O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Furqat Sidiqov boshchiligidagi delegatsiyaning Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi doirasida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibiyatida konstitutsiyaviy islohotlarga bag'ishlangan "Konstitutsiyaviy islohotlar - Yangi O'zbekistonni barpo etish sari muhim kadam" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekiston Tashki ishlar vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi hamda Toshkent Davlat yuridik universiteti, shuningdek, tashkilot Bosh kotibining o'rinbosarlari va tashkilot huzuridagi tuzilma idoralarining rahbarlari ishtirok etdilar.
Davra suhbati ishtirokchilariga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, inson huquqlari, ijtimoiy davlat, yoshlar masalalari bo'yicha kiritilishi taklif qilinayotgan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risidagi batafsil ma'lumotlar takdim etildi.
IHT rahbariyati hamda bo'linma rahbarlari o'z chiqishlari davomida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlab, o'zlarining tegishli taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Shuningdek, O'zbekiston va Islom hamkorlik tashkiloti o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati, mazkur aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli yo'nalishlar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Tadbir yakunida O'zbekistonda o'tkazilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar avvalambor xalq manfaatlariga xizmat qilishihamda “Yangi O'zbekiston” ravnaqida muhim omil bo'lajagi davra suhbati qatnashchilari tomonidan alohida ta'kidlandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati