O'zbekistonning Qohira shahridagi elchixonasi Misrdagi eng ommabop telekanallardan biri - “MBC Egypt T.V.” vakillari bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Suhbat davomida O'zbekistonda badiiy va hujjatli fil'mlarni suratga olish bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi.
“MBC Egypt T.V.” vakillari tomonidan Shayx Abdulbosit Abdulsamadning hayoti va faoliyatini o'zida aks ettiradigan “Rafiq al-Darb” hujjatli fil'mini Buxoro va Samarqand shaharlarida suratga olishga qiziqish bildirildi.
Fil'mning ayrim qismlarini joriy yil avgust-sentyabr' oylarida O'zbekistonda tasvirga olish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, Shayx Abdulbosit Abdulsamad 1927 yilda Misrning janubida joylashgan Qina muhofazasida tug'ilgan. U Qur'oni Karimni 6 yoshida yod olib, 24 yoshida radio orqali qiroat qilib arab-islom mamlakatlarida dovruq qozongan. U hayoti davomida sobiq SSSR, AQSh, Osiyo va Yaqin Sharq davlatlariga bir necha bor safar qilgan. Shayx Abdulbosit Abdulsamad yangi tarixdagi eng nomdor Qur'on qiroatchilaridan biri hisoblanadi. U 1988 yilda vafot etgan.
Misrlik ijodkorlarning mamlakatimizga safari doirasida Samarqand va Buxoro shaharlaridagi islomiy qadamjolar, Toshkent viloyatidagi tabiat manzaralari hamda O'zbekiston davlat mustaqilligiga bag'ishlangan alohida ko'rsatuvlarni suratga olish va shu orqali O'zbekistonga arab dunyosidan keladigan sayyohlar oqimini oshirish hamda ziyorat turizmini yanada ommalashtirish rejalashtirilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Cavol: Namoz o‘qiyotganimda bolam ro‘molimni tortib yechib yubordi. Namozim nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra namozda berkilishi shart bo‘lgan a’zolardan birining to‘rtdan bir va undan ko‘p qismi uch tasbeh (Subhanalloh) aytish muddaticha ochiq tursa, namoz buziladi. Agar uch tasbeh aytish muddatiga yetmasdan, bir qo‘lda yengil harakat bilan yopib olsa, namoz buzilmaydi. Sizdagi holat ham mana shu hukmga tushadi. Bu holatda ro‘molning o‘zi tushib ketishi yoki kimningdir tushirib yuborishi o‘rtasida farq yo‘q (“Muxtasar fil fiqhil hanafiy”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.