalqimizga ziyo taratishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi”ning 6-bandi ijrosini ta'minlash hamda fuqarolarning Qur'oni karimni tajvid bilan o'qishga bo'lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Chirchiq, Nurafshon va Yangiyo'l shaharlarida Qur'oni karim va tajvid bo'yicha o'quv-kurslari faoliyati yo'lga qo'yildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasining 01A/117-sonli buyrug'i asosida tashkil etilgan mazkur o'quv-kurslarida endilikda malakali mutaxassislar, Qur'oni karim xodimlari yurtdoshlarimizga Kalomullohni o'rgatadilar.
Qur'oni karim – Alloh taoloning insoniyatni dunyo va oxirat saodatiga eltuvchi muqaddas kalomidir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Qur'oni karimni Alloh taolodan qabul qilib olib, ummatlariga omonat ila etkazganlar, uni o'zlari hayotga tatbiq etib ko'rsatganlar.
Payg'ambarlarning merosxo'rlari bo'lgan ulamolarning vazifasi ushbu ilohiy omonatni – Qur'oni karimni xalqqa etkazish bo'lib kelgan va kelmoqda. Qur'oni karimni o'rganish, yod olish va o'rgatish Islomda ajri ulug' amal sanaladi. Shu bois qadim tariximiz davomida Qur'oni karim o'qilmagan, Mushafi sharif kirmagan xonadon bo'lmagan.
Allohga shukrki, yana xonadonlarimizga, qalblarimizga, ko'ngillarimizga Qur'oni karim kirib boryapti.
Qur'oni karimni o'rganish va o'rgatishning savobi juda ulug'. Kalomullohda mo'minlarni Allohning oyatlarini tadabbur qilishga, hukmlarnini teran anglashga, tilovat qilinayotganda tinglash va jim turishga buyurilgan.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni to'kis ado etib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo'lurlar»(Fotir surasi, 29-oyat).
Boshqa bir oyatda esa: «Qur'on tilovat qilganda uni tinglanglar va jim turinglar, shoyad rahmatga erishsangiz»(A'rof surasi, 204-oyat), deb marhamat qilingan.
Hadisi shariflarda ham insonlarning eng yaxshisi bayon qilina turib, bu borada ham Qur'oni karimni o'rgangan va o'rgatgan kishilar bashariyatning eng xayrlisi ekani e'tirof etiladi.
Hazrati Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur'onni o'rganganlaringiz va o'rgatganlaringizdir”(Imom Buxoriy rivoyati).
Qur'on kirib borgan, o'qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti, nuri yog'ilib turadi. Qur'oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi. Zero, bashariyat tamadduniga benazir hissa qo'shgan buyuk mutafakkir allomalarimizning qay biri hayotiga nazar solsak, albatta, ularning barchasi yoshligidanoq Qur'oni karimni yod olganiga guvoh bo'lamiz.
Bugun biz Yangi O'zbekistonda muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida Uchinchi renessansning poydevorini qo'yayotgan ekanmiz, albatta, bu jarayonda farzandlarimizning Qur'oni karimni o'rganishini ta'minlashimiz kerak. Shunda yana Buxoriylar, Horazmiylar, Beruniylar, Navoiylar tug'ilajak, inshoalloh.
Alloh taolo aziz diyorimizni Qur'on nuri bilan munavvar aylasin, bu buyuk xizmatga bel bog'lab, xayrli ishlarga bosh-qosh bo'layotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevni O'zining hifzu himoyasida asrab, ko'zlagan barcha ezgu maqsadlariga etkazsin, niyatlarini ro'yobga chiqarib, o'ylaganlaridan ham ziyoda natijalarga erishtirsin.
Yangi ochilgan Qur'oni karim kurslari faoliyati bardavom bo'lsin. Bunday nur taratadigan maskanlar soni ko'paysin. Bu maskanlarda ta'lim olgan yurtdoshlarimiz elimizga, Vatanimizga xizmat qilsin.
Jasurbek RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 12 fevral kuni Xorazm viloyati Urganch shahrida o‘tkazildi.
“Oxun bobo” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda diniy idora mutaxassislari, Xorazm viloyati vakilligi rahbariyati, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Urganch shahridagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj-2024” ziyoratchilari va MFYlar raislari taklif qilindi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin Eshonqulov va Obidjon Qodirov boshchilik qilishdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Obidjon Qodirov ijtimoiy tarmoqdan foydalanish, masjid telegram guruhlarini rivojlantirish, diniy ma’rifiy materiallar bilan boyitish, imom-xatiblarning masjid qavmi va yoshlar bilan yaqindan munosabat o‘rnatish hamda kunlik namozlarda olib boriladigan suhbatlarni hayotiy misollar bilan boyitib borish kabi ko‘rsatma va tavsiyalar berib o‘tdi.
Tadbir davomida Xiva shahridagi “Muruvvat” uyiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan 2 dona nogironlik aravachasi va boshqa zaruriy jihozlar, jami 11 533 000 so‘mlik xayriya ishlari olib borildi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 150 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 25 ta oilaga, umumiy hisobda 175 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib borishdi. 30 ta xonadonda ma’naviy ko‘makka muhtoj bo‘lganlarni qiynab kelayotgan savollarga javoblar berildi. Nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 21 ta oilaga kirib, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.
Homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmandlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari hadya qilindi. Notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, arazlashgan, janjallashganlarning aksari yarashtirildi.
***
Viloyat bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev hamrohligida Urganch shahridagi Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabalari bilan ochiq muloqot ham o‘tkazildi. Zayniddin domla Eshonqulov keyingi yillarda yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani, keng imkoniyatlar taqdim etilayotgani, jumladan, yangi diniy ta’lim muassasalari ochilayotgani, ularda ustoz va talabalarga barcha sharoitlar muhayyo qilinayotgani, Islom institutida magistratura yo‘nalishi tashkil etilganiga e’tibor qaratdi.
***
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Nazorat va tahlil bo‘limi mudiri Isomiddin Zuxriddinov tomonidan tuman-shahar bosh mutavallilari va Urganch shahrida faoliyat olib borayotgan masjid mutavallilari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi.
***
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Urganch shahri imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati