Bugun, 23 dekabr' kuni, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi majlislar zalida Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi S.Toshboyev va faol yoshlar uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Ushbu tadbirda yoshlarning diniy-ma'rifiy sohadagi faoliyati, erishayotgan yutuqlari hamda kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
"Akademiya binosiga kirar ekanman, o'qituvchilar, talabalar, umumiy jarayonlarni kuzatib, beixtiyor, talabalik yillarim, ustozlarim, dars jarayonlari, barcha barchasi xotiramda qayta gavdalandi. Bugungi uchrashuv sabab – o'zim ham yana bir bor talabalik yillarimga qaytdim. Menga yoshlik xotiralarimni, talabalik yillarimdagi sog'inchni tortiq etganingiz uchun sizlarga katta rahmat aytaman!" - dedi S.Toshboyev.
Ochiq muloqotda Qo'mita raisi tomonidan diniy-ma'rifiy sohadagi yoshlarning ta'lim va taraqqiyotga intilishini qo'llab-quvvatlash, keng fikr va dunyoqarashga ega kadrlar sifatida kamol topishini ta'minlash maqsadida quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:
Mamlakatimizdagi mavjud ziyorat turizmi salohiyatidan unumli foydalangan holda, sohadagi a'lochi va faol talabalarni 2024 yil noyabr' oyida “Halqaro Ziyorat turizmi haftaligi” doirasida o'tkaziladigan tadbirlarda Samarqand va Buxoro viloyatlariga ziyorat turlari uyushtiriladi.
2023/2024 o'quv yili yakuniga qadar O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta'lim muassasalarining Axborot-resurs markaziga Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi nomidan mutaxassislik, diniy-ma'rifiy va badiiy kitoblar jamlanmasi taqdim etib boriladi.
Respublikada ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, yot oqimlarning g'oyaviy negizlarini o'rganish hamda ularga qarshi kurashishning ilmiy-ma'rifiy asoslarini ishlab chiqish kabi dolzarb yo'nalishlarda ilmiy-tadqiqot olib borayotgan yosh tadqiqotchilar 2024 yildan boshlab “Diniy bag'rikenglik” ko'krak nishoni bilan taqdirlanadi!
Tadbirda yil davomida targ'ibot ishlarida faol ishtirok etib kelgan, ta'lim jarayonlarida o'zining iqtidorini namoyon qilgan hamda jamoat tadbirlarida faol bo'lgan bir guruh yoshlar Qo'mita raisining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Ochiq muloqot faol savol-javob shaklida bo'lib o'tdi. Qo'mita raisi topshirig'iga ko'ra, yoshlar tomonidan berilgan savol va takliflar asosida maxsus "Yo'l xarita" ishlab chiqilishi belgilandi.



















Din ishlari bo'yicha qo'mita
Axborot xizmati
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati