Ikki Muqaddas Masjid Bosh raisligi ma'lum qilishicha, Makkadagi Masjidul Haromning 210 ta darvozasiga mo'minlarga xizmat ko'rsatishni yaxshilash uchun 600 dan ortiq xodim joylashtirilgan. Bu haqda islam.ru ma'lum qilgan.
Masjid Harom darvozalari bo'limi boshlig'i Fahad Al-Malikiyning aytishicha, darvoza xodimlari ziyoratchilar va namozxonlar masjidga yuk, oziq-ovqat va boshqa taqiqlangan narsalarni olib kirmasligini, uning tozaligini, odamlarning qulay va xavfsiz ibodat qilishlarini ta'minlaydi.
Uning qo'shimcha qilishicha, masjiddagi darvozalarning nomlari va raqamlari namozxonlarning adashib qolishining oldini oladi hamda ularning harakatlanishi va chiqishini osonlashtiradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!