frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Faqihlik muhaddislikdan a'lodir

08.08.2022   2006   4 min.
Faqihlik muhaddislikdan a'lodir

Bugungi kunda dinimiz ilm fanining hamma sohasi: tafsir, hadis, aqoid, fiqh, tasavvuf, ijtimoiy odob-axloq, islom tarixi, faroiz kabi islomiy fanlarga oid asarlarni o'z ona tilimizda topib o'qish qiyin bo'lmay qoldi. Diniy adabiyotlarni tarjima qilishda, ona tilimizda diniy asar yozishda marhum Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hazratlarining beqiyos xizmatini alohida tilga olmasdan iloj yo'q. O'zbekiston diniy idorasi xodimlari tarafdan ham juda yaxshi diniy adabiyotlar kundan kunga xalqimizga etkazib berib borilyapti. “Hidoyat”, “Islom nuri” kabi davriy nashrlarning ham alohida o'rni bor. Buning natijasida xalqimizning diniy saviyasi kundan-kunga ortib bormoqda.

Tashqi qiyofasidan hamma qatori oddiy insondek tuyulsada, lekin anchagina oyat-hadislarni, ko'plab nozik aqidaviy va fiqhiy masalalarni o'zlashtirib olgan odamlarni uchratish bugun oddiy holga aylanib ulgurdi. Alhamdulillah! Bu quvonchli hol, albatta… Shu o'rinda kamina xodimingiz o'zbek tilidagi adabiyotlar orqali diniy ilmini oshirib borayotgan ilm toliblariga muhim bir ma'lumotni etkazishni lozim deb bildim. U ham bo'lsa, Islom fiqhining o'rni hadisshunoslikdan yuqori ekani, faqihning fikri muhaddisning fatvosidan ustun ekanidir! Mazhab ahamiyatiga e'tiborsiz yosh toliblar orasida “Rasulullohning hadisi turganda falonchi faqihning fatvosiga balo bormi?!…” va hokazo, fuqohalar qadrini tushuruvchi beodob gaplar ko'payib qolyapti. Bu ham aslida salafiylar tarafdan xalq orasiga suqib kirgizilgan fitna. Buning ortidan yuqorida aytganimizdek fiqh va fuqaholarga nisbatan hurmatsizlik shakllanib bormoqda. Ayniqsa o'zlarini “ahli hadis” deb tanishtiruvchi mazhabsizlar orasida bu hol ko'p uchraydi. Ularning mazhabboshimiz imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh sha'niga hurmatsizlik bilan “Abu Hanifa hadisni bilmasdi”, degan bo'htonlari kishining ensasini qotiradi.

Azizlar! Aslida faqihlar muhaddislardan, fiqh ilmi hadisshunoslikdan ustundir! Hadis dunyosida shuhrati etti iqlimga ketgan yirik hadisshunos tarixiy olim, sanoqsiz olimlarning katta ustozi imom A'mash rahmatullohi alayh fuqaholarning qadri muhaddislarnikidan baland ekanini, hadislarning asl mazmun-mohiyatini hadisshunoslardan ko'ra faqihlar teranroq anglashini e'tirof etgan ekan:

1. Imom A'mash rahmatullohi alayhdan bir fiqhiy masalaga echim so'raladi. U kishi esa: “Buning javobini No''mon ibn Sobit yaxshi biladi. Uni bu sohada barakali ma'lumotga ega, deb bilaman”, deb javob bergan. (al-Hayrot al-hisan).

2. Bir kuni imom A'mash Abu Hanifaga falon masalada fikringiz qanday, deb savol qildi. Abu Hanifa unga qoniqarli javob qildi. A'mash hayron qolib: «Buni qayerdan bilasiz?», dedi. U: «Siz rivoyat qilgan falon hadisdan», dedi. Shunda imom A'mash: “Ey fuqaholar! Sizlar go'yoki tabibsizlar! Biz esa oddiy dorishunosmiz xolos!”, deydi. Ya'ni, biz hadislarni yodlaymiz, ularning sahih va zaiflarini ajratamiz. Ammo ulardan shar'iy masalalarni chiqarishni esa sizlardek uddalay olmaymiz. Huddi dorishunoslar dori vositalarining tarkibini aniq bilsalar-da, ammo qaysi dardga davo bo'lishini tabiblardek yaxshi bilmagani kabi. (Kitobus-siqot. Imom Ibn Hibbon).

3. Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadi: imom A'mash mendan bir masala so'radi. Unga javobini batafsil aytib berdim. U: «Buni nimaga asoslanib aytmoqdasan?», dedi. Men: «Siz rivoyat qilgan falon hadisga asosan», deb o'sha hadisni ham aytib berdim. Shunda u: “Ey Ya'qub, men bu hadisni yod olganimda hali sening otang bilan onang birlashmagan edi. Lekin uning ta'vilini mana bugun sendan anglab etdim”, deydi. (Axboru Abi Hanifa va ashobih).

4. Imom Omir ash-Sha'biy aytgan ekan: “Biz faqih emasmiz. Balki biz hadislarni tinglab, yodlab faqihlarga etkazib beruvchi roviylarmiz xolos”. (at-Taqlidush-shar'iy va ahamiyatuhu fil-islam).

 

✍️ Haybatullo RAShIDOV - Sho'rchi tumani “Tolli ota jome masjidi” imom xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

18.08.2026   457   1 min.
Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.

Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.

Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.

“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.

Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.

“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.

Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.

Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.

Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari