Islom taqvimi o'n ikki oydan iborat. Ammo biz bu oylarning ba'zilari haqidagina ma'lumot bilamiz, xolos. Aksariyat odamlar Ramazon oyida ro'za tutishni, Zulhijjada esa qurbonlik qilishni biladi. Lekin muharram oyi go'yoki unchalik mashhur emasdek. Vaholanki, hadisi shariflarda bu oy – Alloh taoloning oyi deb ataladi, boshqa hech bir oyga bunday sharaf berilmagan.
Muharram oyi musulmonlar uchun ham diniy, ham tarixiy ahamiyatga ega. Bu oy Alloh taolo tomonidan nafaqat muqaddas deb belgilab qo'yilgan, balki Islom taqvimining birinchi oyi bo'lib, musulmonlar bu oyda Madinaga hijrat qilganlar.
Hazrat Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: "Yo Allohning Rasuli, Ramazondan keyin qaysi oyda ro'za tutishimga buyurasiz", deb so'radi. Shunda u zot alayhissalom: "Agar Ramazondan keyin ro'za tutmoqchi bo'lsang, muharram oyida tutgin. Chunki u Allohning oyidir, unda bir qavmning tavbasini qabul qilgan yana boshqa qavmlarning ham tavbasini qiladi", deb javob berdilar (Imom Termiziy rivoyati).
Muharram qanday oy?
Muharram oyi Islom taqvimining birinchi oyi bo'lib, yangi yil boshlanishini anglatadi. Muharram oyi urush harom qilingan to'rt oydan biri sanaladi. Bu haqda Alloh taolo: “Albatta, Allohning huzurida oylarning soni Allohning osmonlaru erni yaratgan kuni o'n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to'rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu to'g'ri dindir. U(oy)larda o'zingizga zulm qilmang” deb marhamat qilgan (Tavba surasi, 36-oyat).
Muharram oyining asosiy sanalari:
Muharram oyi qachon kirib keladi?
Muharram oyining birinchi kuni 2022 yilda 30 iyuldan boshlanadi.
Muharramning ahamiyati nimada?
Muharram ko'plab diniy va tarixiy sabablarga ko'ra yilning eng muhim vaqtlaridan biridir:
Ashuro kunining ro'zasi
Muharram oyining 10 kuni – Ashuro kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni ro'za tutishga da'vat etganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro'za tutgan. Men Musoga ko'proq (yaqin bo'lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro'za tutib, odamlarni ham uning ro'zasini tutishga buyurdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Muharram oyining 9 kuni ro'za tutish
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro'zasini tutib, boshqalarni ham uning ro'zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: "Yo Allohning Rasuli, axir, bu – yahudiylar va nasroniylar ulug'laydigan kun-ku?", dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar kelasi yili bo'lsa, albatta, to'qqizinchi kuni ham ro'za tutamiz", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e'tiboran, Ashuro kuniga qo'shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro'za tutmoq afzal deydilar.
Ashuro kuni ahli-ayolga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo'ladi.
Abu Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo'yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko'rdim”, deganlar.
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo'min-musulmonlarni to'liq bahramand etsin. O'zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi