frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Shahidlik maqomi

23.08.2022   2869   5 min.
Shahidlik maqomi

Hozirda ba'zi guruh yoki shaxslar tomonidan “o'z-o'zini o'ldirish” tushunchasi shahidlik deb noto'g'ri talqin qilinmoqda. Aslida bu harakatlar ham shaxsning o'z hayotiga tajovuz qilishi bo'lib, Qur'on va Sunnatga ko'ra o'z joniga suiqasd qilish hisoblanadi. Dunyoning ba'zi davlatlarida hokimiyatga erishish uchun islom dinini niqob qilib olgan buzg'unchi kuchlar tomonidan musulmon shaxsning ma'lum maqsadlar yo'lida “o'zini-o'zi o'ldirish”i “shahidlik amaliyoti” deb baholanishi ayni adashishdir. Islom ulamolari tomonidan mazkur “kuchlar”ning o'z harakatlarini oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillari qoralangan va asossiz deb topilgan. Ibn Hazm aytadilar: “Fuqaholar shaxsni o'zini-o'zi o'ldirishi, a'zolaridan birortasini kesishi, ayniqsa, kessa og'rig'i hayot uchun juda ham xavfli bo'ladigan a'zosini kesib davolamasdan o'zini-o'zi qiynashi halol emasligiga ittifoq qilishgan”.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlaridek quyidagi kimsalar shahidlik maqomiga ega bo'ladilar:

اَلطَّاعُونُ وَ الْغَرِقُ وَ الْبَطِنُ وَ الْحَرِقُ وَ النُّفَسَاءُ شَهَادَةٌ لِأُمَّتِي

«Vaboga yo'liqib o'lish, suvga cho'kib o'lish, qorin og'rig'i bilan o'lish, olovga kuyib o'lish, ayollar nifos paytida, ya'ni bola tug'ayotganida o'lishi ummatimning shahidligidir!»

Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam quyidagicha sanaganlar:

اَلْقَتَيِلُ فِي سَبِيلِ اللهِ شَهِيدٌ، وَ الْمَبْطُونُ شَهِيدٌ، وَ الْمَطْعُونُ شَهِيدٌ، وَ الْغَرِيقُ شَهِيدٌ، وَ النُّفَسَاءُ شَهِيدَةٌ

«Alloh yo'lida yurganida o'ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og'rig'i bilan o'lgan kimsa shahiddir, o'latga yo'liqib o'lgan shahiddir, suvga g'arq bo'lib o'lgan shahiddir, ayollar tug'ayotganida o'lsa shahiddir»

Homiladorlik jihod bilan tenglashtirilgan, homilador ayol tug'sa, shahidlik savob beriladi unga. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bunday hadislari bor:

إِنَّ شُهَدَاءَ أُمَّتِي إِذَنْ لَقَلِيلٌ: اَلْمَقْتُولُ فِي سَبِيلِ اللهِ شَهِيدٌ وَ الْمَرْءُ يَمُوتُ عَلَى فِرَاشِهِ فِي سَبِيلِ اللهِ شَهِيدٌ وَ الْمَبْطُونُ شَهِيدٌ وَ اللَّدِيغُ شَهِيدٌ وَ الْغَرِيقُ شَهِيدٌ وَ الشَّرِيقُ شَهِيدٌ وَ الَّذِي يَفْتَرِسُهُ السَّبُعُ شَهِيدٌ وَ الْخَارُ عَنْ دَابَّتِهِ شَهِيدٌ وَ صَاحِبُ الْهَدَمِ شَهِيدٌ وَ صَاحِبُ ذَاتِ الْجَنْبِ شَهِيدٌ وَ النُّفَسَاءُ يَقْتُلُهَا وَلَدُهَا نَحَرَهَا بِسَرَرِهِ إِلَى الْجَنَّةِ

«To'g'ri, ummatimning shahidlari oz bo'ladi. Alloh yo'lida yurganda o'ldirilgan kimsa shahiddir; inson o'z to'shagida Alloh yo'lida yotganida o'lsa, shahiddir; qorin og'rig'i bilan o'lgan kimsa shahiddir; chayon yoki ilon chaqqanidan o'lgan kimsa shahiddir; suvga g'arq bo'lib o'lgan kimsa shahiddir; yirtqich hayvon tashlanganidan o'lgan kimsa shahiddir; ulovidan yiqilib o'lgan kimsa shahiddir; vayrona ostida qolib o'lgan kimsa shahiddir; zotiljam kasaliga yo'liqqanidan o'lgan kimsa shahiddir; nifosli ayol bolasi tufayli vafot qilsa, u ham shahiddir: u ayolning bunday qiyinchilikdagi vafoti uni jannatga olib boradi»

Tinch aholi orasiga kirib o'zini portlatgan shaxs, ham o'z joniga va ham o'zgalar joniga tajovuz qilgan bo'ladi. Bu holatda unga shahidlik emas, balki gunohkorlik maqomi beriladi. Alloh taolo Moida surasi 32-oyatida:

«من قتل نفسا بغير نفس او فساد في الارض فكأنما قتل الناس جميعا»

“Kim bir jonni nohaqdan yoki er yuzida fasod qilmasa ham o'ldirsa, xuddi hamma odamlarni o'ldirgan bo'ladi”, deb ogohlantirgan.

 

Halqimiz e'tiqodini turli g'arazli xurujlar va hamlalardan himoya qilish, yoshlarga dinimizning asl mohiyatini to'g'ri tushuntirish, musaffo islom g'oyalarini aholi, xususan, yoshlarga to'g'ri tushuntirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridandir.  Shunday ekan doimo hushyorlik va ogohlikni, yoshlar tarbiyasiga mas'uliyat bilan yondashishni shu yo'l bilan jaholatga ma'rifatni qarshi qo'yib, ular qalbini chetdan bo'layotgan barcha xurujlardan qat'iy himoya etishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'yishimiz lozimdir.

 

Jo'ybori Kalon ayol-qizlar islom 

ta'lim muassasasi o'qituvchisi:  I.Usta-Alimova 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Vaqf" fondi va Turkiya diyonat vaqfi hamkorligi yangi bosqichda

28.08.2026   83931   1 min.

Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.


Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.


Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati