frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Manbalarimizga bildirilgan shubhalar din dushmanlari taktikasidir!

27.07.2022   2053   4 min.
Manbalarimizga bildirilgan shubhalar din dushmanlari taktikasidir!

Din dushmanlarining islomga qarshi olib borayotgan taktikalaridan biri islom ulamolari, imom-domlalar va ahli ilmlarni kamsitish, ularning obro'-e'tiborlarini omma musulmonlari qalbidan tushirish hisoblanadi. Ana shunday taktikalardan yana biri, islom manbalariga til tekkizish, ularning asl nusxa ekanligini, e'tiborini kamsitish, muhim emasligini ta'kidlash, muallifga tegishlilik masalasini shubha ostiga qo'yish hisoblanadi.

Din dushmanlari yuz yillardan beri “Qur'on”ni Allohning kitobi emas, uni Muhammad (alayhissalom) o'zi to'qigan, hatto “Qur'on” XIII asrgacha qayta ishlanib tahrirdan o'tib kelgan, deb kelishadi. Maktablarida shunday deb o'qitishadi ham…

Din dushmanlari yuz yillardan beri Sunnatni va hadislarni shubha ostiga olib kelishadi. Sahih hadislar yo'q, uni Payg'ambar (alayhissalom) o'tganidan yuz yillardan keyin yozishgan, deb kelishadi. Qur'oniy, besunnat degan toifalarni ana shu iddaolari natijasida vujudga keltirishdi.

Din dushmanlari yuz yillardan beri “Sahihi Buxoriy”ning islom dinida ikkinchi manba ekanligini shubha ostiga olib kelishadi. “Sahihi Buxoriy”ning ilk qo'lyozma nusxa yo'q, deb turib, undagi sahihdan sahih hadislarini zaif deguvchilar vujudga kelgan. Bugun undagi roviylarni kazzobga chiqaruvchi toifalar bor.

Din dushmanlari yuz yillardan beri Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhi yozgan “Al-Fiqh al-akbar” asarini unga tegishli emas, deb kelishmoqda. Bugun ularning nog'oralariga o'ynayotgan toifalar bor.
“Al-Fiqh al-akbar” aslida o'rta asrlarda kalom deb atalgan aqida ilmining ilk umumiy nomlaridan biri bo'lib, hatto shu nomda Imom ash-Shofe'iy rahmatullohi alayhining ham asari bo'lgan. Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhi bu borada bir emas, hatto shu nomda “al-Fiqh al-akbar”(katta)→“al-Fiqh al-avsat”(o'rtacha)→ “al-Fiqh al-absat” (kichik) nomli asarlar bitgan. Lekin bugungi toifalar bularni inkor qilishdan charchashmaydi…

Din dushmanlari yuz yillardan beri vahhobiy, salafiy kabi toifalarni chiqarib keladi. Ular avvaliga ahli sunnat va jamoat ta'limotining asoschilari bo'lmish Imom Moturidiy rahimahulloh va Imom Ash'ariy rahimahullohni ahli sunnat va jamoatdan emas, deb kelishdi. So'ng Imom Moturidiy rahimahullohni Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhi mazhabida emas, deb chiqishdi, ikkovining aqidasi boshqa-boshqa degan da'voni ko'tarishdi. Endi esa, bira yo'la hanafiylar e'tiqodi yozilgan “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhiga tegishli emas, deb jar solishmoqda. Dushmanlarning bosqichli rejalarini bilib oling!

Din dushmanlari yuz yillardan beri Imom Muhammad rahimahullohning “Zohiri rivoyat” turkumidagi 6 ta asariga gap topishadi, Imom Saraxsiy rahimahullohning fiqhda eng katta asari “Mabsut”ni o'zi yozmagan, deyishadi.

Din dushmanlari yuz yillardan beri islom dinining hujjati bo'lgan Imom G'azzoliyga va uning asarlariga ta'na qilib keladi…

Din dushmanlari yuz yillardan beri Ahmad Yassaviy quddisa sirruhu “Devoni Hikmat”ni o'zi yozmagan, deb keladi, Abdurahmon Jomiy hazratlari tomonidan “forsiy Qur'on” deb ta'riflangan Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”larini shirkona kitob deb kelishadi…

Din dushmanlari yuz yillardan beri qo'llab kelayotgan taktikalarini bilib oling! Ular bizni asl manbalarimizdan ayirishmoqchi. Har kuni o'qiydigan oyatlarimiz mavjud “Qur'on”ni, hadislarimiz to'plami “Sahihi Buxoriy”ni, aqidamiz matni “al-Fiqh al-akbar”ni, fiqhimiz jamlanmasi “Mabsut”ni, tasavvufimiz va ruhiy tarbiyamiz manbalari bo'lmish g'azzoliylar, yassaviylar, rumiylar yozgan asarlarni qalbimizdan yo'q qilishmoqchi…

Din dushmanlariga xizmatchi bo'layotganlardan ehtiyot bo'ling!!!

 

Haybatullo RAShIDOV - Sho'rchi tumani “Tolli ota jome masjidi” imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

26.08.2026   14195   2 min.
«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

 «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.

Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.

Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.

Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
 
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari