Bugun, 22 iyul' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari juma namozini mo'min-musulmonlar bilan birga ado etish va mav'iza qilish uchun Toshkent shahridagi Hastimom dahasida joylashgan “Hazrati Imom” jomesiga tashrif buyurdilar.
Juma namozidan avval jamoat Muftiy hazratlarining haj ziyorati taassurotlari, tafsiloti va hojilik martabasi haqidagi go'zal suhbatlaridan bahramand bo'lishdi.
Muftiy hazratlari so'zlari davomida muborak haj ziyoratidan so'ng ilk juma namozini mazkur tabarruk masjidda o'qishni niyat qilganlari, haj mavsumi 12 ming nafardan ziyod hamyurtimizning haj ziyoratiga mas'ul sifatida muborak zaminga borganlari, ushbu ulug' joylarga borgan hojilar bilan birga O'zbekistondagi barcha mo'min-musulmonlar haqqiga xayrli duolar qilishgani, Ravzai muborakda Payg'ambar alayhissalomga salomlar etkazishganini aytdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari “Haj – 2022” mavsumi tafsilotlari, xususan, Saudiya Arabistoni bilan muzokaralar, o'zbekistonlik hojilarga kvota oshirib berilganining sababi, narxni belgilash, mablag'larni joy-joyiga sarflash, 12 ming nafar hojiga xizmat ko'rsatishning mashaqqati haqida ma'lumot berdilar.
Ma'ruza davomida muborak ziyoratga borib kelgan hojilarga nasihat qilib, ularning gunohlardan tiyilib yurishi – haji qabul bo'lganiga ishoraligi, hojilar ziyoratiga Baytulloh, Payg'ambar alayhissalomning ravzalari, sahobai kromlarning qabrlari, ular yashagan joylarni ziyorat qilib kelgani, Haq taoloning amri – haj arkonini bajarib kelgani uchun borilishi, uni zinhor isrof, behuda gap-so'z, soxta obro'-e'tibor olish tadbiriga aylantirmaslik, balki ma'rifiy suhbat, muqaddas ziyorat taassurot va foydalari bilan bezash, ularning ziyoratiga boruvchilar ham ma'noli savollar berib o'zlariga manfaat hosil qilishlarini tavsiya etdilar.
Shu bilan birga, silai-rahm, sadaqai joriya qilish nafl hajdan savobliroq ekani, bir marotaba farz hajini ado etgan kishi boshqa haqdorlarga ham yo'l berishi lozimligi, uning o'rniga umra ziyoratiga borishi yo ehtiyojmandlarga yordam qilishi savobliroq, adolatliroq bo'lishini uqtirdilar.
Yakunda Muftiy hazrat xayrli duolar qildilar, ta'sirli va manfaatli ma'ruzadan ko'ngillari yumshab, ko'zlari namlangan jamoat ahllari omin, omin, deb turishdi.
Muftiy hazratlarining juma ma'ruzalari to'liq variantini quyidagi manzil orqali tomosha qilishingiz mumkin: https://www.youtube.com/watch?v=dWgikuHGRZw
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati