Bugun, 12 avgust kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Nur-Sulton shahridagi yirik jome masjidning ochilish marosimida ishtirok etib, nutq so'zladilar.
Muftiy hazratlari dastlab o'z so'zida Islom olamining muborak muharram oyi bilan barcha yig'ilganlarni qutladilar. Bunday ulug' oyda Allohning yangi baytining ishga tushishi katta ne'mat ekanligini ta'kidlab, yangi masjid bilan Qozog'iston xalqini muborakbod etdilar. Shuningdek, Muftiy hazrat so'zlari davomida o'zbek va qozoq xalqlarining ko'p asrlik qardoshligi haqida ham to'xtalib, tili, an'ana va urf-odatlari bir-biriga o'xshash ikki el tarixiy taraqqiyotning barcha yo'nalishlarida o'zaro hurmatda, qavmu qarindosh bo'lib, tinch-totuv hayot kechirayotgani haqida iliq fikrlarni bildirdilar.
Shu bilan birga masjid bino qilishning fazilati xususida ham so'z yuritib, Alloh taolo masjidni obod qiluvchilarga buyuk mukofotlar va'da qilgani, bu haqda Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Alloh roziligini istagan holda bir masjid qursa, Alloh taolo uning uchun xuddi shunday uyni jannatda barpo etadi” (Imom Buxoriy rivoyati) deganlarini keltirib, mazkur hadisni sharhlab berdilar.
Muftiy hazrat so'zlari yakunida kelgusida ushbu masjid ma'rifat tarqatishi, hidoyat maskani bo'lishi, musulmon ummati birligi yo'lida xizmat qilishini so'rab duo qildilar.
Shuningdek, ochilish marosimida Qozog'istonning Birinchi prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarbayev, Misr bosh imomi o'rinbosari, Azhari sharif vakili, doktor Muhammad Abdurrahmon ad-Duvayniy, Rossiya musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Damir hazrat Muhitdinov, Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir hoji Rakiyev, Mongoliya musulmonlari idorasi raisi, muftiy Botirbek hoji Hadis , Birlashgan Arab Amirligi Islom ilmlar markazi rahbariyati, Qozog'istondagi turli arab va musulmon davlatlari elchilari, davlat va din arboblari, ulamolar, imom-xatiblar va ekspertlar ishtirok etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV