Hozirgi davrdagi jaholat urug'ini sochayotgan soxta ekstremistik g'oyalarga ma'rifiy jihatdan kurashda islom dinimiz tarixiy taraqqiyotida ham shaklan boshqacharoq ko'rinishda bo'lsa-da, lekin mazmunan aynan shunday ekstremistik g'oyalar oldin ham bo'lganiga guvoh bo'lamiz. Dinimiz tarixiga nazar solar ekanmiz, yana shunga amin bo'lamizki, sog'lom idrok, sog'lom haqiqat va g'oyalar soxta g'oyalar ustidan hamisha g'alaba qozonib kelgan. Islom dinimiz rivojiga buyuk hissa qo'shgan bobokalonimiz Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosida soxta g'oyalarga qarshi ish olib borgan kurashini ko'rish mumkin. U kishining «Kitob at-tavhid» asarida soxta ta'limotlarga ergashishni oldini olishda ishonchli dalillardan keltirib, bu yo'ldagi barcha xatoliklar sababini aniq ko'rsatib berganiga guvoh bo'lamiz: «Taassub, bu ko'r-ko'rona taqlid bo'lib, u juda keng tarqalgan illatdir, ya'ni bunda juda ko'pchilik biron-bir ma'naviy yoki diniy yo'lboshchiga, uning fikrlari mazmun-mohiyatini tushunmagan holda qo'shilishga engib bo'lmas moyillik bildiradi. Mana shu sabab natijasi o'larok, har bir firqa va har bir yo'nalish shu paytga qadar o'z tarafdorlariga ega bo'lib kelmoqda. Bu muxlislar qachondir qabul qilingan soxta ta'limotga sadoqatda qat'iylik namoyish etmoqdalar va yana o'zlarini haqiqatning yagona egalari hisoblamoqdalar», — degan fikrlari bugungi diniy-ekstremistik guruhlarga aytilgandek seziladi. Moturidiy bobomiz o'sha davrdagi islom ichidagi soxta oqim va firqalarning haqiqiy mohiyatini ochib bergan. Bunday oqimlar o'sha davrda ham ko'p bo'lgan. Shunga qaramasdan ezgulik bilan yovuzlik jamiyatda hamisha yonma-yon kurashib, bu kurashda ezgulik g'alaba qilib kelgan. Shu ma'noda bugungi jaholat yo'liga kirgan, dinni niqob qilib olgan halqaro terrorizmga qarshi kurashdagi ma'rifiy yo'llaridan biri o'zbek xalqining milliy va islom diniy qadriyatlari, ularga tayanib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, ajdodlarga sadoqat, zo'ravonlikka nafrat ruhida tarbiyalovchi, ularni ezgulik va bunyodkorlikka da'vat etuvchi bitmas-tuganmas kuch-qudrat manbai sifatida qaralishi lozim. Ular nafaqat mafkuraviy bo'shliqning yuzaga kelishiga, balki ming yillardan beri halol mehnati va olamshumul kashfiyotlari bilan jahon taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shib kelayotgan o'zbek xalqining harakterli xususiyati (mentaliteti) ga tamomila zid bo'lgan terrorchilik g'oyalarining kirib kelishi va yoshlar ongini zaharlashga qarshi qaratilgan mustahkam qalqon bo'lib hizmat qilishi mumkin.
Milliy – diniy qadriyatlarimizni har qanday soxta yovuz g'oyalardan saqlash va himoya qilishda Islom dini o'z ta'limotlaridan Qur'oni karim va hadislardan ma'rifiy jihatdan foydalanib, har qanday sharoitda ham terroristik harakatlarni qoralab, nohaq to'kilgan qon kimning qoni bo'lishdan qat'iy nazar eng og'ir gunoh hisoblaydi. Qur'onni Karimning «Moida» surasida 33-oyatda bu fikrning isboti o'z aksini topgan: «Biror jonni o'ldirmagan, buzg'unchilik, qaroqchilik kabi fasod ishlarni qilmagan insonni o'ldirgan odam huddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot bahsh etgan odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir».
Payg'ambarimiz (s.a.v): «Yov bilan harbiy to'qnashuvni orzu qilmangiz, balki Allohdan xotirjamlik va osudalik tilangiz», deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Bugungi kunda islom dinining qanchalik insonparvar, mehr-shafqatga chaqiradigan, taraqqiyparvar va ma'rifatparvar dinligini yoshlarimiz anglab etgandagina turli islom niqobidagi ekstremistik jaholat yo'liga kirgan g'oyaviy kuchlarga nafrat bilan qaraydi, shuningdek, biz imom-xatiblar ham vatandoshlarimizga va yoshlarimizga asl islomning mohiyati va mazmunini asl holatda anglata olgandagina to'la maqsadimizga erishamiz.
M.Avezov
Imom Faxriddin ar-Roziy islom
bilim yurti mudarrisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati