Hozirgi zamon ulamolari ilgari surayotgan fikrga ko'ra barcha davlatlar BMTga a'zo bo'lib, mazkur tashkilot xartiyasini imzolagandan so'ng musulmon davlatlar uchun birorta davlat doru-l-harb hisoblanmaydi, balki, hatto musulmonlar yurti bo'lmagan diyorlar ham doru-l-ahd (o'rtada tinchlik va sulh ahdi bo'lgan diyor) hisoblanadi, binobarin, u yurtlarga hujum qilish yoki o'sha yurtga borganda ularning qonunlarini buzish shar'an harom bo'ladi.
Shuningdek, fuqaholardan bir toifasi hozirgi kunda aholisining aksariyati musulmon bo'lgan har qanday mamlakatni doru-l-islom hisoblanishini ilgari suradilar.
Zamonamiz ulamolaridan Yusuf Qarazoviyga ko'ra bugungi kunda er yuzida birorta ham doru-l-harb yo'q. Balki, musulmonlar uchun dunyoning barcha mamlakati, jumladan aholisining aksariyati musulmon bo'lmagan diyorlar ham doru-d-da'va (ya'ni da'vatni etkazish diyori) hisoblanadi.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, bugungi kunga kelib «dorul harb» yoki «dorul kufr» kabi tushunchalar o'z ahamiyatini yo'qotgan. Chunki, ular ma'lum marhala va davrga xos bo'lgan tushunchalar edi.
Boz ustiga qaysidir davlat dorul harb yoxud dorul kufr deb e'tibor qilinishi uchun avval boshqa bir davlat dorul islom deb e'tibor qilinishi kerak bo'ladi. Chunki, mazkur tushunchalar bir-biriga qarama-qarshi tushunchalar sifatida vujudga kelgan bo'lib, biri bo'lmasa boshqasi ham bo'lmasligi kerak.
Vaholanki, bugun hammayoqni dorul harb yoki dorul kufr deb da'vo qilayotganlar birorta davlatni dorul islom deb atamaydilar. Demakki, ular uchun dunyoda dorul islom deyishga loyiq bir davlatning o'zi yo'q. Agar shu mantikdan kelib chiksak, dunyoda dorul harb yoki dorul kufr ham bo'lmasligi kerak. Zero, bu tushunchalar «dorul Islom» atamasiga qarama-qarshi yu narsalar sifatida muomalaga kiritilgan.
Yuqoridagilardan biz uchun eng kamida shu narsa oydinlashadiki, O'zbekiston kabi aholisining aksariyati musulmon bo'lgan, fuqarolari bemalol o'z dinlariga amal qilib yurgan, yiliga yangi yangi jome' masjidlar qurilayotgan joylarni aslo doru-l-harb yoki doru-l-kufr deb atash mumkin emas. Balki, bunday yurtlar Islom diyori hisoblanadi.
Binobarin, bunday mamlakatlarga hujum uyushtirish, turli terrorchilik harakatlarini sodir qilish aslo joiz emas (holbuki, Islom diyori bo'lmagan mamlakatlarga nisbatan ham mazkur jinoyatlarni amalga oshirish shar'an aslo mumkin emas), va unday joydan hech qayerga hijrat qilish ham farz emas.
Abdurahmonov Muhammadxon
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati