Yosh Uinston Cherchill boshlang'ich sinfning oltinchi qismida imtihondan yiqiladi. Ulg'aygach vazirlik saylovlarida ishtirok etadi va qatnashgan barcha saylovida mag'lub bo'ladi. Lekin shunga qaramay taslim bo'lmaydi, oxiri oltmish ikki yoshida Britaniya bosh vaziri etib saylanadi.
Uning bir gapi bor ekan: “Aslo-aslo umidsizlikka tushmang. Biror ishda muvaffaqiyat qozonmoqchi bo'lsangiz, intilayotganingiz katta ish bo'ladimi, kichik ishmi, hech qachon qaytadan harakat qilib ko'rishdan umidingizni uzmang”.
Tomas Edisonning o'qituvchisi uni o'ta galvars, unga hech narsani uqtirib bo'lmaydi deb hisoblardi.
Lekin u yillar o'tib ixtirochiga aylandi. Mingta urinishdan so'ng nihoyat elektr lampochkasini ixtiro qildi. Bir jurnalist undan ming marta urinishni ko'p deb hisoblagandek bo'lib: “Qanday qilib mingta urinishingiz muvaffaqiyatsiz ketgan bo'lsa-da, oxiri baribir lampochkani ixtiro qilishga erishdingiz?”. Edison unga javob beribdi: “Men ming marta muvaffaqiyatsizlikka uchramadim, aksincha, chiroqni ixtiro qilishga etaklamaydigan mingta yo'lni kashf etdim!”.
Edison o'zi haqida aytar ekan: “Mening himmatimni to'xtatib turadigan narsaning o'zi yo'q. Hato ketgan urinishlarga sovuqqonlik qilish – oldinga yurishdan o'zga narsa emas!” Ya'ni, ish jarayonidagi muvaffaqiyatsizlikni og'ir olmaslik oldinga qadam tashlash demakdir.
Yoki Albert Eynshteynni olaylik, u to'rt yoshga etganda tili chiqa boshlagan ekan. Yetti yoshga etmaguncha o'qishni eplay olmagan ekan. Ota-onasi ham uni tengdoshlaridan aqli zaifroq deb o'ylashgan ekan. O'qituvchilaridan biri uni fikrlashi sekin, xayolot olamida uzoq-uzoqlarga ketib qoladigan o'quvchi deb aytgan ekan. Oxir oqibat uni o'quvchilar safidan chiqarishibdi. Shundan keyin Eynshteyn o'qish va yozishni o'rganibdi.
Insoniyatning tushunchalarini o'zgartirib yuborgan nisbiylik nazariyasini dunyoga taqdim etgan olim aynan Albert Eynshteyn bo'ladi!
Mashhur rus yozuvchisi Lev Tolstoy institutda o'qiganda imtihondan yiqilgan ekan. O'sha vaqtda uni atrofidagilar ilm o'rganishga qiziqishi yo'q, o'qishni eplolmaydigan talaba deb hisoblashgan ekan!
Genri Ford hayoti davomida besh marotaba bankrot bo'lgan ekan. Shundan keyin zavodlari muvaffaqiyat qozonib, ford kompaniyasiga asos slogan ekan!
Volt Disneyni olaylik, u mashhur “Disney Lend” shahrini qurishidan oldin olti marta bankrotga uchragan ekan.
Kimki ta'sir kuchiga ega biror katta ish qilmoqchi bo'lsa, maqsadlariga erishguncha takror-takror harakat qilaverishi kerak. Dangasalikka o'tirib qolmasligi, birinchi muvaffaqiyatsiz harakatdan so'ng ortiga qaytib ketmasligi darkor!
Bir donishmand aytgan ekan: “Muvaffaqiyatli kishilar qayta-qayta harakat qilishni to'xtatmaydilar. To'xtatadiganlar esa muvaffaqiyatli bo'lmaydilar”.
Robert Goddardni olaylik, u zamondoshlari imkonsiz deb bilgan koinotga uchish fikridan to'xtamadi. Odamlar reaktiv dvigatel koinotda havo yo'qligi sabab ishlay olmaydi deb bilishardi. Lekin bugunga kelib fazoviy kemalarning aksariyati Robert Goddardning nazariyasi bilan ishlaydi va koinotda havo (kislorod) yo'qligiga qaramay harakatlanaveradi.
Harakat qildingiz-u o'xshamadimi, hechqisi yo'q!
Yana bir bor urining. Kerak bo'lsa yana urinishingiz o'xshamasin, nima qilibdi?! Axir yuqorida keltirganlarimiz muvaffaqiyatli kishilar yuz martalab, ming martalab urinishlari o'xshamasada harakatdan to'xtashmadi-ku! Siz nega to'xtashingiz kerak?! Modomiki maqsadingiz to'g'ri, niyatingiz xolis bo'lar ekan taslim bo'lmang, ortga tisarilmang!
Bizning zo'rligimiz qoqilmaslikda emas, balki qoqilgandan so'ng yana oyoqqa turib, harakat qilishdadir!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sen biror narsani Allohdan taqvo qilib tark qilsang, Alloh taolo senga undan-da yaxshirog‘ini ato qiladi” [1], deganlar.
Kim “odamlar nima derkin”ni tashlab, yuzing-ko‘zing qilib o‘tirmasdan Alloh taolodan boshqadan umidini uzsa, Alloh taolo unga tark qilganlaridan ko‘ra yaxshirog‘ini beradi. Uni nafsning izzati, maxluqotdan behojat bo‘lish bilan rizqlantiradi. Bu borada Nabiy alayhissalom shunday deya marhamat qilganlar: “Kim iffatli bo‘lish harakatida bo‘lsa, Alloh uning iffatini saqlaydi. Kim odamlarga sarg‘ayib yurishdan qutulish harakatida bo‘lsa, Alloh taolo uni behojat qilib qo‘yadi. Kim sabrli bo‘lishga urinsa, Alloh taolo uni sabrli bandalardan qiladi”[2].
Kim Allohning qadariga e’tiroz qilishni tashlasa va hamma ishlarini Robbiga topshirsa, Alloh taolo u bandani rozi bo‘lish va kuchli iymon bilan siylaydi hamda uning ishini shu darajada go‘zal nihoyaga yetkazadiki, u bu holni yetti uxlab tushida ham ko‘rmaydi.
Kim folbin va sehrgarlardan yuz o‘girsa, Alloh taolo unga sabrni nasib etadi, tavakkul va tavhidning haqiqati bilan siylaydi.
Kim dunyo matohlariga qiyo boqmasa, Alloh uning ishlarini ilgari qiladi, qalbiga sokinlik beradi. O‘zi xohlamasa-da, dunyo unga eshiklarini ochadi.
Kim Allohgagina ibodat qilsa, faqat yagona Allohdan qo‘rqsa, vahimalardan qutuladi. Alloh taolo uni omonda saqlaydi. Qo‘rqinchli narsalar ham u uchun salomatlik, orombaxsh bo‘lib qoladi.
Kim yolg‘onni tark etib rostgo‘ylikni mahkam tutsa, Alloh uni yaxshilik tomon yo‘llab qo‘yadi va Allohning huzurida siddiqlar safida bo‘ladi, odamlar orasida rostgo‘ylik ila taniladi va shu orqali odamlar uning gaplariga quloq soladi, uning hurmatini qiladigan bo‘ladi.
Haq bo‘lsa-da, tortishuvni tark etgani evaziga Alloh taolo jannatda bir uy nasib qiladi. Dushmanning yomonligidan asraydi. Qalbi musaffo bo‘ladi. Uning ayblarini ochadiganlardan omonda saqlaydi.
Oldi-sotdida aldovni tark etganga nisbatan odamlarning ishonchi ortadi. Uning savdosida xaridorlari soni ko‘payib boradi.
Kim harom narsalarga qaramasa, Alloh qalbiga bir lazzatni ato etadi.
Baxillikdan saqlanib, saxovatpeshalikni ustun qo‘ygan kishini odamlar ham yaxshi ko‘radi. Allohga va jannatga yaqinlashadi. G‘am-tashvishlardan yengillaydi. Fazilat bobida martabasi ortib boradi. «...Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar najot topguvchidirlar»[3].
Kibrlanishni chetga surib, kamtarinlikni shior qilib olgan kishining qadri oshadi. Bu Rasululloh alayhissalomning so‘zlaridir: “Kim Alloh uchun tavozeli bo‘lar ekan, Alloh uning qadrini ko‘tarmay qo‘ymaydi” [4].
Kim ko‘p uyqu va uning lazzatidan voz kechib, vaqtini Allohning rizosi uchun namoz o‘qish bilan o‘tkazsa, Alloh taolo unga shodlik, tetiklikni ato etadi.
Ichish-chekishning barcha turlarining yaqiniga yo‘lamagan kishiga Alloh O‘zi madadkor bo‘ladi. Unga sihat-salomatlik, baxt-saodat nasib etadi. Bu baxt haqiqiy baxt bo‘ladi, kayf qilgandagi soxta baxt emas.
Kim qodir bo‘la turib, qasos va o‘ch olmasa, Alloh uning ko‘ksini keng qilib qo‘yadi. Qalbiga surur beradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bir bandani afv qilishidan faqat va faqat uning izzati ortadi”[5], deganlar.
Yomonlar bilan hamtovoq bo‘lishdan saqlanganni Alloh taolo yaxshi kishilarga yo‘liqtiradi. Haloldan rizq topadi, dunyo va oxirat yaxshiliklarini qo‘lga kiritadi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Hashr surasi, 9-oyat.
[4] Imom Muslim rivoyati.
[5] Imom Muslim rivoyati.