Ma'lumki, Ramazon oyida Alloh taolo bandalariga O'z rahmati va barakotini ko'plab nozil qiladi. Shunday ekan, o'z navbatida insonlar ham bu kunlarni g'animat bilib, ko'proq ibodat va ezgu amallarni ado etishga harakat qilishi lozim.
Ezgu amallar deganda, avvalo, chin ixlos-e'tiqod, ibodatda bardavom bo'lish, shuningdek, o'zgalarga xayru saxovat ko'rsatish va ularni chiroyli ko'rinishda xolis ado etish tushuniladi.
Bugungi kunda barchalarimiz muborak Ramazon oyida Allohning bizga ato etgan ne'matlaridan baxramand bo'lib turibmiz. O'ziga shukr, ushbu oyni sizu bizlar tinchlik, xotirjamlikda, osoyishtalikda o'tkazmoqdamiz. Bu oyning dastlabki o'n kuni “rahmat” dahasi ham o'tib, ikkinchi o'n kunligi, ya'ni “mag'firat” dahasi boshlandi. Bu dahada xolis niyat bilan ro'za tutgan bandalarini Alloh taolo avvalgi qilgan gunohlarini kechiradi, mag'firat qiladi. Bu dahalarda ro'yi zaminga Allohning rahmati ila mag'firati yog'iladi. Yaratganning o'zi qodir qilganicha ro'za tutib, taroveh namozlarini ado etgan bandasiga albatta O'z rahmat va mag'firatini ato etadi.
Islom dini besh asos ustida qurilgan bo'lib, shulardan biri bu – Zakot ibodatidir. Zakot Alloh taolo mo'min bandalariga farz qilgan amallaridandir. Haq taolo marhamat qilib aytadiki: “Namozni barkamol o'qingiz, zakot beringiz...”.
Boshqa bir oyatda esa, “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...”(Tavba, 103), deb marhamat qilgan.
Zakotning joriy etilish hikmati shuki, zakot tufayli jamiyatda bir qadar tenglik paydo bo'lib, boy va faqir tabaqalar o'rtasida iliq munosabatlarni vujudga keladi, qolaversa, zakot beruvchining molini poklab, uni talofatdan asrashiga zamin tayyorlanadi.
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar: “Sizlar mollaringizni zakot (berish) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berish) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz”.
Ma'lumki, zakot muayyan miqdordagi mablag'ga ega bo'lgan musulmonning zimmasiga farz bo'ladi. Zakotni vojib qiluvchi muayyan miqdor shariat tilida – nisob deyiladi. Zakot tillo va kumush, pul meva va dehqonchilik mahsulotlari hamda chorva mollaridan beriladi. Zakot beriladigan molning nisobi Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tomonlaridan qat'iy belgilab berilgan.
Tilloning nisobi (85 gr.) 20 misqol bo'lib, undan (2,5 gr.) 0,5 misqol zakot uchun ajratiladi. Ya'ni, qirqdan biri demakdir.
Zakot vojib bo'lishi uchun yuqorida aytib o'tilgan nisob miqdori mavjud bo'lishi hamda shu nisobga bir yil to'lishi kerak.
Chorva mollari jumlasiga tuya, qora mol hamda qo'y-echkilar kiradi. Tuyaning soni beshta bo'lsa nisobga etgan hisoblanib, undan bitta qo'y zakot uchun ajratiladi. Qora molning nisobi 30 ta bo'lib, undan bitta bir yoshli buzoq zakotga chiqariladi. Qo'y va echkining soni 40 taga etganida nisobi to'lgan hisoblanib, undan bitta qo'y yoki echki zakotga chiqariladi. Chorva mollaridan zakot vojib bo'lishi uchun tilla va kumush uchun aytilgan shartlar bo'lishi, ya'ni bir yil davomida kamaymasligi, bundan tashqari chorva mollari yarim yildan ko'proq vaqt davomida yaylovda o'tlatilgan bo'lishi shart. Ammo, em-xashakni 6 oydan ortiq tashib kelib boqilgan bo'lsa, zakot vojib bo'lmaydi. Magar tijorat niyati bo'lsa, xuddi boshqa buyumlar qatori hisoblanadi.
Dehqonchilik agar lalmi er mahsuloti bo'lsa, undan ushr (ya'ni o'ndan bir), sug'oriladigan erdan chiqqan mahsulot bo'lsa, ushrning yarmi (ya'ni yigirmadan bir) qismi miqdorida zakot chiqariladi. Ushr – hosil terib olingan vaqtda beriladi.
Bundan tashqari naqd pul va tijorat uchun olingan mollardan ham zakot beriladi. Ularning nisobi esa tillo va kumushning nisobiga qiyosan belgilanadi. Ya'ni tillo va kumushning qiymati aniqlanib, shularga taqqoslanadi.
Shuni yaxshi anglamoq lozimki, yuqorida zikr qilingan nisob miqdorlari zakotni vojib qiladigan qiymatning eng past chegarasi bo'lib, mablag' miqdori ortgan sari undan chiqariladigan qirqdan bir qismining miqdori ham ortib boraveradi.
Albatta, zakotning savobi yanada mukammal bo'lishi uchun uni munosib o'rinlarga berish juda muhimdir. Qur'oni karimda zakot beriladigan o'rinlar aniq bayon qilingan:
“Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (g'ayridin)lar, (pul to'lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo'lida hamda yo'lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir”(Tavba, 60).
Bu sakkizta o'rindan g'ayridinlar, qullar chiqarib tashlangan. G'ayridinlar Hazrat Umar (roziyallohu anhu) davrida sahobalar ijmoi ila, qullar esa, hozirgi asrimizda mavjud emasligi ila bekor qilingan. Ayni paytda yurtimizning turli bilim yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning o'quv shartnoma to'lovlariga yordam berishlik eng mustahiq o'rinlardan biridir. Zero ular yurtimiz uchun kelajakda etishib chiqayotgan mutaxassislardir. Zakotni ota-ona va farzandlar, shuningdek, er bilan xotin bir-birlariga berishi mumkin emas. Lekin uni boshqa qarindoshlarga bersa bo'ladi.
Zakot va boshqa sadaqalarni avvalambor yaqin qarindoshlar orasidagi ehtiyojmandlariga, qo'ni-qo'shni, mahalladagi muhtoj, kam ta'minlangan oilalarga berish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, mehribonlik uylari, mehr-muruvvat uylariga, nogironlarning maxsus muassasalariga berish o'rinlidir. Bunda o'sha muassasalar, ularda parvarish qilinayotgan insonlarning nimalarga ehtiyoji bo'lsa, zakoti hisobiga o'sha narsalarni muhayyo qilib berish to'g'ri bo'ladi.
Zakotni kam ta'minlangan oilalar farzandi bo'lgan talabalarning kontrakt-shartnoma to'lovlari uchun o'tkazib berilsa ham juda o'rinlidir. Ayniqsa, bu sadaqai joriya hisoblanib, o'sha talabaning kelajakda qilgan savobli amallari, amalga oshirgan yaxshi ishlaridan zakot beruvchiga ham savob etib turadi.
Alloh taolo barchalarimizni muborak oyda ezgu amallarni ko'proq qilishga muyassar aylasin!
Shayx Abdulaziz MANSUR
Jumladan, turkiyalik moturidiyshunos olim va mutaxassislar ushbu tashabbusni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qaror sifatida baholamoqdalar. Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Ahmad Yildirim tomonidan e’lon qilingan maqola fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Maqolada yurtboshimiz qabul qilgan mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, qayta tiklash va uni jahon hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilgan.
Maqolada Imom Moturidiyning islom tafakkuri tarixida tutgan o‘rni alohida ta’kidlangan. Unda bayon etilishicha, Imom Moturidiy ilmiy merosi bugungi globallashuv davri muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy o‘z davrida nafaqat diniy, balki falsafiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni ham qamrab olgan mukammal tizimni yaratgan. Moturidiylik ta’limoti asosan aql va hikmatga tayangan holda, insonning axloqiy mas’uliyatiga urg‘u qaratadi.
Ahmad Yildirimning ta’kidlashicha, Imom Moturidiyning hikmatga asoslangan tafakkur tizimi bugungi kun odami hayotdan ma’no izlash jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga ham yechim bera oladi. Maqolada e’tirof etilgan so‘zlar e’tiborga molik: “Imom Moturidiyning bugungi kunimiz uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni yuzaga chiqarib, insoniyat taraqqiyotiga safarbar qilish lozim. Shundan kelib chiqqan holda maxsus tadqiqotlar zarurligi ayni haqiqatdir. Mana shuni anglagan holda O‘zbekistonda 2025 yil Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash yili deb e’lon qilindi”.
Shuningdek, Ahmad Yildirim O‘zbekiston Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, talabalar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha musobaqa va davra suhbatlarini tashkil etish, moturidiylik allomalari hayoti va ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash hamda ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish kabi tadbirlarni ham alohida e’tirof etgan.
Ahmad Yildirim o‘z maqolasini quyidagicha yakunlaydi: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona rahbarligi hamda 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid qarori ortidan Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi tarixini o‘zgartirgan allomalarning avvalgi safida turuvchi Imom Moturidiyni xotirlash va uning fikrlarini qayta jonlantirish, yosh avlodni adashgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, insoniyatga bugungi kunda odamlar o‘tmishdagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan tinchlik, bag‘rikenglik va yuksak ishonch madaniyatini taqdim etadigan yangi Islom sivilizatsiyasi binosini barpo etish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilgan bo‘ladi”.
O‘zA