2023 yil 21 dekabr' kuni Turkiya Respublikasining Istanbul universiteti Ilohiyot fakul'teti anjumanlar zalida «Movarounnahrning Islom ilm-fani va madaniyatiga qo'shgan hissasi» mavzusida xalqaro konferentsiya o'tkazildi.
Anjuman «Ayo-Sofiya» masjidi imom-xatibi Ferruh Mushtuerning Qur'oni Karim tilovati bilan boshlandi.
Halqaro anjuman Istanbul universiteti rektori, professor Usmon Bulent Zulfiqor, UMAD- Uluslararası Müslüman Alimler Dayanışma Derneği – «Halqaro musulmon ulamolari birdamlik assotsiatsiyasi» prezidenti Abdulvahhob Ekinji va İHAM – Ilim hizmet ve araştirma merkezi – «Ilmiy xizmat va tadqiqot markazi» prezidenti professor Mustafo Karatashning kirish so'zlari bilan ochildi.
Yurtimiz delegatsiyasi tarkibida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot universiteti doktori Abdumurod Tilavov va doktor Abdumuxtor Rahmonov anjumanda ma'ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov «Hanafiy mazhabining Movarounnahrga kirib kelishi, tarqalishi va rivojlanishi» mavzusida ma'ruza qildi.
Istanbul universiteti rektori, professor Usmon Bulent Zulfiqor Movarounnahrning insoniyat tarixi va Islom madaniyatidagi o'rni va ahamiyatiga urg'u berdi. Bu diyordan etishib chiqqan ulamolarning Islom diniga qo'shgan hissasiga to'xtalib, Temuriylar davlatining mintaqada ilm-fan va madaniyat borasidagi xizmatlariga alohida e'tibor qaratdi. Rektor Turkiya, jumladan Istanbul, universiteti bilan O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi ilmiy aloqalar yanada rivojlanayotganini katta mamnuniyat bilan ta'kidladi.
Anjuman yakunida professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov Istanbul universiteti rektori, professor Usmon Bulent Zulfiqorga esdalik sovg'alarini topshirdi.
TII Matbuot xizmati
Cavol: Issiq havoda ko‘p yurish natijasida ayrim odamlarda ikki oyog‘i orasi qizarib, achishadi. Ehromda shunday holatda malham, vazelin kabi narsalar surtsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Ehromdagi kishi siz aytgandek holatga tushib qolganda yoki tovoni yorilganda xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi mumkin. Bunda hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi. Agar xushbo‘y malham yoki vazelindan foydalansa, bunda sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. Agar ko‘p marta surtsa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shuning uchun bunday kasallikka duchor bo‘lgan inson imkon qadar xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu haqida fuqaholarimiz bunday deydilar:
وَلَوْ دَاوَى بِهِ جُرْحَهُ أَوْ شُقُوقَ رِجْلَيْهِ فَلَا كَفَّارَةَ عَلَيْهِ ؛ لِأَنَّهُ لَيْسَ بِطِيبٍ فِي نَفْسِهِ إنَّمَا هُوَ أَصْلُ الطِّيبِ أَوْ طِيبٌ مِنْ وَجْهِ فَيُشْتَرَطُ اسْتِعْمَالُهُ عَلَى وَجْهِ التَّطَيُّبِ.
“Ehromdagi kishi jarohat, oyoq yoriqlarini zaytun yog‘i bilan yog‘lasa, zimmasiga hech narsa vojib bo‘lmaydi. Chunki u xushbo‘ylik emas, balki xushbo‘ylik olinadigan narsa yoki bir jihatdangina xushbo‘ylik xolos. Kafforat vojib bo‘lishligi uchun uni xushbo‘ylanish uchun iste’mol qilgan bo‘lishi shart” (“Hidoya” kitobi).
Alloma Kamol Ibn Humom rahimahulloh aytadilar: “Ehromdagi inson yog‘ yoki sirkani yesa, jarohati yoki tovonidagi yoriqlariga surtsa yo qulog‘iga tomizsa, unga hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi” (“Fathul Qodir” kitobi).
Mulla Ali al-Qoriy rahimahulloh aytadilar:
ولو تداوى بالطيب او بدواء فيه طيب غالب ولم يكن مطبوخا فألزقه بجراحته يلزمه صدقة اذا كان موضع الجراحة لم يستوعب عضوا
“Agar xushbo‘y narsa bilan yoki xushbo‘ylik g‘olib bo‘lgan narsa bilan davolansa va ular olovda pishirilgan bo‘lmasa, so‘ng uni jarohatiga yopishtirsa va jarohat bir to‘liq a’zoni tashkil qilmagan bo‘lsa, sadaqa lozim bo‘ladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.