Zakot, kafforat, fitr sadaqasi, ushr, nazr kabi to'lovlarda beriladigan narsa yoki hayvon o'rniga ularning qiymati miqdorida pul bilan to'lash ham mumkin. (Fatovoyi Olamgiriya”)
2. Tuyalardan zakot berilganda erkagidan emas, urg'ochisidan beriladi. Qo'ylardan berilganda esa, erkak-urg'ochisining farqi yo'q. (“Fatovoyi Olamgiriya”)
3. Boydan zakot puli (qirqdan bir) miqdorida qarzi bor kambag'alga o'sha pulni zakot niyati bilan hadya qilib yuborsa, zakotga o'tmaydi. Qarzni undirib olishning shar'iy yo'li quyidagicha: Unga zakot niyati bilan pul berib, so'ngra qarzini undirib oladi. (“Sirojiya”)
4. Qo'lida yarim nisob boyligi bo'lib, odamlarda ham yarim nisob miqdorida qarzga bergan puli bor odam zimmasiga zakot berishlik vojibdir. (“Fatovoyi Bazzoziya”)
5. Bir necha hovlisi, do'konlari va ko'p miqdorda g'allasi bo'lsa ham o'zi va oilasining bir yillik xarajatiga etib etmay turgan bo'lsa, shunday odam ham zakot olishi joiz. Bu imom Muhammad rahmatullohi alayhi so'zlaridir. (“Fatovoyi Bazzoziya”)
6. Fiqh ilmi bilan shug'ullanadigan olimning uyidagi kitoblari juda katta mablag'ga teng bo'lsa ham agar ulardan foydalanib turishga muhtoj bo'lsa, bu kitoblardan zakot berishi vojib emas. Lekin zarur bo'lmaydigan kitoblarning qiymati nisobga etsa, ulardan zakot berishi vojibdir. (“Fatovoyi Olamgiriya”).
7. Qarzdor uzoq joyga qochib ketsa, qaraladi – agar qarz bergan odam uni topib kelishga qodir bo'la turib, harakat qilmasa, zakot soqit bo'lmaydi. Topib kelishga imkoniyati bo'lmasa, undagi qarz puldan zakot bermaydi. (“Fatovoyi Olamgiriya”).
8. Zakotda yil hijriy-qamariy sana bilan o'lchanadi (354 kun). Yilning boshi va oxirida zakot nisobi mavjud bo'lib, o'rtasida nisobdan kamayib turishi zakotning soqit qilmaydi. (“Fatovoyi Olamgiriya”).
9. Yil davomida foyda va qo'shimcha daromadlar nisobga etgan boyligiga qo'shiladi. Nisobga etmagan boyligiga qo'shib hisoblanmaydi. Agar nisobga etmagan moliga yangi daromadni qo'shganida nisobga etadigan bo'lsa, qo'shib shu kundan boshlab yil o'tishini kutadi. (“Fatovoyi Olamgiriya”).
10. Birovga omonatga pul qo'ygandan keyin o'sha odam kim ekanini unitib qo'ygan bo'lsa, zakot beradigan vaqti o'tib ketganidan keyin omonat saqlovchi odamning kimligi esiga kelsa va u notanish odam bo'lsa, o'tgan yil uchun zakot bermaydi. Bordi-yu, u odam eskidan o'zining tanishi bo'la turib, esidan chiqargan bo'lsa, esiga tushgandan keyin o'tgan yil uchun zakot beradi. (“Fatovoyi Bazzoziya”).
11. Bir necha hovlisi, do'konlari va ko'p miqdorda g'allasi bo'lsa ham o'zi va oilasining bir yillik xarajatiga etib-etmay turgan bo'lsa, shunday odam ham zakot olishi joiz. Bu Imom Muhammad rahmatullohi alayhi so'zlaridir. (Fatovoyi Bazzoziya”).
12. Zakotni qarzdor kishiga berish uni faqir kishiga bergandan ko'ra yaxshiroqdir. (“Fatovoyi Bazzoziya”).
13. Hovlidagi mevali daraxtlarning mevasidan ushr berilmaydi, balki dalasidagi – bog'idagi daraxtlarning mevasidan ushr beriladi. Zero, hovlidagi narsalar undagi imoratlarga tobe hisoblanib, ulardan zakot yoki ushr olinmaydi. (“Fatovoyi Bazzoziya”).
14. Boyligini daladagi eriga yashirib ko'mib qo'yib, so'ngra bir necha yil topa olmay yurgandan keyin topsa, o'tgan yillar uchun undan zakot berilmaydi. Ammo uyining biror joyiga yashirib qo'ygan boyligini bir necha yil topa olmay yurgan odam topgach, o'tgan yillar uchun uchun undan zakot beradi. (“Fatovoyi Qozixon”).
O'zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay'ati
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV