frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish (4-qism)

22.07.2022   6670   11 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish (4-qism)

Qur'oni karimda payg'ambarlar alayhimussalomga itoat etishga oid kelgan ikkinchi ibora bu ittibo (ergashish)dir.

﴿قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ﴾

“Ayting (ey, Muhammad!): Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat).

 

 

﴿الَّذِينَ يَتَّبِعُونَ الرَّسُولَ النَّبِيَّ الْأُمِّيَّ الَّذِي يَجِدُونَهُ مَكْتُوبًا عِنْدَهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَالْإِنْجِيلِ﴾

“Ular savodsiz elchiga – ismi o'zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg'ambarga (Muhammadga) ergashadilar” (A'rof surasi, 157-oyat).

 

﴿فَآَمِنُوا بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ النَّبِيِّ الْأُمِّيِّ الَّذِي يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَكَلِمَاتِهِ وَاتَّبِعُوهُ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ﴾

Bas, Allohga va Uning rasuliga iymon keltiringiz! U (rasuli) Allohga va Uning kalimalari (ilohiy kitoblari)ga ishonadigan savodsiz payg'ambardir. Unga ergashingiz, toki hidoyat topgaysiz!(A'rof surasi, 158-oyat).

 

﴿لَقَدْ تَابَ اللَّهُ عَلَى النَّبِيِّ وَالْمُهَاجِرِينَ وَالْأَنْصَارِ الَّذِينَ اتَّبَعُوهُ فِي سَاعَةِ الْعُسْرَةِ﴾

Alloh Payg'ambarning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul etdi. Ulardan bir guruhining dillari chalg'iyozgandan keyin og'ir (bir) soatda unga ergashgan edilar(Tavba surasi, 117-oyat).

 

يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِيُّ حَسۡبُكَ ٱللَّهُ وَمَنِ ٱتَّبَعَكَ مِنَ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ ٦٤

“Ey, Payg'ambar! Sizga va Sizga ergashgan mo'minlarga Alloh kifoyadir” (Anfol surasi, 64-oyat).

 

﴿رَبَّنَا آَمَنَّا بِمَا أَنْزَلْتَ وَاتَّبَعْنَا الرَّسُولَ فَاكْتُبْنَا مَعَ الشَّاهِدِينَ

Ey, Robbimiz, nozil qilgan narsangga iymon keltirdik va Payg'ambarga ergashdik. Shunday ekan, bizni guvohlik beruvchilar bilan birga (qo'shib) yozgin!(Oli Imron surasi, 53-oyat).

 

﴿قُلْ هَذِهِ سَبِيلِي أَدْعُو إِلَى اللَّهِ عَلَى بَصِيرَةٍ أَنَا وَمَنِ اتَّبَعَنِي

Ayting: Mening yo'lim – shu! Men va menga ergashganlar aniq hujjat bilan Allohga da'vat etamiz(Yusuf surasi, 108-oyat).

 

﴿إِنَّ أَوْلَى النَّاسِ بِإِبْرَاهِيمَ لَلَّذِينَ اتَّبَعُوهُ

Odamlar ichida Ibrohimga do'strog'i – unga ergashganlar(Oli Imron surasi, 68-oyat).

 

﴿وَجَعَلْنَا فِي قُلُوبِ الَّذِينَ اتَّبَعُوهُ رَأْفَةً وَرَحْمَةً

“...unga ergashgan kishilarning dillarida mehribonlik va shafqat (paydo) qildik” (Hadid surasi, 27-oyat).

 

﴿وَأَنْذِرِ النَّاسَ يَوْمَ يَأْتِيهِمُ الْعَذَابُ فَيَقُولُ الَّذِينَ ظَلَمُوا رَبَّنَا أَخِّرْنَا إِلَى أَجَلٍ قَرِيبٍ نُجِبْ دَعْوَتَكَ وَنَتَّبِعِ الرُّسُلَ

“(Ey, Muhammad!) Odamlarni ogohlantirib qo'yingki, ularga azob keladigan kuni (qiyomatda) zulm qilganlar: «Ey, Rabbimiz! Bizlarga ozgina muhlat bergin, Sening da'vatingga ijobat qilurmiz va payg'ambarlarga ergashurmiz», – deydilar(Ibrohim surasi, 44-oyat).

 

﴿وَمَا جَعَلْنَا الْقِبْلَةَ الَّتِي كُنْتَ عَلَيْهَا إِلَّا لِنَعْلَمَ مَنْ يَتَّبِعُ الرَّسُولَ مِمَّنْ يَنْقَلِبُ عَلَى عَقِبَيْهِ

“Payg'ambarning sizlarga guvoh bo'lishi uchun “o'rta ummat” qilib qo'ydik. Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg'ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)(Baqara surasi, 143-oyat).

 

﴿قَالَ يَا قَوْمِ اتَّبِعُوا الْمُرْسَلِينَ

“...dedi: Ey, qavmim! (Bu) elchilarga ergashingiz!(Yosin surasi, 20-oyat).

 

﴿وَإِنَّ رَبَّكُمُ الرَّحْمَنُ فَاتَّبِعُونِي وَأَطِيعُوا أَمْرِي

“Shubha yo'qki, sizlarning Rabbingiz Rahmondir. Bas, menga ergashingiz va amrimga itoat qilingiz!...» (Toho surasi, 90-oyat).

 

﴿فَقَالُوا أَبَشَرًا مِنَّا وَاحِدًا نَتَّبِعُهُ إِنَّا إِذًا لَفِي ضَلَالٍ وَسُعُرٍ

“Bas, aytdilar: «Bizlar o'zimizning oramizdagi bir odamga ergashamizmi?! U holda bizlar haqiqatan ham gumrohlik va nodonlikda bo'lurmiz-ku!” (Qamar surasi, 24-oyat).

Yuqoridagi barcha oyatlar payg'ambar alayhissalomga itoat etish lozimligini ko'rsatadi. Zero, payg'ambarlar bashariyatga go'zal namuna o'laroq yuborilgandirlar. Ularning vazifalari faqatgina so'z orqali da'vat qilish bilan cheklanmaydi. Payg'ambarlarning hatti-harakatlari insonlarga hayot yo'lini ko'rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyiladi:

﴿لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا

(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg'ambarida go'zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).

Ma'lumki, faqatgina nazariy ta'lim bilan insonlarni isloh qilib bo'lmaydi. Bu borada odamlarga ergashishlari (taqlid qilishlari) uchun amaliy namuna lozim. Zero, inson soha mutaxassisidan amaliy ko'nikmalarni o'rganmay turib, faqatgina kitobdan nazariy bilimlarni o'rganish bilan muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Masalan, tibbiyot sohasida amaliyotni ko'rmay, o'rganmagan, faqat nazariy bilim olgan shaxsga inson hayotini topshirib bo'lmaydi. Bu misol har bir bilim sohasiga tegishli.

Hatto taom pishirishda ham faqatgina taomni qanday tayyorlash yo'riqnomasini o'qish bilan biror natijaga erishib bo'lmaydi, balki bunda ham amaliyot muhim sanaladi. Bir so'z bilan aytganda, insonlar biror narsani o'rganishda hamisha amaliy namunaga muhtojdirlar. Ayniqsa, diniy ta'limda juda muhim.

Shu sababli, Alloh taolo butun bashariyatga yuborgan payg'ambarlariga muqaddas kalomini ham qo'shib jo'natdi. To'g'ri, Alloh taolo ko'plab payg'ambarlarini yubordi, lekin ularning barchasiga ham ilohiy kitob nozil qilmadi. Ammo hech bir kitob payg'ambarsiz nozil bo'lgani yo'q. Makka mushriklari bir necha bor payg'ambarsiz kitob nozil qilinishini so'radilar, ammo ularning bu so'rovlari rad etildi. Sababi esa – oddiy. Chuni insonlar faqatgina kitobga emas, balki muallimga ham muhtojdirlar. Shu sababli, odamlar Alloh taolo yuborgan payg'ambarga itoat etishlari va ergashishlari shart.

Yuqorida ta'kidlanganidek, payg'ambarga itoat Alloh taologa itoat etishdir. Biri ikkinchisiz bo'lmas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir aytgan so'zlari va qilgan amallari shak-shubhasiz Alloh taoloning vahiyiga asoslangan. Hatto Qur'oni karimda u haqda biror oyat kelmagan bo'lsa ham.

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

1-qism2-qism, 3-qism, Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   10009   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar