Amerikaning Global jalb qilish instituti (Institute for Global Engagement, IGE) veb-saytida “IGE O'zbekistonda e'tiqod erkinligini himoya qilish va rivojlantirish maqsadida tarixiy “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumini o'tkazdi” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda O'zA.
Maqolada Global hamkorlik instituti va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti hamkorligida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi Toshkent, Samarqand va Buxoroda shaharlarida bo'lib o'tgani aytilgan.
Material mualliflari ushbu xalqaro tadbir diniy erkinlik va bag'rikenglik sohasidagi so'nggi yirik deklaratsiyalarni umumlashtirgan tarixiy “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinganiga alohida to'xtalgan. Mazkur hujjat ko'p konfessiyali muloqotni rivojlantirish bo'yicha amaliy faoliyatni kengaytirishga xizmat qiladi, fuqarolarni diniy bag'rikenglik va inson huquqini mustahkamlash uchun o'zaro hamkorlik ko'nikmasini shakkllantirishga chaqiradi, deyiladi sahifada.
Shuningdek maqolada ushbu nufuzli anjuman doirasida “Din va qonun ustuvorligi”, “Madaniyatlararo diniy savodxonlik” va “Konfessiyalararo munosabat o'rnatish” mavzularida o'quv dasturi tashkil etilgani haqida ma'lumot berilgan.
“Deklaratsiyalar muloqoti” mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgani, delegatsiyalar a'zolari, jumladan, IGE prezidenti Kris Saypl, Markaziy Osiyo bo'yicha katta ilmiy xodimi Ueyd K'yusak, boshqaruv kengashi a'zosi Nadin Maenza O'zbekiston OAV vakillariga interv'yu bergani qo'shimcha qilingan.
Hususan, materialda global operatsiyalar bo'yicha vitse-prezident Jeyms Chenning so'zlaridan iqtibos keltirib, “so'nggi yillarda dunyo mamlakatlarida diniy erkinlik keskin bo'g'ilgan bo'lsa-da, O'zbekiston bu borada sezilarli ijobiy natijaga erishgani, “Buxoro deklaratsiyasi” ayni yunalishdagi ishlarning davomiyligi belgisi” ekani, e'tirof etilgan.
Ma'lumot uchun: “Institute for Global Engagement” 2000 yil AQShning diniy erkinlik bo'yicha birinchi maxsus elchisi Robert Saypl va uning rafiqasi Enn Saypl (tashkilotning faxriy prezidenti Kris Sayplning ota-onasi) tomonidan tashkil etilgan. Tashkilotning maqsadi Davlat departamenti va boshqa diniy tashkilotlar ko'magida turli dasturlarni amalga oshirish orqali dunyoda diniy erkinlikni targ'ib qilish, shuningdek, sohaga oid muammolarni hal qilish uchun xorijiy hukumatlar bilan muloqot olib borishdan iborat. IGE dunyo jamoatchiligi oldida barcha dinlar o'zaro tinch-totuv yashashi uchun sharoit yaratishga intiladigan xristian tashkiloti sifatida namoyon bo'ladi.
2018 yil sentabr' oyida imzolangan uch tomonlama memorandum doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda diniy erkinlik bo'yicha norasmiy ishchi guruh tuzilgan. 2019 yil noyabr' oyida 40 dan ziyod ekspertlar, din arboblarining O'zbekistonga safari tashkil qilindi. Tashrif doirasida AQShning turli shtatlaridan kelgan imomlar, ravvinlar va pastorlar ishtirokida seminar o'tkazildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.