frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Soxta salafiylarning xatarlari

31.08.2022   1854   5 min.
Soxta salafiylarning xatarlari

Ogohlik – davr talabi

Bugun “soxta salafiylar” degan ibora qulog'imizga ko'p chalinyapti. Aslida “salaf” so'zi “avval yashab o'tganlar”, “ajdodlar” degan ma'nolarni anglatadi. Bu so'zga “soxta” kalimasi qo'shilishi kishini sergak torttiradi.

So'nggi yillardagi “salafi solihlarga ergashish” shiori ostida qarashlarida haddan oshayotgan toifa paydo bo'ldi. Ularning bosh g'oyasi – har bir ishni salaflarga xos joriy qilish. Ammo tutgan yo'li va targ'ibot usullari buning ziddini ko'rsatmoqda.

Bu oqim XVIII asrda yashagan najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning mutaassibona g'oyalariga tayanadi. U esa, aslida, ilk ekstremistik tashkilot – xorijiylik aqidasidir.

Shunga ko'ra, ularnazdida, musulmonlar uchun haqiqiy najot Qur'on va hadisni mahkam tutish bo'lib, har qanday ko'rinishdagi mazhab bu maqsadga erishishda xalaqit beradi. Ular ortiqcha. Ulardan voz kechish lozim.

Ular shu tariqa barcha musulmonlarni Qur'on va hadisni o'rganib, o'z aqli va iqtidori doirasida amal qilishga, ijtihod qilishga chaqiradi. Imom Ahmadning: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”, – degan ta'rifi, bizningcha, ushbu qarashga o'rinli raddiya hisoblanadi.

“Soxta salafiylar” dunyoning qayeriga qadam bosmasin, o'sha er jaholat, ixtilof va tashvishlar makoniga aylanadi. Zero, ularning yo'li ahli sunna val jamoaning ham, sahobalar va tobeinlarning ham yo'li emas. Bu – isbotlangan haqiqat.

HIH asrning mashhur olimi, hindistonlik mujtahid Muhammad Siddiq Hasan Qinnavjiy (1832–1890) “soxta salafiylar” haqida “Taqlidul aimma” asarida shunday yozadi: “Hozirgi kunda bir riyokor va shuhratparast guruh paydo bo'lgan bo'lib... o'zlarini eng taqvodor hisoblab, boshqalarni mushriklikda ayblamoqda. Aslida, ularning o'zi eng mutaassib va dinda chuqur – g'uluv ketganlardir. Ularning ishi dindan emas”.

Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy esa “salafiylik” degan guruhga mansub bo'lishning o'zi bid'at” ekanini alohida ta'kidlagan.

 “Soxta salafiylar”:

  • tasavvufni tan olmaydi. Tariqat ahlini kufrda ayblaydi. Bu orqali Hakim Termiziyning bunyodkorlik g'oyalarini, Najmiddin Kubroning vatanparvarligi, xalqi tinchligi yo'lidagi qahramonligini, Yetti pir allomalarning umuminsoniy qadriyatlarini, Shayx Zayniddin, Suzuk ota, So'fi Ollohyor va Hoja Ahror Valiy kabi benazir mutasavviflarning ilmiy merosini inkor qiladi;
  • tavassulni kufr hisoblaydi. Bu Payg'ambar alayhissalom va u kishining sahobalari, qolaversa, ulug' alloma, avliyo zotlar sharofati, fazilatidan yurtga, xalqqa ne'mat, ofiyat so'rashni anglatadi. Bu, qaysidir ma'noda, shafoatni ham rad etishdir. Vaholanki, shafoatning haq ekani mo''tabar manbalar orqali isbotlangan;
  • mazhablarni inkor qiladi. Mazhabsizlik g'oyasi ko'pchilik g'o'r yoshlarning adashishi, yot g'oyalar ta'siriga tezroq tushishi ehtimolini kuchaytiradi. Aslida, islomda harom ham, halol ham aniq. Ular to'rtta mazhabboshi tomonidan tizimga solingan. Ular sirasidan bo'lmagan narsalar, Rasululloh ta'kidlarida kelganidek, afv etilgan. To'rt buyuk faqih shu yo'nalishdagi eng to'g'ri yo'lni ko'rsatib berishgan ekan, uni yangidan kashf etishga urinish ayni jaholatdir;
  • o'ziga ergashmaganlarni “kofir” sanaydi. Dinimiz 99 amal kufrga, 1 gina amal imonga dalolat qilsa, imonga hukm qilishga o'rgatadi. Bu toifa vakillari esa bu ishning ziddini qiladi. O'zining g'oyasi Alloh huzurida eng maqbul va ma'qul ekaniga aniq dalil bo'lmagani holda, qabul qilmaganlarni kofir, deb atash ulkan adashish va chuqur ilmsizlik hisoblanadi;
  • jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan dinlararo adovat uyg'otishga, jamiyatlarni notinch qilishga urinadi;
  • boshqa din vakillariga murosasiz va hatto shariat hukmlarini ular o'ylagandek to'liq bajarmayotgan musulmonlarga nisbatan ham zo'ravonlik siyosati olib boradi. Rasululloh “La ilaha illalloh”, degan insonni o'ldirgan Usoma ibn Zaydni qattiq tanqid qilganlar. Shunda Usoma: “Endi hech qachon “La ilaha illalloh” degan kishini o'ldirmayman”, – deb va'da bergan.

Demak, biz bugun har qachongidan ham hushyor bo'lishimiz, yoshlarni turli buzg'unchi oqimlar ta'siridan asrashimiz shart. Tarixning achchiq sabog'i shuni ko'rsatadiki, agar yana beparvo bo'lsak, har ishi soxta bo'lgan soxta salafiylar kirdikorlarini, nayranglarini boshlab yuborishadi.

 

Mansur O'ROLOV,

Toshkent shahridagi “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom-xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   50743   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari