1. Yashab turgan uy-joylari, kiyib turadigan kiyimlari, minilib turadigan ulov, oziq-ovqat, pardoz buyumlari (agar tilla, kumushdan yasalmagan bo'lsa), gavhar, marjon, yoqut, zumrad (agar sotish uchun saqlanmayotgan bo'lsa) olimning foydalanib turgan kitoblari, kasb-hunar asboblari kabi narsalardan zakot berilmaydi. Bo'yoqchining idishdagi bo'yog'idan, teri oshlovchining idishdagi yog'-moylaridan zakot beriladi. Kirchining kir sovunidan zakot berilmaydi. (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Kifoya”)
2. Garovga qo'ygan boyligi, madomiki, garovga olgan kishi qo'lida ekan, undan zakot berish vojib emas. (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Kifoya”)
3. Bo'yniga olmay yurgan qarzdorga qarshi dalil-hujjatga ega bo'lib qolsa va qarzni undirib olsa, o'tgan yillar uchun zakot vojib emas. (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Kifoya”)
4. Odamlardan qarzdor kishi agar boyligidan qarziga beradigan bo'lsa, nisobdan kamayib qoladigan bo'lsa, unga zakot vojib emas. Ammo nazr, kafforat, fitr sadaqasi, haj puli kabi Allohning haqlari ham zimmasidagi qarzi hisoblanadi. Lekin bu qarzlar zakotga to'sqinlik qilmaydi, ya'ni mazkur joylarga sarf qilsa, nisobdan kamayib qolish ehtimoli bo'lsa ham zakot beraveradi. (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Kifoya”)
5. Qarzdor uzoq joyga qochib ketsa, qaraladi, agar qarz bergan odam uni topib kelishga qodir bo'la turib, harakat qilmasa, zakot soqit bo'lmaydi, topib kelishga imkoniyati bo'lmasa, qarzdordagi puldan zakot bermaydi. (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Kifoya”)
Fatvo hay'ati
“Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Aytib o‘tish joizki, 2024 yilning 18 iyulidan 2025 yilning 6 fevraliga qadar o‘tkazilgan 65 ming 729 ta tadbir doirasida 402 931 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. Ularning oilaviy sharoitlaridan kelib chiqib, tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi.
Ushbu xayrli ishlarga diniy soha vakillari bilan bir qatorda 11 mingdan ziyod hojilar jalb etilgan bo‘lib, ular mahallalarda amaliy ishlarda ko‘ngilli ravishda ishtirok etishmoqda. Nizoli oilalarni yarashtirishda, yot unsurlar ta’siriga tushib qolganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda muhtaram hoji ota-onalarimizning ko‘maklari katta bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati