Prezident Shavkat Mirziyoevning
O'zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigidan.
Bismillahir Rohmanir Rohim. Haj mavsumi — ulug' amallar ado etiladigan, oliy maqsadlar, ezgu niyatlar ushalishi so'raladigan, duo-tilaklar ijobat bo'ladigan palla. Shu bois, har bir mo'min-musulmon kishi umri davomida bir marta bo'lsa-da, Ka'batullohni tavof qilishni, Arafotda turishni, Safo va Marva tepaliklarida sa'y qilishni orzu etadi. Zotan, haj inson hayotini yaxshiliklar sari tubdan o'zgartiradigan, bir so'z bilan aytganda, Jannat mukofoti va'da qilingan buyuk ibodatdir.
Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir”, “Kim Alloh uchun haj qilib, fahsh so'z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasidan yangi tug'ilgandek bo'lib qaytadi”, deb marhamat qilganlar. Demak, go'zal odob, chiroyli xulq va chin ixlos ila qilingan hajning mukofoti jannatdir.
Tabiiyki, ana shunday buyuk ibodatni ado etish uchun yurtimiz mo'min-musulmonlariga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlarni, bu borada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni e'tirof etish zarur.
Keyingi yillarda Haj va Umra safarlarini yuqori darajada tashkil etishga katta e'tibor qaratilmoqda. Natijada yurtimizdan umraga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar yuborildi va haj qiluvchilar soni 2016-yilda 5200 nafar, 2017-yilda 7200 nafarni tashkil etgan bo'lsa, bu yil 12 ming nafardan oshdi.
Butun dunyoda kuzatilgan pandemiya tufayli ikki yil haj ibodati ado etilmadi. O'tgan davr mobaynida davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ziyoratchilarimizga yanada mukammal sharoitlar yaratish bo'yicha pishiq-puxta ishlar qilindi. Haj ziyoratini ado etish uchun yo'lga chiqqan yurtdoshlarimizni kuzatishdan tortib, to kutib olishgacha bo'lgan jarayonlarning barchasi yuqori darajada tashkil etildi. Bu esa hojilar kayfiyatiga ko'tarinkilik, shijoatiga jo'shqinlik va risoladagidek ibodat qilishlari uchun kuch bag'ishladi.
Bu yilgi haj mavsumida o'zbekistonlik hojilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga butun dunyo musulmonlarining havasi keldi. Gap shundaki, yurtdoshlarimiz uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan, hammasi hojilar manfaatiga xizmat qiladigan, barcha sharoit yaratilgan joylarda ibodat qilishdi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan inson qadri va manfaatlari har narsadan ustunligi tamoyilining amaldagi ifodasini fuqarolarimiz bu muborak zaminda ham his etdilar.
Madinai munavvara ziyorati
Hojilarimiz ibodatlarini xotirjam bajarishlari uchun Madinai munavvarada barcha qulayliklarga ega besh yulduzli “Zamzam Pullman” va “Crown Plaza” mehmonxonalari o'zbekistonliklar xizmatida bo'ldi. Ushbu turar joy majmualarining Masjidu Nabaviyning shundoqqina yonginasida joylashgani yurtdoshlarimizning namoz va ziyoratlarni ko'proq ado etishiga imkon berdi. Ushbu mehmonxonalarda uch mahal issiq taomdan tortib, 24 soat uzluksiz tibbiy punktlargacha barcha sharoitlar muhayyo qilindi.
Odatga ko'ra, hamyurtlarimiz ziyoratni Madina shahridan boshladilar. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ushbu muborak kent islom olamining markazi, payg'ambarlik eri, vahiy manzili sifatida alohida qadrlanadi. Shu bois, dunyo musulmonlari tabarruk ziyoratgohlarni o'z bag'riga olgan, ko'plab oyatlar nozil bo'lgan mazkur shahar tomon talpinadilar.
Yurtdoshlarimiz dastlabki uch kun davomida Payg'ambar alayhissalom ravzalarini ziyorat qilib, Uhud tog'i, islom olamida birinchi qurilgan masjid — Quboda, keyin esa Qiblataynda bo'ldilar. Asosiy vaqtlarini esa Rasul alayhissalomning muborak Masjid an-Nabaviyida toat-ibodatda o'tkazdilar.
Buyuk ibodat
Madinai munavvara ziyoratini tamomlagan hamyurtlarimiz Makka shahrida izzat-ikrom ila kutib olindi. Ikki shaharning orasi 460 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofa avtobusda o'rtacha tezlikda 5-6 soatda bosib o'tiladi. Tilidan “lab-bayka” tushmagan yo'lovchilar muborak shaharga ohistalik ila kirib keldilar.
Ziyoratchilarimiz 25 qavatli, shahar kaftdek ko'rinib turadigan, barcha shart-sharoitlarga ega “Abroj al-Hidoya”da joylashdilar. Mehmonxonaning kiraverishidagi “O'zbekiston” yozuvi va davlatimiz bayrog'i har bir o'zbekistonlik hojiga o'zgacha g'ururbag'ishladi.
Ka'batullohga 24 soat davomida uzluksiz avtobus qatnovi qo'yilgani hojilarga ko'p bor Baytullohga borish uchun imkon berdi. Vatandoshlarimiz shu asnoda zulhijja oyining sakkizinchi kunida haj amallarini bajarishga kirishib, oppoq ehromlarini bog'lagan holda “labbayka” aytib, Mino vodiysi tomon yo'l oldilar. Niyat bilan ehromga kirish, Arafotda turish va Baytullohni tavof qilish hajning farzlari sanaladi.
Bu yil Mino vodiysida o'zbekistonlik hojilar uchun shinam chodirlar ajratildi. Keng va tekis hududda qad ko'targan chodirlar har yilgidan farqli ravishda yumshoq o'rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovitkichlar bilan jihozlandi. Ozoda, saranjom-sarishta ushbu maskanda salqin ichimliklar hozirlandi va samovarlarda choy qaynab turdi. Taomlar esa uch mahal har bir chodirga etkazib berildi. Allohga shukrki, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ham keng va qulay joylar hozirlashga erishildi.
Yurtimiz ziyoratchilari arafa kuni erta tongdan hajning yana bir farzini bajarish maqsadida Arafot tomon yo'l oldilar. Hadislarda keltirilishicha, Arafot eng ulug' manzillardan biri. Bu erda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo'ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g'animat bilib, undan oqilona foydalanishga intildilar.
Islom manbalarida Arafot duolar qabul va niyatlar ijobat bo'ladigan ulug' makon ekani bayon etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning eng yaxshisi Arafotda qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Haq taolo ushbu tabarruk joyda iltijo qilayotgan bandalari ila faxrlanadi va so'raganlarini ato etadi. Shundoq murodbaxsh kunlarda insonlar ota-onasi, qarindoshi, do'stu birodari va butun musulmonlar haqiga duo qilishga bor kuch-quvvatlarini sarf etadilar.
Yurtdoshlarimiz bu yil haji akbar bo'lishini eshitib, ibodatda yanada sobit turdilar. Haji akbar — eng ulug' haj, katta haj ma'nosini anglatadi. Mo'tabar kitoblarimizda bu hajning ajri va fazilati katta ekani, xususan, 70 ta hojining savobi berilishi aytilgan.
Hojilarimiz Arafot vodiysiga chiqqanlarida Allohdan, avvalo, o'zlarining gunohlarini mag'firat qilishni, dillariga tugib qo'ygan niyatlarini, yurtimizni samoviy, aroziy balolardan saqlashini so'rab, chin dildan duolar qilishdi.
Arafot vodiysida Prezidentimizning O'zbekiston xalqiga Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan yo'llagan tabrigini eshitib, hojilarimizning quvonchlari cheksiz, kayfiyatlari nihoyatda chog' bo'ldi. Zero, tabrikni yurtda eshitish boshqa, musofirchilikda, uzoq joylardan turib eshitish boshqa ekan. Tabrikni Muhammad alayhissalom tug'ilib o'sgan, Qur'oni karim nozil bo'lgan ulug' joylarda eshitish insonga o'zgacha ruh baxshida etarkan. Hojilarimizning qaysi biri bilan gaplashmang, mamnunliklarini ifoda qildi. Davlatimiz rahbarining yurtimiz mo'min-musulmonlariga ko'rsatayotgan bunday yuksak e'tibori va ehtiromi hojilarimizni ruhlantirib yubordi.
Hojilarimiz Arafot vodiysida kun botgunga qadar duo-yu tazarrularda bo'lib, Muzdalifa vodiysi tomon yo'l oldilar. Ular Qurbon hayitining uchinchi kuniga qadar muborak joylarda toat-ibodatda bardavom bo'ldilar, hajning shaytonga tosh otish, tavofi ifoza kabi qolgan ruknlarini ham ado etdilar.
Allohning mehmonlariga xizmat qilish — katta sharaf
Haj qiluvchi kishi Alloh taoloning mehmonidir. Haj amalini bajarayotgan kishiga ko'mak bergan, uning og'irini engil qilgan inson ulug' savoblarga noil bo'lishi haqida ko'plab dalillar bor. Shu ma'noda, “Haj — 2022” tashkilotchilari va ishchi guruh a'zolari ana shunday ulug' darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O'zi rozi bo'ladigan darajada sidqidildan xizmat etishga harakat qildilar. Hususan, “Haj — 2022” delegatsiyasi, ishchi guruhlar, ellikboshilar doimo ularning yonida, shifokorlar sog'liqlaridan xabardor bo'lib turdi. Oshpazlar esa ibodatga quvvat bo'ladigan tansiq milliy taomlardan tayyorlab berdi.
Ulamolarimiz, ahli ilmlarimiz va ellikboshilar ziyoratchilar bilan doimiy suhbatlar o'tkazib, ibodatlarini chiroyli ado etishlariga yaqindan ko'makchi bo'ldilar.Hojilarga sifatli transport xizmatlariko'rsatish, ularni belgilangan manzilgakechiktirmasdan etkazib qo'yish maqsadida ko'plab avtobuslar ham jalb etildi. Bizning bosh maqsadimiz ziyoratchilarning har bir qadamini osonlashtirib, ko'p vaqtini ibodatga sarflash edi va bunga Alloh muvaffaq qildi.
E'tirof...
Alloh nazari tushgan muqaddas manzil — Makkaga har yili ziyoratchilar oqib keladi. Bir xil libos, bir maqomdagi insonlarga munosabat ham bir xil. Ammo biz, o'zbekistonliklar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijliklarning ham o'zgacha mehrini har qadamda tuydik. Binobarin, musulmon olamida ulug' muhaddis Imom Buxoriy avlodlarining hurmati baland bo'lib, ularga o'zgacha havas bilan qarashadi, alohida izzat-ikrom ko'rsatiladi. Ana shunday kezda ulug' muhaddis va allomalarga beshik bo'lgan zamin farzandi ekaningdan faxrlanib ketarkansan.
O'zbekistondanligimizni bilganlar darhol yoniga chorlab, joy beradi. Ulug' allomalar etishib chiqqan yurtimizga borish, Imom Buxoriy mangu qo'nim topgan manzilni ziyorat qilish istagini aytadi. Demak, O'zbekiston yaqin kelajakda musulmon dunyosining diqqat markazidagi mo'tabar manzilga aylanishi shubhasiz.
Yurtimiz hojilari islom dinining beshinchi farzini bajarish chog'ida davlatimizning ko'magini, beqiyos g'amxo'rligini his qilib turdilar. Zotan, taraqqiyotimizning yangi davrida dinimiz arkonlarini ado etish uchun barcha shart-sharoitlar hozirlanmoqda. Pirovardida, hojilarimiz tartib, odob jihatidan, amallarni bajarish bo'yicha ham ko'pchilikka ibrat bo'ldilar.
Saudiya Arabistonining etakchi OAVlari — “Haramain Archives”, “Haramain servant”, “Alriyadh” va “Iqra” kabilar o'zbekistonlik ziyoratchilar haqida ko'p bor lavhalar namoyish etdi. Ularda hojilarning husni xulqi, o'zlarini tutishlariga alohida to'xtalinar ekan, ular munosib izzat-ikrom qilingani yuqori baholandi. Bu O'zbekistondagi islohotlarning munosib e'tirofi bo'ldi, desak ayni haqiqat.
Bularning barchasi odamlarni rozi qilish yo'lida olib borilayotgan xayrli ishlar mevasidir. Aholisi rozi yurtga Yaratgan ham ne'matlarini yog'diradi, inshaalloh.
Hojilik — ibrat maktabi
Haj qilgan kishining yuzida nur paydo bo'ladi. Hayoti farovon va osuda, yaxshi ishlarga rag'bati oshadi. Shunday qilib, yurtdoshlarimiz haj ibodatining barcha ruknlarini bajarib bo'ldilar. Ziyoratchilar safar yakunida tavofi vidoni bajarib, joriy yilning 14-iyulidan 4-avgustiga qadar navbatma-navbat ona Vatanga qaytib keldilar.
Tabarruk joylarda gunohdan pok bo'lib, yurtimizga sog'-omon qaytgan vatandoshlarimiz ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan barchaga namuna bo'lib, o'sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvar, ma'naviyatli, ma'rifatli, ota-onasiga, yurtiga xizmat qiladigan sodiq, solih farzandlar bo'lishiga o'z hissalarini qo'shadilar. Yordamga muhtoj kishilar, kambag'allar, miskin va faqirlarning holidan xabardor bo'lishga ko'proq hissa qo'shishga harakat qiladilar.
Haq taolo hamyurtlarimiz hajlarini mabrur, duolarini mustajob aylasin. Yurtimizni ofat-kulfatlardan o'zi asrasin. O'zbekistonimizning dunyo maydonida nomi va o'rni bundan-da sarbaland bo'lsin!
Dil izhorlari
Muzaffar EShMURODOV,
Navoiy viloyati:
— Allohga behisob hamdu sanolar bo'lsinki, haji akbar bo'lishdek ulug' maqom bizga nasib etdi. Bu uchun, avvalo, Yaratganga shukronalar aytamiz va bu yilgi haj mavsumini tashkillashtirgan barcha mutasaddilarga minnatdorlik bildiramiz. Chunki safar chog'ida yurtdoshlarimizga xizmat ko'rsatish uchun katta tayyorgarlikko'rilgani shundoq sezildi. Hatto boshqa mamlakat fuqarolari bizga havas bilan qaradi.
Barcha qulayliklarga ega mehmonxonada yashab, masjidda jamoa bo'lib namoz o'qishimiz, Masjidul Haramda ibodat qilmoqchi bo'lsak, tun-u kun avtobuslar qatnovi tashkil etilgani hukumatimiz ko'magi, respublika rahbariyati g'amxo'rligi deb Haq taologa shukronalar aytdik. Albatta, bunday qulayliklar ibodatlarni mukammal ado etishga omil bo'ldi.
Qayd etish joizki, Haj va Umra amallarini bajarishdan tortib, muborak joylarda kishi o'zini qanday tutishigacha bo'lgan barcha amallar guruh rahbarlari tomonidan doimiy tarzda o'rgatildi. Taqdim etilgan “Haj — buyuk ibodat” kitobida amallar bajarilishi jarayonida o'qiladigan duolar, ularning talaffuzidan tortib, mazmun-mohiyatigacha tushuntirilgan.
Bunday sidqidildan qilingan mehnat ziyoratlar, ibodatlarni risoladagidek bajarib xotirjam bo'lishga zamin hosil qildi. Mehribon Alloh taolo ibodatlarimizni qabul aylab, hojilarimizning hajini mabrur aylagan bo'lsin!
Dilafro'z EGAMBERDIYeVA,
Namangan viloyati:
— Biz yaqin bir oy davomida Saudiya Arabistonining muqaddas ikki shahri — Madina va Makkada bo'lib, islomning beshinchi arkonini yuksak saviyada ado etdik. Ming karra shukr! Tabarruk maskanlar, ulug' ziyoratgohlarda O'zbekistonimizga tinchlik va ofiyat, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan xayrli va savobli ishlarga yuksak marralar, xalqimizga esa omonlik tilab, duo qildik.
Albatta, bunday muborak joylarda bo'lish har kimga ham nasib etavermaydi. Buni yaxshi anglagan yurtdoshlarimiz har damni g'animat bilib, har soniyadan unumli foydalanish harakatida bo'lib, haj amallarini mukammal ado etishga intildilar. Ularning ibodatlarini Alloh o'z dargohida qabul aylagan bo'lsin.
Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi 2022-yil 6-avgust, 159-son.
Qur’on nozil bo‘lgan paytda odamlarga eng yaqin hayvon tuya bo‘lgan, shuning uchun ularning e’tibori tuyaga tortilyapti. Haqiqatda tuya bir mo‘jiza: uning tuzilishi-quloq, burun, ko‘z, oyoq, tuyoqlari sahro uchun moslashgan. Shuning uchun ham uni arablar sahro kemasi, deyishadi. Tuya issiq havoda yurishga moslashgan, suv ichmay bir necha kunlab yurishi mumkin va hokazo.
Endi, “sahro kemasi”ning yaratilishidagi ba’zi bir ajoyibotlarga qisqacha bo‘lsa ham nazar solaylik. Tuyaning ko‘zlari boshning yuqori qismiga joylashgan bo‘lib, ortga qarash imkonini beradi. Uning qovoqlari esa qumni to‘sishga moslashgandir.
Shuningdek, tuyaning burun kataklari va quloqlari ham qum kirishini to‘sadigan junlar bilan jihozlangandirlar. Sahroda shamol turishi bilan tuyaning tumshuqlari ham, quloqlari ham jismiga tortilib, qumdan zarar ko‘rmaydigan holatga kelib oladi.
Tuyaning tuyoqlari ham alohida shakldagi suyaklarga kiygizilgan go‘sht va teridan iborat qo‘lqop bo‘lib, qumda bundan boshqa tuyoq bilan yukli ravishda yurish mumkin emas.
Tuya sahroda och qolganda, quruq yog‘ochni, hatto tikonni ham yeb ketaveradi.
Tuyaning o‘rkachi o‘ziga xos ozuqa omboridir. Agar tuya sahroda och qolsa, o‘sha o‘rkachidagi “ombor”dan ozuqa olaveradi.
Sahroda eng zaruriy narsa suv hisoblanadi. Tuyani Alloh taolo bu ehtiyojiga ham moslab yaratgan. Avvalo tuya ter chiqmaydigan qilib yaratilgan. Ya’ni, u jismidagi suvni o‘zida saqlab turadi.
Qolaversa, tuyaning burni og‘ziga ulangan. Shuning uchun uning nafas olishi tufayli chiqqan bug‘ham yana og‘zi orqali ichiga qaytadi. Shu bilan birga tuya birdan ko‘p suv ichib olish qobiliyatiga ega. U oltmish litrgacha suv ichishi mumkin. Bu esa unga sahroda olti kundan o‘n kungacha suv ichmay yurish imkonini beradi.
Ushbu zikr qilingan narsalar Alloh taoloning, o‘sha tuyani yaratgan Zotning qudratiga dalil emasmi?
Ha, tuyaning va har bir jonzotning yaratilishiga ibrat nazari bilan aqlni ishlatib qaragan inson Allohning qudratiga tan bermay iloji yo‘q.
Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi? (G‘oshiya surasi, 17-oyat).
1. Tuya hayvonot olami tarixida eng eski hayvon turlaridan biridir. Evolyutsiyachilar nazariyasiga ko‘ra, tuya ham dinozavrlar bilan birga yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi, lekin hech bir tabiat hodisasi uni yo‘q qilib yuborolmagan.
2. Tuya faqat sellyuloza (cho‘l va dashtlarda dag‘al o‘t va xashaklar, yantoq, saksovul) bilan oziqlanib, vitaminlarni va hayot uchun kerakli barcha kimyoviy moddalarning ko‘pini ishlab chiqaruvchi va shu tariqa hayotini davom ettiruvchi birdan-bir hayvondir.
3. Tuya bir necha ming yillardan hozirga qadar odamzotga tashuvchilik xizmatini qilayotgan yagona jonivordir. O‘rta Osiyo hududida bundan 100 yil avval ham tuyalar pochtasi mavjud bo‘lgan.
4. Tuyalar o‘z vaznining yarmiga teng — 250-300 kg yukni ko‘tara oladi, vazniga nisbatan 10-12% og‘irlikdagi yukni tortish kuchiga ega. Soatiga o‘rtacha 4 km tezlikda, kuniga 35-40 km masofani bosib o‘tadi. Agar ustida yuki bo‘lmasa, to‘xtovsiz 100 kilometr yo‘l bosa oladi.
5. Tuya bir ichishda 200 litrga yaqin suv ichadi. Sho‘r suvni ham ichaveradi. 100 litr suvni 10 daqiqada ichib tugatadi. Tuya bir haftagacha yemay, 34 kungacha suv ichmasdan yurishi mumkin. Suv bor joyni 50-60 kilometr uzoqlikdan his etadi.
6. Tuya suti tarkibida kalsiy, magniy, temir, fosfor, C, D vitaminlari, foydali mineral va mikroelementlar ko‘p bo‘lib, u sigir sutidan bir necha karra foydaliroq. Tuya suti – parhez mahsulot. Unda yog‘ va shakar miqdori sigirnikidan ancha kam. Tuya suti sutemizuvchilar ichida inson sutiga eng yaqinidir.
7. Tuyaning tana harorati tunda, sahro soviganda +34°C gacha pasayadi. Kunduzi 41°C darajagacha ko‘tariladi. Bu bois tevarak-atrofdagi havo harorati o‘zgarganda tuya deyarli terlamaydi va suv yo‘qotilishining oldi olinadi. Tuya juni quyoshda 70-80 gradusgacha qizisa-da, uning tana harorati 40 gradusda bo‘ladi.
8. Tuyaning o‘rkachida suv emas, yog‘ saqlanadi. O‘rkach tuya uchun ozuqa zaxirasi hisoblanadi. Tuya o‘rkachi qattiq ozuqani yeyishni boshlaganidan keyin paydo bo‘ladi, shuning uchun bo‘taloqlarning o‘rkachi bo‘lmaydi.
9. Tuyalar suvni o‘rkachlardagi yog‘lardan oladi, 100 gramm yog‘ning oksidlanishidan 107 gramm suv hosil bo‘ladi. O‘rkachdagi yog‘ haddan ziyod issiq havoda tana haroratini me’yorda ushlab turadi.
10. Tuya gavdasining yerga tegib turadigan qismlarida, ko‘kragi, tirsagi va tizzasida qadoqli tuzilmalar bor. Shu tufayli issiq (70°C gacha qizigan) yerda ham yota oladi.
11. Tuyaning ko‘zi favqulodda ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lib, 3-4 kilometrdan tahdidlarni aniqlay oladi. Uchta ko‘z qovog‘i, ikki qator uzun kipriklar ko‘zga qum kirishining oldini oladi. Qalin qoshlar, zich va qalin sochlar ko‘z va boshni quyosh nurlaridan himoya qilishga yordam beradi.
12. Tuyalar burniga qum kirib ketishining oldini olish uchun burun teshiklari ochilib-yopiladi.
13. Tuyaning ikkita labi bo‘ladi, ular mustaqil ravishda harakatlanib, tikanli cho‘l butalarini zararsiz yeya oladi.
14. Tuyaning quloqlari o‘tkir eshitish qobiliyatiga ega. Quloqlar ichkaridan va tashqaridan tuk bilan qoplangan bo‘lib, qumdan himoyalangan. Chang bo‘ronlari paytida tuyalar quloqlarini aylantira oladi.
15. Tuyaning tuyoqlari uzun bo‘lib, ularni qumga bir tekis taqsimlaydi va cho‘kib ketmaydi. Tuya otlar kabi oldinga va orqagagina emas, to‘rt tomondagi odam yo hayvonni tepa oladi. Tuyoqlaridagi elastiklik darajasi yuqori.
16. Tuyalar nafaqat issiq haroratli mintaqalarda, juda past haroratli joylarda ham yashay oladi. Ularda qishda sovuqqa bardoshli uzun va qalin himoya junlari o‘sadi, yoz oylarida esa to‘kiladi.
17. Urg‘ochi tuyalarning homiladorlik davri 12 oydan 14 oygacha. Tuyalarning egiz tug‘ish holati deyarli kuzatilmagan. Yangi tug‘ilgan bo‘taloqning vazni 34 kilogrammgacha bo‘ladi. U tug‘ilgandan yarim soat o‘tiboq yurishni boshlaydi.
18. Tuya — dunyoda eng qaysar jonivor. Agar u yotib dam olishni xohlasa, uni o‘rnidan qo‘zg‘atish juda qiyin. Uning jahlini chiqarsangiz, tuflab tashlaydi. U juda aniq tuflaydi va tupugi juda sassiq bo‘ladi. Chunki u oddiy so‘lak emas, naq oshqozondan otilib chiqadi.
19. Tuya dengiz yoki daryoda suza oladi.
20. Tuya arabchada “jamal” — “go‘zallik” ma’nosini bildiradi. Bu so‘z avval yunonlarga “kamēlos” shaklida o‘tib, undan inglizlarga “camel” tarzida o‘tgan.