Taniqli ma'rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan chuqur ma'noli so'zlari naqadar haqiqat ekanini bugun, har qachongidan ham yaxshi anglaymiz.
Tarbiya masalalariga e'tiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan ko'ngilsizliklar ham, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga ayon. Ammo bugun kishilarimizga ana shu hakikatni aytsangiz sizga: “Nima qilay, ishlamasang bo'lmasa!”, “Ko'ryapsiz-ku, osonmas, hayot tashvishlari, bolalarning eb-ichishiyu, kiyim kechagi ...”, “Ha endi o'zi omon bo'lsa, tarbiyasi bir gap bo'lar...”.
Yo'q, tarbiya “bir gap bo'ladigan” narsa emas! Uning uchun jon kuydirish shart. Mol dunyo kiyim kechakka hirs qo'yish dardidan forig' bo'lib, tarbiya bilan shug'ullanish kerak.
Go'yo ko'pchilikning farzand tarbiyasi bilan band bo'lishga ortiqcha vaqti yo'q emish. Vaholanki, tarbiya masalalari bilan ortiqcha vaqtda emas, har daqiqada shug'ullanish darkor. Olimlar bir sutkada farzand tarbiyasi uchun faqatgina o'n ikki daqiqagina vaqt ajratadigan ota-onalar bor ekanini aniqlaganlar. Bu daqiqalar ham asosan dasturxon atrofida o'tirganda, bola ko'chaga chiqayotganda, maktabga ketayotgandan beriladigan kichik tanbehlarga sarf bo'lar ekan, xolos.
Buyuk vatandoshimiz Imom G'azzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o'rgatilsa, shu bilan o'sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo'ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o'z holiga tashlab qo'yilsa, oxir-oqibat halok bo'ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo'lganlarning gardaniga tushadi”.
Aziz ota onalar, bu borada olib borayotgan ishlaringizga bir nazar tashlab ko'ring-a?! Siz buni qay daraja uddalayapsiz, farzandingizga, uning tarbiyasiga qancha vaqt ajratyapsiz?
Zero, bugun ilm-fan va ta'lim izchil rivojlanib borayotgan bir davrda hech shak-shubhasiz tarbiya ta'limning asosida turishi shartdir. Shunday ekan, ilm-fan ta'lim-tarbiya asosida olib borilishi maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, har bir pedagog, muallim va ustozning ta'lim berishdan maqsadi –kelajagi porloq, Vatan va el-yurt xizmatida turadigan halol kadrlarni tarbiyalash bo'lsagina, bunday ta'lim-tarbiya o'z samarasini bermay qolmaydi. Ya'ni, bugungi kunning o'qituvchi va muallimi o'zi ta'lim berayotgan shaxsga fidoyilik bilan ta'lim berishi, qolaversa jonkuyar tarbiyachi bo'lishi shart. Ayni damda tarbiya sohasida o'qituvchi va muallimlar o'quvchi yoshlarga shaxsan namuna bo'lishlari ham muhimdir!
“Ta'limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta'limdan ajratib bo'lmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi”. Shunday ekan, ta'lim va tarbiya ishini uyg'un holda olib borish talab etiladi.
Shuni unutmasligimiz kerakki, yurt kelajagi, vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning ertangi kuni qanday bo'lishi farzandlarimiz va yoshlarimizning bugun qanday ta'lim va tarbiya olishiga bog'liqdir. Shu sababli har bir ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo shaxsni ko'rishi zarur. Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda, o'nib-o'sib kelayotgan yoshlarni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo'lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga etkazish – ta'lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo'lishi lozim, deb qabul qilishimiz kerak.
Ma'lumki, ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo'lmish ilmu ma'rifat, ta'lim va tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilgan.
Albatta, ta'lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan, ya'ni xalq ma'naviyatini shakllantiradigan va boyitadigan eng muhim omildir. Binobarin, ta'lim-tarbiya tizimini va shu asosda ongni o'zgartirmasdan turib, ma'naviyatni rivojlantirib bo'lmaydi.
Hulosa o'rnida shuni aytish kerakki, farzandlarimizni ilm-fan va ta'lim-tarbiya asosida voyaga etkazish maqsadga muvofiq ekan, o'z o'rnida tarbiya esa ma'naviyat bilan chambarchas bog'liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz ta'lim-tarbiyasida esa ma'naviy tarbiya katta ahamiyatga ega.
Eng muhimi, farzandlarimizni sog'lom, komil inson qilib tarbiyalaylikki, ular o'z ota-bobolariga, tariximizga, Vatanimizga, ona tilimizga, o'z milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimiz an'analariga sodiq bo'lishsin.
O'tkir G'UZAROV,
“Hoja Buxoriy” nomli o'rta maxsus
islom bilim yurti mudiri
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati