O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli yozuvchi Luqmon Bo'rixon qalamiga mansub “Imom Moturidiy” romanining taqdimoti o'tkazildi. Tadbirni Yozuvchilar uyushmasi raisi, O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid olib bordi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'miti raisining birinchi o'rinbosari Davron Maqsudov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon qori Ishmatbekov, yozuvchilar, shoirlar, tarjimonlar, kitob mutolaasi muhiblari va tabiiyki, OAV vakillari ishtirok etdi.
– Aslida, qo'lga qalam olib, biror narsa qoralash – oson ish emas. Ayniqsa, buyuk mutafakkirlar, allomalar hayotini badiiy yo'sinda qalamga olish kishidan uzoq vaqt tayyorgarlikni talab etadi, – deydi “Imom Moturidiy” xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov. – Imom Moturidiy hazratlarining hayotini, u kishi haqda muarrixlarning yozganlarini, olimning o'zbek tilidagi asarlarini o'qib, o'rganib, xalqimiz uchun ommabop roman yozish fikri ancha oldin tug'ilgan edi. Shu fikrlarimizni tadbirlarda, anjumanlarda yozuvchilarimizga ko'p marta aytdik. Bu mas'uliyatli ishni Luqmon Bo'rixon o'z zimmasiga oldi. Uning qalamiga mansub yangi roman o'qirmanlarning kitob javonlari bilan birga, e'tiqodlarini, ma'naviyatlarini yanada bezashiga ishonamiz.
Taqdimotda so'zga chiqqanlar asar haqida o'zlarining fikr-mulohazalarini bayon etishdi. Hususan, asar zo'r mahorat bilan yozilgani, ulug' alloma hayoti, aqida ilmiga oid faoliyati oddiy o'quvchiga tushunarli tilda badiiy tarzda aks ettirilganini e'tirof etishdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Tong otganida:
اللهُمَّ إِنِّي أَصْبَحْتُ مِنْكَ فِي نِعْمَةٍ وَعَافِيَةٍ وَسِتْرٍ فَأتِمَّ نِعْمَتَكَ عَلَيَّ وَعَافِيَتَكَ وَسَتْرَكَ فِي الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ
"Allohumma inniy asbahtu minka fiy ni’matin va ’afiyatin va sitrin faatimma ni’mataka ’alayya va ’afiyataka va satroka fiddunya val axiroh", deb uch marta va kechqurun uch marta aytgan kishiga Alloh shu duoda kelganidek, hammasini mukammal qilib beradi", dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Ma’nosi: Allohim, Sening ne’matingda, ofiyatingda, ayblar yopilgan holda tong ottirdim. Meni dunyoyu oxiratda ne’matda, ofiyatda, ayblar yopilgan holatda bo‘lishimni mukammal qil.