Bolajonlar, “Muhammadiya” bog'iga xush kelibsizlar!
Ustoz! Ustoz! Nimaga mening ismim bilan nomlangan?! – dedi birvarakayiga bir qancha yosh Muhammadlar ko'zchalarini pirpiratib...
Yoqimli tabassum ustoz chehrasini yoritib yubordi: “Biz bu bog'da Yer yuzidagi eng buyuk inson Alloh taoloning Payg'ambari Mustafosi Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) bilan tanishamiz. “Muhammadiya” bog'imizdagi bu bejirim eshik ortida bir olam borki, u erga “sollallohu alayhi vasallam” lafzini aytish bilan o'tiladi. Qani marhamat, “Muhammadiya” olamiga kiringlarchi... “SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM”!
Qoyil, zo'rliginii... bu! Bu yulduzmi... Yo'q Quyosh... Yo'q kometa yorug'ligi! Bolachalar bir-birini so'zlariga qarama-qarshi chug'ullashardi...
Bolajonlar bu “NUR”dir! Bu shunday nurki Rabi'ul avval oyining shu 12-kunida Yer yuzida Muhammad ismli inson dunyoga kelishi sababli dunyo zulmatini beqiyos yorug'ligi bilan burkagan muborak ziyodir.
Keyingi eshik ortidan kalit so'zini aytib kirgan Ahmad: “Mana bu ajoyib qo'ylar podasini qaranglar”, – dedi shoshib. Vodiy uzra yoyilgan bu jonivorlar har qanday ko'zni hayratda qoldirar edi.
Ustoz: “Ha, shu jonivorlarni boqqan Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham mehnatda chiniqqan, o'ktam o'g'lon bo'lganlar!”
Buhayroning manzili… “Ustoz bu qariya nima sababdan yig'lamoqda?”
– Bu ishq tomchilari... Muhammadni ilk ko'rgan onidagi quvonch yoshlari... Kelajakda bo'ladigan BUYuK BAShORATni murg'ak qalb egasida ko'rgandagi ilk muhabbat sarchashmalaridir.
– Hoy buyoqqa mana bu tuyalar karvonini qaranglar! Ajabo! Bizlar ham ular kabi savdogarlar bo'lamiz, ajoyib! Maysara ismli mana bu odamning tuyasi oqsoqlanyapti!? Yordamga! Hozir kavondan qolib ketadi. Iya, bu tuyani o'rnidan turg'izgan narsa nima bo'ldi!
Ustoz: “Muborak qo'llardan hosil bo'lgan mo'jizalarning boshlanishidir”, dedi ohista.
To'y... Hadichaning to'yi, Hadichaning to'yi... bolachalar qiy-chuv qilib yugirishdi.
– Ustoz mening to'yimmi, – dedi qo'ng'iroq sochlarini o'ynatgancha mitti Hadicha keyingi olam aro o'tar ekan iymanib...
Shirinliklardan, holvalardan olinglar. Bugun tarixda bo'lgan eng yorqin ziyofat uzra mehmon bo'lamiz. Ummul mo'minin onamiz Hadichaning to'yiga xush kelibsiz!
– Men shu olamda qolishni xohlayman, – derdi do'mboqqina Mahmud shirinliklarni paqqos tushira turib. Yur tezroq Mahmud anavi qurilishni qara... Bu anu, anu qora bino bor edi-ku, nima edi, – deb o'ylanib turgan Bilolning xayolini “Ka'ba, Ka'ba” degan Zaynabning topag'onligi chalg'itib yubordi.
– To'g'ri bu Allohning bayti – Ka'badir. Biz hozir Ka'baning ta'mirlanish manzarasini ko'rib turibmiz.
– Bu insonlar nimaga to'palon qilishyapti ustoz, - dedi Abdulloh hovliqib.
Hajarul-asvad degan jannatdan chiqqan toshni Ka'baning burchagiga kim qo'yishi haqida bahs ketmoqda. Bu sharafli ishdir. Bu vazifani hamma qilgisi kelib, sherigiga bergisi kelmayapti, tushuntirildi.
Birdan Al-Amin! Al-Amin! degan sado hamma joydan jaranglab ketti...
Hajarul-asvad bir matoga qo'yildi...
Har bir qabiladan bir vakil chiqib matoni to'rt tomonidan ko'tarishdi...
O'rniga qo'yilishiga omil bo'lgan echim...
Ko'rdilaringizmi, bolajonlar. qanday ajoyib hal bo'lgan masala. Adolat, ziyraklik, barchani birdan rozi bo'lishiga, bahsning nihoya topishiga sabab bo'lgan misli yo'q echim. Ha bu faqat Muhammadning qo'lidan kelar edi xolos – dedi ustoz faxr to'la ko'zlarini ortda qolgan olamga tikib...
Hiro g'ori... “Bu joyning balandligini!” – qo'rqib o'zini chetga olgan Usmon ustozning qo'lidan mahkam ushlab oldi.
Bolajonlar bizlar hozir ilk bor payg'ambar bo'lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixiy onlarida turibmiz... Aynan shu g'orda u zotga payg'ambarlik rutbasi berilgan.
Yaratgan Robbing nomi bilan o'qi.
U insonni alaqdan yaratdi.
O'qi! Va Robbing eng karamlidir!
U qalam bilan ilm o'rgatgandir.
U insonga u bilmagan narsani o'rgatdi...
“Muhammadiya” bog'ining ASRI SAODAT maskaniga o'tish uchun “AShHADU ANLA ILAHA ILLALLOH VA AShHADU ANNA MUHAMMADAR RASULULLOH” kalit so'zini ishlating...
– Namoz, namoz... biz ham ular bilan namoz o'qiylik – dedi Yusuf xursand holda sakrab.
Ustoz ma'mnun holda tushuntira boshladi: Ilk da'vat maxfiy ravishda 3 yil davomida olib borilgan. Muhammad Rasululloh va ularga iymon keltirgan insonlar (ular sahobalar deb yuritilgan) quyosh chiqishi va botishidan oldin ikki mahal namoz o'qishga buyurilgan edilar. So'ngra oshkora da'vat boshlangan.
Bu toshni olib tashlaylik, bu toshni anavi odamni ustidan olib tashlaylik... qiynalib ketti, olib tashlaylik...
bu erda esa bu opalarni kaltaklashmoqda “nimaga urasizlar”...
hoy anavi bog'lab qo'yilgan otaxonga “suv-suv” beringlar...
Bular esa issiqda qolib ketishibdi...
Ustoz bolajonlarning kuyinishlariga javoban – “Tarixda shunday aziyatlarni ko'pini ko'rgan ushbu sahobai kiromlarga Muhammad Rasulullohning sadoqatli xalili Abu Bakr (r.a.) yordam bergan”, - deb masalani yumshatdi.
Kalit so'zlarini aytib keyingi olamga o'tar-o'tmas, Amr o'rtoqlariga hovliqib baqirdi: Kemalar... Anavi ulkan kemalarni... Odamlar kemalarga yugurishmoqda... Biz ham qolib ketmaylik... Bo'linglar tezroq.
Ustoz bu holni ko'rib, kulib Amrni tinchlantirdi: “Biz bu kemalarga chiqmaymiz – ey Amr! U odamlar boyagi aziyatlardan xoli bo'lishlari uchun Habashiston degan joyga ketishmoqda...
Zahro: “Ustoz ularni yomon odamlar tutib, qaytarishmaydimi?” – derdi xavotirlanib.
“Yo'q! Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Habashistonda Najoshiy degan odil podshoh borligini va uning yurtida birovga zulm qilinmasligini bilardilar. Shu bois ashoblariga dinlarini fitnadan saqlash uchun Habashistonga borishlarini xabar qilgan edilar”, – deb javob berildi.
Bayram, bu erda bayram bo'lyapti... Mahmud yugur xurmolar tarqatilyapti...
Meninig bayramim ekan! Meninig bayramim ekan! – derdi Umar xursand bo'lib xurmolardan cho'ntagiga to'ldirib. Nega sening bayraming bo'ladi dedi Umarning singlisi Fotima hayron bo'lib.
Eshitmayapsanmi, Fotima – “Umar! Buyuk Umar musulmon bo'ldi! Bu Umarning bayramidir”, – deyishyaptiku, dedi.
Voy bu er muncha qo'rqinchli...
Chaqaloqlar yig'layaptimi...
Anavi odamlar nega daraxt barglari va po'stlog'ini eyishyapti...
Ustoz! Ustoz ular nega bunday g'arib holda...
Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida ro'y bergan eng dahshatli iqtisodiy qamaldir bu. Musulmonlar uchun bu davr juda og'ir bo'lgan. Daradagilar uch yil ana shunday ahvolda yashadilar.
Nimaga?
Maqsad – mushriklar Muhammad sollallohu alayhi vasallamni o'zlariga taslim ettirgunga qadar musulmonlarni och qoldirish va u zot sollallohu alayhi va sallamni o'ldirishga qulay fursat topish edi.
Keyin nima bo'ldi!?...
Bani Hoshim bilan birlashgan butun musulmonlar Payg'ambarlarining hayotini saqlab qolish uchun jonlarini ham qurbon qilishga tayyor edilar. Ularning bu jasoratlari sabab Quraysh qabilasi tuzgan zulm bitimi buzildi, qamal bekor qilindi.
“Ashhadu anla ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadar Rasululloh” kalit so'zi aytilib “Muhammadiya” bog'ining keyingi olamiga o'tildi.
Tarixdagi buyuk xodisa Oy bo'linishi...
Qoyil! Oyning kattaligini! Yulduzlaring ko'pligini! Bu erda ham bayram-mi? – dedi do'mboqqina Mahmud odamlarning yig'ilib turishganini ko'rib, shirinliklarni qidirishni boshladi.
Yo'q. Bu erda hozir buyuk mo'jizani ko'rasizlar! Ana oyga qaranglar!
Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning payg'ambar bo'lib yuborilganlarining 9-yili ushbu hodisa – Oyning ikkiga bo'linishi mo''jizasi ro'y bergan. Makka ahli mushriklari tomonidan talab qilingan ishning “betakror nihoyasi” bo'lgan bu mo'jiza – deb ustoz voqeaga sharh berdi.
Toif.
Tosh otmanglar, hoy ularga tosh otmanglar, naqadar yomonsizlar... Holid yig'lamsiraganicha tosh otayotgan jamoaga qarab baqirdi.
Ustoz, ustoz bu erdan ketaylik, dedi Ruqayya piqillab.
Ketamiz! Bu olam tarixning eng qabih nuqtasidir.
Bolajonlarim, Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Quraysh qabilasidan umidlarini uzib, Saqif qabilasini Islomga da'vat qilishga, hech bo'lmasa, boshpana berib qo'llab-quvvatlashlarini umid qilib Toifga bordilar, biroq himoyachi ham, ko'makchi ham topmasdan, ozoru aziyatlar ko'rib qaytganlar”, – deb ustoz g'amgin holda o'sha mudhish hodisani eslab, ko'zidan qatra yosh to'kildi.
Osmonga ko'tarilyapmiz-mi, – deb keyingi olam uzra o'tgan Ali ortda qolayotgan bulutlarni ko'rib. Ajib! Bu osmon eshiklari go'zalligini... Bizlar qayerdamiz?!
Isro va Me'roj hodisasidir bu – deb tushuntirildi.
Anavi yaltiroq o'ramli katta hadyalarga qaranglar! Ustoz, Ustoz bizga ham berilsin?! – deb, bir qancha ovoz jo'rligi jarangladi.
Albatta, qadrdonlarim! Ushbu buyuk Me'roj hodisasi sabab barchaga besh mahaldan mislsiz hadyalar beriladi! – deb bolajonlarga sovg'alar ulashildi.
Bu hadyalar nubuvvatning 13 yili Isro va Me'roj hodisasida farz qilingan besh mahal namozning mukofoti ibtidosidir, deb keyingi bog' olami aro o'tildi.
Bu er tor, qorong'u, sovuq ekan... Savr g'ori deyilyaptimi...
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlarining sodiq do'stlari Abu Bakr (r.a.) bilan birga Madinai munavvara degan go'zal maskanga ketishlaridan oldin uch kun turgan o'sha g'ordamiz.
O'sha go'zal shaharga biz ham boraylik, – dedi kichik Asmo.
Anaaa! Anavi erda “Madinai munavvaraga” deb chaqirilmoqda... Kettik tezroq... Biz ham mana bu tuyalarga minib o'tar ekanmiz, – deb bolajonlar xursanchilikdan sakrab yugurishdi...
Go'zal Madina!
Iya men bu salavotni yoddan bilaman, onam yodlatgan deb Ahmad ohangga jo'r bo'ldi:
طلع البدر علينا .. من ثنيات الوداع
Tola'a-Badru a'layna... Min saniyatil-Vada'a
وجب الشكر علينا .. مادعي لله داع
Vajabash-shukru a'layna.. madaa lillahi da'a
Masjidi nabaviyning qurilishi...
Har bir g'ishtga mukofot! Har bir ishga ajr!
Biz ham qurilishda ishtirok etamiz deb, – Hasan va Husaynlar englarini shimarib, ishga tushib ketishdi. Masjid daraxtlariga suv quyish vazifasini Safiya va Amira “biz qilamiz” deb, ko'zachalarni suvga to'ldirishga kirishdilar. Usmon esa usti-boshi chang bo'lishiga qaramasdan masjid hovlisini supura ketti. Sheriklariga shirin ichimlikni tarqatishni Mahmud o'z zimmasiga oldi.
“Muhammadiya” bog'idagi keyingi olamga kalit so'zini aytib o'tgan bolajonlar qo'ng'iroqlar chalinishi, do'mbiralarning chertilishi, olovning yoqilishi, surning ovozini eshitib hayron bo'lishdi. Zaynab hammaning nomidan: “Ustoz, ustoz, bu narsalar nima uchun qilinmoqda? – deb so'radi.
Bu erda musulmonlarni namozga qanday chaqiramiz deb o'ylanishyapti, – dedi ustoz bolajonlarni qiziqtirib.
Azon, namozga azon aytilib chaqiriladi-ku, ustoz, – dedi Bilol hayron bo'lib.
Ha, balli Bilolim! Ana sening gaplaringni tasdig'i! Azon aytilyapti...
Bolajonlar tarixning go'zal kashfiyotlaridan birini maroq bilan eshitishdi:
«Allohu Akbar, Allohu Akbar,
Allohu Akbar, Allohu Akbar,
Ashhadu alaa ilaha illalloh,
Ashhadu alaa ilaha illalloh,
Ashhadu anna Muhammadan rasululloh,
Ashhadu anna Muhammadan rasululloh,
Hayya alas sola, hayya alas Sola,
Hayya alal falah, hayya alal Falah,
Allohu Akbar, Allohu Akbar,
Laa ilaha illalloh».
– Biz hozir Badr degan joydamiz. Bu er Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ilk zafarlari bo'lgan maskandir, - deb ustoz voqealarni bolajonlarga qisqacha tushuntirib berdi.
– Anavi eshik ortidan shirin xidlar kelyapti, quvnoq ovozlarga qaraganda qandaydir bayram bo'lyapti. Yuringlar, – dedi keyingi olamga o'tishni shoshiltirib Mahmud.
Eshikdan o'tishar ekan juda ham g'aroyib tantananing guvohi bo'lishdi.
Hayit, hayit bayramingiz bo'lsin muborak.. degan aks-sadolar, shirin taomlar, shirinligu holvalar, ko'zni quvontiradigan sovg'alar, rango-rang o'yinchoqlar, go'zal gullar ifori... bolajonlarni hayratda qoldirdi.
Ustoz bolajonlarining quvonchlariga sherik bo'lib: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam sababli bu ummatga berilgan bayramdir”, – deya faxrlanib shirinliklardan oldi.
– Bu joy Uxud deyiladi. Anavi tog'ni ko'riyapsizlarmi? Shu tog'ning nomiga qo'yilgan bu maskan. Shu erda bo'lgan jangga ham Uhud nomi berilgan. Bu joyda Muhammad sollallohu alayhi vasallam amakilari Hamza vafot etgan. Makka mushriklari bilan madinalik musulmonlar orasida bo'lgan ushbu jang juda og'ir kechgan.
– Muhammad sollallohu alayhi va sallamning o'zlariga hech narsa qilmaganmi, – dedi Abdulloh bolalarga xos jiddiylik bilan.
“Uhud kuni Makka mushriklarining hujumlari asosan u zot sollallohu alayhi va sallamni yo'q qilishga qaratilgan edi. Ushbu nodon odamlardan biri otgan tosh u zotning yuzlariga tegib, pastki o'ng kurak tishlari sinib, pastki lablari yorilgan. Peshonalariga jarohat etkazilgan. Yelkalariga zarb berilgan”, - deb mahzun holda javob berildi.
– Bu erni chuqurligini. Ehtiyot bo'linglar, yiqilib tushmanglar, – deya Ahmad o'rtoqlarini ogohlantirdi. “Bu er nimaga kovlanyapti?” – pastlikdagi odamlarninig berilib ishlashayotganini ko'rib, qiziqib so'radilar.
– Biz hozir Handaq (Ahzob) uzra turibmiz. Hijriy 5 yil, shavvol oyida bo'lib o'tgan Handaq g'azotiga tayyorlanish onlaridir.
– Men bu hodisani bilaman, dedi Salmon o'rtaga chiqib. Mening ismim mana shu xandaqni kovlash fikrini bergan inson xurmatiga qo'yilgan, otam aytib berganlar, – dedi g'urur bilan.
– Albatta! Sening isming sohibi aytgan masala sabab, g'alabaga erishilgan, – deb ustoz, ohista Salmonning peshonasidan o'pib qo'ydi.
– Anavi odamlar nima sababdan daraxt atrofida aylanishyapti? – so'radi Ali.
– Bu Rizvon bay'atidir. Muhammad sollallohu alayhi vasallam umra qilish niyati bilan Makka sari sahobalari hamrohligida yo'lga chiqadilar. Lekin Quraysh mushriklari ularni kirgizishmaydi. Shunda ikki tomon o'rtasida to'rt banddan iborat sulh bitimi imzolandi. Ushbu bitim Islom tarixida “Hudaybiya sulhi” nomi bilan mashhurdir. Shundan keyingi yil bu umrani qazosini ado qilishadi.
Barchamizga ma'lumki, biron bir davlatning ravnaqi va taraqqiy topishi uchun, albatta, birinchi navbatda tinchlik va osoyishtalik juda ham zarur. Davlatning ichki tinchlik va farovonligini ta'minlash, kuchli ichki siyosatdan kelib chiqadi. Ana shu voqealardan biri hisoblanmish Hudaybiya sulhi Islom va musulmonlar hayotida yangi davrning boshlanishi bo'ldi, – deb ustoz masalani atroflicha tushuntirdi.
– Podshohliklariga sayohat... Eshityapsizlarmi, – dedi Mahmud sheriklarini turtib. Podshohliklariga sayohat...
– Qoyil, bu xaybatli qasrlarga qaranglar... Bu qanday joy ustoz?!
– Bizlar hozir turli podshohlarning maskanlaridamiz. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Hudaybiyadan qaytib kelganlaridan so'ng, 6-yilning oxirlarida podshohlarni Islomga da'vat qilib, maktublar yo'lladilar.
Anavi uzukni ko'ryapsizlarmi?- dedi ustoz bolajonlarning diqqatini markazdagi bejirim idish ichidagi uzukka ishora qilib.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam podshohlarga maktub yo'llashlari oldidan u zotga: «Podshohlar faqat muhr qo'yilgan xatlarni o'qishadi», deyilgach, kumushdan uzuk yasattirib, unga «Muhammad Rasululloh», deb naqsh urdirdilar. Ushbu naqsh uch satrga joylashgan bo'lib, bir satrda محمد - «Muhammad», yana bir satrda رسول - «Rasul», yana bir satrda الله - «Alloh» kalimalari bitilgandi.
Bu ulkan, qasr-u binolarning egalari: Misr podshosi Muqavqis, Fors hukmdori Kisro, Rum podshosi Qaysar, Bahrayn hokimi Munzir, Yamoma hokimi Havza, Damashq hokimi Horis, Habashiston podshohi Najoshiylardir.
– Anavi binolarchi, dedi qiziqib Zaynab narigi olam eshigi ortidagi ketma-ket qal'alarga ishora qilib.
– Ha! Bu Haybar g'azotida Muhammad sollallohu alayhi vasallam va sahobalari qo'lga kiritgan zafar imoratlaridir, – deb savolga javob berildi.
Keyingi olam aro o'tgan bolajonlar tarixning Buyuk fathi uzra chiqdilar...
Makka fathi...
Muhammad sollallohu alayhi vasallam o'n ming sahobadan tashkil topgan qo'shin bilan Makkai mukarramani fath qilganlar.
Fath qutlug' bo'lsin, g'alaba muborak bo'lsin...
Ustoz kichik sayohatchilariga bu kun xursadchiligi sabab Zam-zam suvi tarqatdi.
So'ngi manzil... Ashhadu anlaa ilaha illalloh, Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh kalit so'zlari bilan kirilgan keyingi olamda juda ko'p insonlarning oppoq kiyinib olishganini ko'rib bolajonlar hayron qolishdi.
– Bu “Hajjatul vado'”dir. Muhammad sollallohu alayhi vasallam hijriy 10 yil 100 mingdan ortiq sahobalari bilan Makkaga Haj qilgani kelganlar, – deb izoxlandi.
So'ngra ustoz bolajonlarga Muhammad sollallohu alayhi vasallam o'sha kuni qilgan “muborak xutbalarini” muxtasar qilib aytib berdi:
Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Darhaqiqat, men sizlarga mahkam ushlasangiz hech qachon adashmaydigan narsani – Allohning Kitobini qoldirdim” va “Ey odamlar, mendan keyin payg'ambar yo'q, sizlardan so'ng boshqa ummat yo'q. Ogoh bo'linglar! Parvardigoringizga ibodat qilinglar, besh vaqt namozingizni o'qinglar, bir oy ramazon ro'zangizni tutinglar, boyliklaringizning zakotini ko'ngildan chiqarib beringlar, Parvardigoringizning Bayti (Ka'ba)ni haj qilasizlar va boshliqlaringizga itoat qilinglar, Parvardigoringizning jannatiga kirasizlar” , - deb marhamat qilganlar.
So'ng u zot sollallohu alayhi va sallamga Moida surasi 3-oyati nozil bo'lgan.
“Ana, endi bugun, diningizni kamoliga etkazdim, ne'matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo'lishiga rozi bo'ldim ...”
Ushbu oyatlar “Muhammadiya” bog'ining so'nggi manzilida jaranglab tilovat qilindi...
Qadrli ko'z quvonchlarim Muhammad sollallohu alayhi vasallamni beqiyos muhabbat bilan seving... Shunda Alloh sizni sevadi...
Assalamu alaykum va rohmatullohi va barakotuh!
“Hadichai kubro” ayol-qizlar o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisasi N. G'ofurova
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov