Musulmonlar orasida turli ixtiloflarni qo'zg'ayotgan bemazhablarning faoliyatlari ham o'ziga xos. Odatda, ixtilofni qo'zigan shaxs odamlarga ko'rinmaydi. Balki o'z odamini yuborib, «falonchiga mana bu savolni ber, u unday desa, sen bunday degin» qabilida gap o'rgatadi. Haligi odam uning aytganini qilib, musulmonlar ichida ixtilof qo'zg'aydi. Bu holat bir emas, bir necha kishidan, bir necha marta takrorlangandan keiyn, ixtilof tarqalib, o'z kuchini ko'rsata boshlaydi. Ba'zi odamlar, biz noto'g'ri ish qilayotgan ekanmiz deb, ixtilofchiga ergashadi. Boshqalari shubhaga tushadi. Uchinchisi: «Shu paytgacha qilgan ibodatimiz nima bo'ldi?» deydi va hokazo. Oxiri, odamlar orasida katta noxushlik sodir bo'ladi.
Bu paytda ixtilofchilarning «mulla»si o'zining yugurdaklariga yana boshqa bir ixtilofni o'rgatib, ularni kishilar ichiga yuborishga tayyorlayotgan bo'ladi. Yugurdaklar esa, o'zlariga aytilgan, ixtilof qo'zg'ash uchun to'qilgan safsatani to'tiqushdek takrorlashga oshiqayotgan bo'ladilar. Ammo asta-sekin ularning sirlari fosh bo'lib, basharalari ko'pchilik ichida namoyon bo'lmoqda.
Muhtaram imom domlalarimizdan birlari masjidda namozxonlarga bir masalani bayon qilibdi. U kishining oldiga bir odam kelib: «Siz xato qildingiz, aslida bunday bo'ladi», debdi. Domla: «Bu gapni qayerdan oldingiz?» desa, «kitobda bor», debdi. Imom domla: «O'sha kitobni olib keling, o'qib ko'raylik», debdi. Haligi odam kitobni olib kelib, mazkur masala yozilgan joyini qo'li bilan ko'rsatibdi. Domla o'qib ko'rsalar, «Bu masalada mana bu gapni aytganlar ham bor», deb ixtilofchining gapi yozilgan va davomida: «Ammo bu gapning to'g'risi bunday», deb domlaning gapi yozilgan ekan. Domla: «Mana, men aytgan gap to'g'ri ekan-ku», deb ko'rsatsalar, ixtilofchi: «Men o'qishni bilmayman», der emish. Arab tilini bilmaydigan odam o'sha tildagi kitobni ko'tarib olib, olim odam bilan tortishgani kelibdi!
Keyinchalik, ma'lum bo'lishicha, ixtilofchilarning «mulla»lariga ham ko'rsatmalar chet eldagi xo'jayinlaridan kelar ekan. Boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, dunyo musulmonlari orasida ixtilof qo'zg'ash ishlari xalqaro markazdan boshqarib borilmoqda. Endilikda ixtilofchi bemazhablarning «mulla»lariga markazdan faks, elektron pochtada yoki internet orqali ko'rsatmalar kelmoqda. Ular mazkur ko'rsatmalarni tarjima qilib, yugurdaklarni ko'tarib olib, mo'min-musulmonlar ichida ixtilof urug'ini sochmoqdalar. Ushbu satrlarda zikr qilinayotgan ixtiloflar nafaqat O'zbekiston, O'rta Osiyo yoki MDH davlatlarida, balki butun dunyoda musulmonlarning boshini qotirmoqda.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh.
“Ixtiloflar sabablar echimlar" kitobidan.
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati