Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2025   |   16 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:33
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
20:56
Bismillah
10 Avgust, 2025, 16 Safar, 1447

Taroveh namozi haqida

13.06.2016   3309   9 min.
Taroveh namozi haqida

Ramazon oyi fazilatlarga boydir. Uning fazilatlaridan biri oy davomida xufton namozidan keyin taroveh namozi o'qilishidir. Payg'ambarimiz (alayhissalom) taroveh namozi xususida bunday deganlar:

 

“Kim ramazon kechalarida turib, ibodat qilish sunnatligiga ishonib, savob umid etib ibodat qilsa, oldingi gunohlari kechiriladi” (Abu Hurayradan rivoyat qilingan).

 

“Taroveh” lug'atda “orom oldirish, dam berish” ma'nolarida kelgan “tarveha” so'zining ko'plik shaklidir. Istilohda Ramazon oyida xuftonning sunnati va vitr namozi o'rtasida o'qiladigan namozga nisbatan ishlatiladi. Namozning har to'rt rakatidan so'ng to'xtab, dam olingani uchun “taroveh” deb nom berilgan.

 

Taroveh namozi yigirma rakat bo'lib, erkak va ayollar uchun sunnati muakkadadir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Allohdan savob umid etib, Ramazon namozini (tarovehni) o'qisa, oldingi gunohlari kechiriladi”, deya marhamat qilganlar (Buxoriy, “Salotut-taroveh”, 1; Muslim, “Musofirin”, 174).

 

Qur'oni karimni to'la yod bilmagan kishilarga Fotiha surasidan so'ng Fil surasidan boshlab kichik suralarni qo'shib o'qish tavsiya qilingan (“Zohidiy ”).

 

Hazrat Umar xalifa bo'lgach, odamlar tarqoq holda taroveh namozini ado etayotganlarini ko'rib, bu namozni jamoat bilan o'qishni yana joriy qildilar. Hazrat Ali ham: “Umar masjidlarimizni tarovehning fayzi ila nurlantirganidek, Alloh ham Umarning qabrini shunday nurlantirsin”, deya duo qilib, bu ishdan mamnun bo'lganlarini bildirganlar.

 

Hazrati Umar, Hazrati Usmon va Hazrati Ali davrlaridan boshlab, hozirgi kungacha taroveh namozi yigirma rakat o'qiladi. Sahobalardan hech kim bunga e'tiroz bildirmagan, ulamolar tarafidan ham shu shaklda o'qish qabul qilingan.

 

Hukmi

 

Ramazon oyida taroveh namozini o'qish erkak va ayollarga sunnati muakkadadir. Taroveh namozini jamoat bilan o'qish sunnati kifoyadir.

 

Vaqti

 

Taroveh namozi xufton namozining sunnatidan so'ng vitr namozidan oldin o'qiladi.

 

Niyati

 

“Taroveh namozini (yo shu vaqtning sunnatini) yuzimni Ka'baning bir tomoniga qilib, xolis Alloh uchun o'qishni niyat qildim”, deb ko'nglidan o'tkaziladi.

 

Rakatlari soni

 

Taroveh namozi yigirma rakatdir. Har ikki rakatdan so'ng salom beriladi.

 

Har to'rt rakatdan so'ng, ya'ni ikki salomdan keyin hamda vitr namozidan oldin to'rt rakat namoz o'qish miqdoricha dam olinadi. Dam olishda, istasa, tasbeh yo tahlil aytadi yo jim o'tiradi. Tasbeh aytish mustahabdir.

 

Taroveh namozining har ikki rakatining birinchi rakatida imom va qavm sano o'qiydi. Imom taavvuz va tasmiya aytadi. Ruku va sujud tasbehlari uchtadan aytiladi. Qavma va jalsaga rioya etish sunnatdir.

 

Qiroati

 

Barcha namozlarda, jumladan, taroveh namozida ham qiroatni tajvid talablariga muvofiq qilish farzdir. Qiroatda ovoz go'zalligi emas, uning to'g'riligi muhimdir. Shuning uchun qiroatni to'g'ri qiluvchi odam imomlikka o'tkaziladi. Taroveh namozi davomida Qur'oni karimni bir marta xatm qilish sunnatdir. Salaf ulamolarimiz, Laylatul qadr umidida Ramazon oyining yigirma ettinchi kechasi tarovehida xatm qilishni maqbul ko'rishgan. Buning uchun Qur'oni karim oyatlari 540 rukuga taqsim etilib, mushaflarga belgi qo'yilgan.

 

Barcha namozlardagi kabi taroveh namozida ham jamoatning ko'pligi afzaldir. Shuning uchun imom taroveh namozida jamoat toqatiga muvofiq miqdorda qiroat qilishi lozim. Mutaaxxir ulamolarimiz jamoat toqatidan kelib chiqib, taroveh namozida bir uzun yo uch qisqa oyat o'qish mumkinligiga, ya'ni, Asr va Ixlos kabi suralarni o'qish joizligiga fatvo berishgan.

 

Bu o'rinda shuni ta'kidlash lozim: taroveh namozida, jamoatga malol keladi, degan o'yda namozning sunnatlari aslo tark etilmaydi. Salovot o'qiladi. Salovatdan keyingi duoni o'qimaslik joiz.

 

Ramazon oyi davomida vitr namozi taroveh namozidan so'ng jamoat bilan o'qiladi.

 

 

 

“Hidoyat” jurnali materiallari asosida tayyorlandi.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

08.08.2025   7116   2 min.
“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

 Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda

 

Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar 


    O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.


    Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.



 

    Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.

 

    Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

 

    Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.

 

    Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi. 

 

    Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.

 

    Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.

O'zbekiston yangiliklari