Bugungi kunda dinimiz ilm fanining hamma sohasi: tafsir, hadis, aqoid, fiqh, tasavvuf, ijtimoiy odob-axloq, islom tarixi, faroiz kabi islomiy fanlarga oid asarlarni o'z ona tilimizda topib o'qish qiyin bo'lmay qoldi. Diniy adabiyotlarni tarjima qilishda, ona tilimizda diniy asar yozishda marhum Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hazratlarining beqiyos xizmatini alohida tilga olmasdan iloj yo'q. O'zbekiston diniy idorasi xodimlari tarafdan ham juda yaxshi diniy adabiyotlar kundan kunga xalqimizga etkazib berib borilyapti. “Hidoyat”, “Islom nuri” kabi davriy nashrlarning ham alohida o'rni bor. Buning natijasida xalqimizning diniy saviyasi kundan-kunga ortib bormoqda.
Tashqi qiyofasidan hamma qatori oddiy insondek tuyulsada, lekin anchagina oyat-hadislarni, ko'plab nozik aqidaviy va fiqhiy masalalarni o'zlashtirib olgan odamlarni uchratish bugun oddiy holga aylanib ulgurdi. Alhamdulillah! Bu quvonchli hol, albatta… Shu o'rinda kamina xodimingiz o'zbek tilidagi adabiyotlar orqali diniy ilmini oshirib borayotgan ilm toliblariga muhim bir ma'lumotni etkazishni lozim deb bildim. U ham bo'lsa, Islom fiqhining o'rni hadisshunoslikdan yuqori ekani, faqihning fikri muhaddisning fatvosidan ustun ekanidir! Mazhab ahamiyatiga e'tiborsiz yosh toliblar orasida “Rasulullohning hadisi turganda falonchi faqihning fatvosiga balo bormi?!…” va hokazo, fuqohalar qadrini tushuruvchi beodob gaplar ko'payib qolyapti. Bu ham aslida salafiylar tarafdan xalq orasiga suqib kirgizilgan fitna. Buning ortidan yuqorida aytganimizdek fiqh va fuqaholarga nisbatan hurmatsizlik shakllanib bormoqda. Ayniqsa o'zlarini “ahli hadis” deb tanishtiruvchi mazhabsizlar orasida bu hol ko'p uchraydi. Ularning mazhabboshimiz imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh sha'niga hurmatsizlik bilan “Abu Hanifa hadisni bilmasdi”, degan bo'htonlari kishining ensasini qotiradi.
Azizlar! Aslida faqihlar muhaddislardan, fiqh ilmi hadisshunoslikdan ustundir! Hadis dunyosida shuhrati etti iqlimga ketgan yirik hadisshunos tarixiy olim, sanoqsiz olimlarning katta ustozi imom A'mash rahmatullohi alayh fuqaholarning qadri muhaddislarnikidan baland ekanini, hadislarning asl mazmun-mohiyatini hadisshunoslardan ko'ra faqihlar teranroq anglashini e'tirof etgan ekan:
1. Imom A'mash rahmatullohi alayhdan bir fiqhiy masalaga echim so'raladi. U kishi esa: “Buning javobini No''mon ibn Sobit yaxshi biladi. Uni bu sohada barakali ma'lumotga ega, deb bilaman”, deb javob bergan. (al-Hayrot al-hisan).
2. Bir kuni imom A'mash Abu Hanifaga falon masalada fikringiz qanday, deb savol qildi. Abu Hanifa unga qoniqarli javob qildi. A'mash hayron qolib: «Buni qayerdan bilasiz?», dedi. U: «Siz rivoyat qilgan falon hadisdan», dedi. Shunda imom A'mash: “Ey fuqaholar! Sizlar go'yoki tabibsizlar! Biz esa oddiy dorishunosmiz xolos!”, deydi. Ya'ni, biz hadislarni yodlaymiz, ularning sahih va zaiflarini ajratamiz. Ammo ulardan shar'iy masalalarni chiqarishni esa sizlardek uddalay olmaymiz. Huddi dorishunoslar dori vositalarining tarkibini aniq bilsalar-da, ammo qaysi dardga davo bo'lishini tabiblardek yaxshi bilmagani kabi. (Kitobus-siqot. Imom Ibn Hibbon).
3. Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadi: imom A'mash mendan bir masala so'radi. Unga javobini batafsil aytib berdim. U: «Buni nimaga asoslanib aytmoqdasan?», dedi. Men: «Siz rivoyat qilgan falon hadisga asosan», deb o'sha hadisni ham aytib berdim. Shunda u: “Ey Ya'qub, men bu hadisni yod olganimda hali sening otang bilan onang birlashmagan edi. Lekin uning ta'vilini mana bugun sendan anglab etdim”, deydi. (Axboru Abi Hanifa va ashobih).
4. Imom Omir ash-Sha'biy aytgan ekan: “Biz faqih emasmiz. Balki biz hadislarni tinglab, yodlab faqihlarga etkazib beruvchi roviylarmiz xolos”. (at-Taqlidush-shar'iy va ahamiyatuhu fil-islam).
✍️ Haybatullo RAShIDOV - Sho'rchi tumani “Tolli ota jome masjidi” imom xatibi
Kuvayt universiteti Til markazi direktori, doktor Holid Al-Fadli mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Mustaqillikning 35 yillik bayrami munosabati bilan yaqin do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqini chin dildan samimiy muborakbod etaman. O‘zbekistonlik barcha birodarlarimizga yuksak taraqqiyot, farovonlik, tinchlik-xotirjamlik va yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Biz O‘zbekiston bilan azaldan mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va samimiy mehr-oqibat rishtalariga egamiz. Ushbu muborak zamindan ko‘plab buyuk va mashhur islom ulamolari yetishib chiqqan. Bu bebaho ilmiy va ma’naviy meros nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulkan boylik hisoblanadi.
Kuvayt universiteti va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin va samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganidan mamnunmiz. Ko‘p yillardan buyon o‘zbekistonlik talabalar yurtimizda, xususan, Kuvayt universitetida arab tili va madaniyatimiz bo‘yicha o‘z bilimini oshirib kelmoqda. Ular bir o‘quv yili davomida, ya’ni uch semestr mobaynida arab tilini puxta o‘rganish bilan birga, Kuvayt madaniyati, tarixi va jamiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.
O‘zbek talabalari bilan muloqotlar davomida ularning ta’lim va ilmga juda katta qiziqish hamda ishtiyoq bilan yondashishiga alohida e’tibor qaratdim. Ular nafaqat arab tilini o‘rganish, balki boshqa xalqning madaniyati, san’ati, iqtisodiyoti va rivojlanish tendensiyalarini chuqur anglashga intilayotgani quvonarli.
Arablar va o‘zbek xalqi o‘rtasida asrlar davomida shakllangan chuqur tarixiy, ilmiy va ma’naviy aloqalar mavjud. Men ushbu do‘stona va qardoshlik rishtalari kelgusida yanada mustahkamlanib, yangi mazmun bilan boyishini istayman. Bu borada xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Kuvaytdagi O‘zbekiston elchixonasi tomonidan bildirilayotgan tashabbus va takliflarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishga yanada katta e’tibor qaratish zarur. Biz ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar va istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdormiz.
Yana bir bor, qardosh O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yillik qutlug‘ bayrami bilan qutlayman. Alloh taolo qardosh O‘zbekiston diyoriga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik, taraqqiyot va ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati