Yuqoridagi bobda bayon etilgan Qur'on oyatlari va ulardan olingan natijalar Payg'ambarimiz alayhissalom sunnatlarining hukmini isbotlash uchun kifoya qiladi. Binobarin bu Islom shariatining bosh manbasi bo'lmish Qur'oni karim bilan isbotlanmoqda. Biroq Qur'oni karim umumiy bir qoida yoki ta'limot sifatida faqatgina "Payg'ambarga itoat"ga e'tibor qaratmasdan, ayni vaqtda u zotga itoat qiluvchini g'ayratlantirish g'oyasi bilan hukmni farqli yo'nalishlari va amalga oshirish talablarini turli tomonlariga ham e'tibor beradi.
RASULULLOH ALAYHISSALOMNING VAKOLATLARI –HUKMChIQARISh
Qur'oni karimning bir qator oyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hukm chiqarishdagi vakolatlari bayon qilingan. Hususan, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿وَاكْتُبْ لَنَا فِي هَذِهِ الدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِي الْآَخِرَةِ إِنَّا هُدْنَا إِلَيْكَ قَالَ عَذَابِي أُصِيبُ بِهِ مَنْ أَشَاءُ وَرَحْمَتِي وَسِعَتْ كُلَّ شَيْءٍ فَسَأَكْتُبُهَا لِلَّذِينَ يَتَّقُونَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَالَّذِينَ هُمْ بِآَيَاتِنَا يُؤْمِنُونَ الَّذِينَ يَتَّبِعُونَ الرَّسُولَ النَّبِيَّ الْأُمِّيَّ الَّذِي يَجِدُونَهُ مَكْتُوبًا عِنْدَهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَالْإِنْجِيلِ يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ وَيَضَعُ عَنْهُمْ إِصْرَهُمْ وَالْأَغْلَالَ الَّتِي كَانَتْ عَلَيْهِمْ فَالَّذِينَ آَمَنُوا بِهِ وَعَزَّرُوهُ وَنَصَرُوهُ وَاتَّبَعُوا النُّورَ الَّذِي أُنْزِلَ مَعَهُ أُولَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ﴾
«Bizlarga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozgin. Biz Senga qaytdik. (Alloh) dedi: “Azobimni xohlagan kishimga etkazurman. (Ammo) rahmatim hamma narsadan kengdir. Uni (rahmatimni) taqvoda bo'luvchilar, zakot beruvchilar va oyatlarimizga iymon keltiruvchilarga yozajakman.Ular savodsiz elchiga – ismi o'zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg'ambarga (Muhammadga) ergashadilar. U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larini olib tashlaydi. Bas, unga iymon keltirgan, uni ulug'lagan, unga yordam bergan va u bilan birga nozil qilingan nur (Qur'on)ga ergashganlar, aynan o'shalar (oxiratda) najot topuvchi kishilardir»”(A'rof surasi, 156-157-oyatlar).
Oyatga ko'ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vazifalaridan biri – “pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi”. Ya'ni yaxshilikka buyurish va yomonliklardan qaytarish, ulardan ogohlantirish.
Narsa (amal)larning shar'iy va noshar'iy ekaniga hukm chiqarishga avvalo vakolat bo'lishi kerak. Ushbu oyatda bu huquq aynan Payg'ambar alayhissalomga berilmoqda.
Shunga ko'ra, yangi shar'iy va noshar'iy masalalarni belgilashda faqat Qur'oni karim bilan kifoyalanmaydi. Suradagi: “U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi” oyati bunga ishora qiladi.
Oyatning davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “iymon keltirish”ga urg'u bermoqda. Ya'ni shar'iy va noshar'iy ishlarni ajrata olish vakolatlariga ishonish shart.
Navbatdagi oyatdagi: “u bilan birga nozil qilingan nur (Qur'on)ga ergashganlar”…. ya'ni Qur'oni karim – “nurga ergashish”ga amr etilmoqda. Bunda “Matluv” (tilovat qilinadigan vahiy) yoki “G'oyri matluv” (tilovat qilinmaydigan) vahiy bo'lsin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yuborilgan, u zot alayhissalomning axloq va ta'limotlarida aks etgan butun amrlarga ergashish tushuniladi.
Ushbu oyat shubhasiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yangi hukm chiqarish vakolatiga ega ekanliklariga ochiq-oydin hujjat bo'ladi.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi:
﴿قَاتِلُوا الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَلَا بِالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَلَا يُحَرِّمُونَ مَا حَرَّمَ اللَّهُ وَرَسُولُهُ وَلَا يَدِينُونَ دِينَ الْحَقِّ مِنَ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ حَتَّى يُعْطُوا الْجِزْيَةَ عَنْ يَدٍ وَهُمْ صَاغِرُونَ﴾
«Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom sanamaydigan, haq din (Islom)ni din qilib olmaydigan ahli kitoblardan iborat kishilarga qarshi – to ular o'zlarini past tutib, jizya (soliq)ni naqd bergunlariga qadar jang qilingiz!» (Tavba surasi, 29-oyat).
U yoki bu narsaning harom ekanligini e'lon qilish huquqi faqat Alloh taologa xosdir. Ammo oyatga ko'ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Allohning izni bilan bu huquqni qo'llay oladilar.
Alloh taoloning va Payg'ambar alayhissalomning huquqlari orasidagi farq shubhasiz nihoyatda kattadir. Alloh taoloning hukm chiqarish huquqi butunlay mustaqil (hech kimga va hech narsaga qaram bo'lmagan). Payg'ambar alayhissalomning huquqlari Alloh taolodan keladigan vahiyga tobedir. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambar sifatida hukm chiqarish vakolatiga egadirlar va shu sabab Allohning hukmiga itoat etish shart bo'lgani kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ham hukmlariga bo'ysunish shartdir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ وَلَا مُؤْمِنَةٍ إِذَا قَضَى اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَمْرًا أَنْ يَكُونَ لَهُمُ الْخِيَرَةُ مِنْ أَمْرِهِمْ وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا مُبِينًا﴾
“Alloh va Uning payg'ambari bir ishni hukm qilganda – hech bir mo'min va mo'minaga (uni bajarish yoki bajarmaslik) ishlarida ixtiyor bo'lishi mumkin emasdir. Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo'ldan ozibdi”(Ahzob surasi, 36-oyat).
Ushub oyatda mo'min va mo'minalar Alloh hamda Rasulining hukmiga bo'ysunishlari lozimligi ochiq-oydin ta'kidlanmoqda. Shunga alohida e'tibor berish kerakki, oyatda “Alloh” va “Uning payg'ambari” o'rtasida kelgan “va” ham bog'lovchi, ham ajratuvchi vazifasini bajaradi. Bu erda faqat "bog'lovchi" ma'nosida kelgan deyish noto'g'ri talqin sanaladi. Eng ma'qul echim "va" kalimasini ham bog'lovchi, ham ajratuvchi ma'nosida qo'llashdir. Bunda Alloh yoki Rasuli, yoki har ikkisi biror narsaga hukm qilsa, unga iymon keltirish, ergashish lozimligi tushuniladi. Ularning hukmlarini qabul qilishdan boshqa yo'l yo'q, eng to'g'ri yo'l – itoat (ergashish)dir.
Demak, bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mukallaf bo'lgan mo'minlarning shaxsiy yoki jamoaviy (umumiy) muammolarini hal qilishda hukm chiqarishga shar'an hokimiyat egasi bo'la olishlari ma'lum bo'ladi.
Alloh taolo bunday buyuradi:
﴿وَمَا آَتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا﴾
“Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz”(Hashr surasi, 7-oyat).
Bu oyat fath va g'azotlarda olingan o'lja (g'animat)larga tegishli bo'lsada, tafsir ilmiga ko'ra, biror oyat ma'lum hodisa haqida vahiy orqali nozil bo'lgan va qo'llanilgan ifodalar umumiy bo'lsa, bu ifodalar umumiy sharh qilinadi hamda faqat bir hodisaga xoslanmaydi.
Bu oyat Nabiy alayhissalom haqlarida umumiy bir qoida bo'lib, Payg'ambar alayhissalomni chiqargan buyruqlari mo'minlarga taalluqli bo'ladi va qaytargan narsalari esa ular uchun harom hukmini joriy etadi. Bunga ko'ra, Qur'oni karim Payg'ambar alayhissalomga, hukm chiqarish, qaytariq qo'yishda shar'iy huquq bergan.
Shu erda Nabiy alayhissalomning ulug' sahobalaridan Abdulloh ibn Mas'udning bir ayolga bergan hikmatli javoblarini keltirib o'tsak.
حدثنا عيسى بن أحمد العسقلاني إملاء ، حدثني محمد بن سعيد القزويني ، نا عمرو ، عن منصور ، عن إبراهيم ، عن علقمة قال : قال عبد الله : « لعن الله الواشمات والمتوشمات المتفلجات للحسن المغيرات خلق الله » قال : فأتته امرأة من بني أسد ، يقال لها أم يعقوب فقالت : بلغني أنك لعنت كذا وكذا ؟ قال : ألا ألعن من لعن رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم وهو في كتاب الله ؟ قالت : فوالله إني لأقرأ بين اللوحين فما أجد هذا الذي تقول قال : بلى والله إنه لفيه :﴿ما آتاكم الرسول فخذوه وما نهاكم عنه فانتهوا[1]﴾ قالت : فأظن امرأتك منهن ؟ قال : فادخلي فانظري قال : فخرجت فقالت : ما وجدت كذلك قال : أما إنها لو كانت كذلك لم تجامعنا.
Alqama Abdullohdan rivoyat qiladi «Abdulloh: “Vashm[2] qiluvchi, vashm qildiruvchi, qosh teruvchi va husn uchun tishining orasini ochdiruvchi ayollarni – Allohning yaratganini o'zgartiruvchilarni Alloh la'natlasin!” dedi. Bu Banu Asadlik Ummu Ya'qub degan ayolga etib boribdi. U kelib, “Sen falon-falondaylarni la'natlabsan-mi?!” dedi. “Nega endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam la'natlagan va Allohning Kitobida bo'lganlarni la'natlamas ekanman?!” dedi. U: “Men ikki muqova orasini o'qib chiqqanman, unda sen aytgan narsani ko'rmaganman”, dedi. U: “Ha, Allohga qasamki u mana bu oyatda: “Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz”, dedi. Ayol: “O'ylaymanki, o'zingning ayoling ham ulardan bo'lsa kerak?” dedi. (Abdulloh) “Kirib, ko'r”, dedi. (Abdulloh) Ayol chiqib aytdi: “Izlagan narsamni topmadim”, dedi. Shunda (Abdulloh): “Agar shunday bo'lganida, biz bilan jam bo'lmagan bo'lardi”, dedi»[3].
Bu javob bilan Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu yuqoridagi oyat Nabiy alayhissalomning butun buyruq va qaytariqlarini qamrab oluvchi ekanini va qo'yilgan qaytariqlar Nabiy alayhissalom tomonlaridan keltirilgani uchun unga bo'ysunish kerakligiga ishora qildilar.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿فَلَا وَرَبِّكَ لَا يُؤْمِنُونَ حَتَّى يُحَكِّمُوكَ فِيمَا شَجَرَ بَيْنَهُمْ ثُمَّ لَا يَجِدُوا فِي أَنْفُسِهِمْ حَرَجًا مِمَّا قَضَيْتَ وَيُسَلِّمُوا تَسْلِيمًا﴾
“Bas, Rabbingiz haqqi, ular o'rtalaridan chiqqan nizolarga Sizni hakam qilmagunlaricha va so'ngra chiqargan hukmingizdan dillarida tanglik sezmay, to'la taslim bo'lmagunlaricha, zinhor iymon keltirmagaylar”(Niso surasi, 65-oyat).
Bu oyatda ixtiloflar yuzaga kelgandagina Payg'ambarimiz alayhissalomning hukm chiqarish huquqlari bordek ko'rinadi. Biroq uni kengroq tushunish kerak. Bir hokim, shubhasiz biror hukmni chiqarishi uchun hokimiyatga ega bo'lishi lozim. Ammo uning hukmini bajarish uchun musulmon bo'lishlik talab etilmaydi. Agar hokimning hukmi qabul etilmasa, bu jazolanishiga sabab bo'lishi mumkin, lekin oxirgi natija uni Islom doirasidan chiqarib yubormaydi.
Bundan farqli ravishda bu oyatda Payg'ambar alayhissalom chiqargan hukmlarni qabul etmagan banda mo'min bo'la olmasligi qattiq ogohlantirilmoqda. Bu oyatda Nabiy alayhissalomning huquqlari oddiy hokim huquq (vakolat)lari kabi emasligi va u zot alayhissalomning buyruqlari rad etilsa, kufrga sabab bo'lishi aytilmoqda. Bu esa Nabiy alayhissalomning hukmlari muhokama qilinadigan hukmlar sirasiga kirmasligini, ularning barchasi Allohdan kelgan matluv va g'oyri matluv vahiyga asoslangan bo'lib, Allohning tarafidan yuzaga kelgan huquqiy hukmdir.
Shunday qilib bu huquqiy hukmni agar biror mo'min rad etsa, natijada “U Islom dini chegarasidan chiqdi va ilohiy amrni rad etdi”, degan tushuncha yuzaga keladi. Shu nuqtai nazardan yuqoridagi oyatga muvofiq, Payg'ambar alayhissalom hukm chiqaruvchi hokim sifatida qolmoqdalar. Ushbu oyat bilan u zot alayhissalomga ilohiy huquq bilan musulmonlar tobe' bo'ladigan hukm chiqarish vakolati berilmoqda. Qur'oni karimda bunday deyiladi:
﴿وَيَقُولُونَ ءَامَنَّا بِٱللَّهِ وَبِٱلرَّسُولِ وَأَطَعۡنَا ثُمَّ يَتَوَلَّىٰ فَرِيقٞ مِّنۡهُم مِّنۢ بَعۡدِ ذَٰلِكَۚ وَمَآ أُوْلَٰٓئِكَ بِٱلۡمُؤۡمِنِينَ ٤٧ وَإِذَا دُعُوٓاْ إِلَى ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ لِيَحۡكُمَ بَيۡنَهُمۡ إِذَا فَرِيقٞ مِّنۡهُم مُّعۡرِضُونَ ٤٨ وَإِن يَكُن لَّهُمُ ٱلۡحَقُّ يَأۡتُوٓاْ إِلَيۡهِ مُذۡعِنِينَ ٤٩ أَفِي قُلُوبِهِم مَّرَضٌ أَمِ ٱرۡتَابُوٓاْ أَمۡ يَخَافُونَ أَن يَحِيفَ ٱللَّهُ عَلَيۡهِمۡ وَرَسُولُهُۥۚ بَلۡ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ ٥٠ إِنَّمَا كَانَ قَوۡلَ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ إِذَا دُعُوٓاْ إِلَى ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ لِيَحۡكُمَ بَيۡنَهُمۡ أَن يَقُولُواْ سَمِعۡنَا وَأَطَعۡنَاۚ وَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُفۡلِحُونَ ٥١ وَمَن يُطِعِ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَيَخۡشَ ٱللَّهَ وَيَتَّقۡهِ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡفَآئِزُونَ ٥٢﴾
«Ular: "Allohga va Payg'ambarga iymon keltirdik va itoat qildik", derlar. So'ngra ulardan bir guruhi yuz o'girib keturlar. Ana o'shalar mo'min emaslar. Ularni qachonki Allohga va Uning Payg'ambariga oralarida hukm chiqarish uchun chorlansa, banogoh ulardan bir guruhi yuz o'girguvchilardir. Agar haq ular (tarafda) bo'lsa, u (Payg'ambar)ga bo'yin egib kelurlar. Ularning qalblarida maraz bormi?! Yoki shubha qildilarmi?! Yoxud Alloh va Uning Payg'ambari ularga zulm qilishidan qo'rqadilarmi?! Yo'q! Ularning o'zlari zolimlardir. Albatta, mo'minlarning Allohga va Uning Payg'ambariga oralarida hukm chiqarish uchun chorlanganlaridagi gaplari: "Eshitdik va itoat qildik", demoqlaridir. Ana o'shalarning o'zlarigina najot topguvchilardir. Kim Allohga va Uning Payg'ambariga itoat etsa hamda Allohdan qo'rqib, Unga taqvo qilsa, bas, ana o'shalargina yutuqqa erishguvchilardir» (Nur surasi, 47-52-oyatlar).
Bu oyatdan musulmon bo'lish uchun Nabiy alayhissalom hukmlariga so'zsiz taslim bo'lish shartligi aytilmoqda. Da'vat qilinganlaridan so'ng ixtilof chiqsa Payg'ambarga murojaat etmaganlari uchun Qur'oni karimga ko'ra, ularga mo'min sifatida muomala qilinmaydi. Bu esa yana bir bor avvalgi oyatda zikr etilgan asosga ko'ra: “Alloh va Uning Rasuliga iymon keltirishning asosiy sharti – Payg'ambar alayhissalom hokimligini butun qalbi bilan qabul etishdir”.
Shunga ko'ra, mo'minlar ixtilof masalasida Payg'ambarga murojaat qilishlari va u zotga ergashishlari lozim.
Hulosa qilib aytganda, Payg'ambarimiz alayhissalomning hukmlariga to'liq taslim bo'lish talab qilinadi.
[1] Hashr surasi, 7-oyat.
[2] Vashm – igna yoki boshqa vosita bilan rasm yoki so'zni tanaga o'yib, naqsh solish (tatuirovka).
[3] Imom Buxoriy. Sahih; Imom Muslim. Sahih; Imom Ahmad, Musnad; Dorimiy. Sunan; Ibn Moja. Sunan; Abdurazzoq. Musannaf; Ibn Abu Shayba. Musannaf; Tabaroniy. Kabir; Bayhaqiy. Kubro; Bag'aviy.
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 6-qism, 7-qism, Davomi bor...
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi