Bugun, 27 iyul' kuni Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi” binosida Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, Samarqand viloyati hokimi o'rinbosari Bahodir Qodirov hamda viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov qatnashdi.
Tadbirda so'zga chiqqan Diniy soha rahbarlari muhtaram Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda barcha jabhalarda bo'layotgani kabi diniy-ma'rifiy sohada ham ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, xususan, diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko'hna masjid va madrasalarni obod qilish, buyuk ajdodlarimizning bebaho ma'naviy-ma'rifiy merosini chuqur o'rganish va keng targ'ib etish borasidagi ishlar xalqimiz va dunyo jamoatchiligi tomonidan e'tirof etilayotgani aytib o'tildi.
Yig'ilish davomida ayni kunlarda Samarqand viloyatida Toshkentdan tashrif buyurgan va viloyatda faoliyat yuritayotgan voiz ulamolar olis va chekka hududlardagi masjidlarda ma'rifiy suhbatlar o'tkazilayotgani, shuningdek, aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilayotgani, ularda hudud ahlini yurtimizda bo'layotgan o'zgarishlar mazmun-mohiyati haqida xabardor qilish bilan bir qatorda, ularning dardu tashvishlariga ko'maklashish, fikr-mulohazalarini tinglash va diniy sohaga tegishli muammolarini joyida o'rganib, bartaraf etish ham ko'zda tutilgani bayon qilindi.
Shuningdek, tadbirda viloyatdagi masjid va mahallalarda o'tkazilayotgan suhbatlarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada sog'lomlashtirish, yoshlarni yot g'oyalardan asrashga alohida e'tibor qaratish lozimligi ta'kidlandi.
Yig'ilish so'ngida imom-xatiblar faoliyatini yanada yaxshilash, aholimizning diniy savodxonligini oshirish bo'yicha tavsiyalar berildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.
Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD