frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ustozni g'animat bilish

19.07.2022   2379   4 min.
Ustozni g'animat bilish

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

 Ustozni g'animat bilish

 Tolibi ilmlarga qilinadigan nasihatlardan eng muhimi – bu ustozni, uning bilimini va ilm majlislarini g'animat bilish, paytida ulardan foydalanib qolishdir. Qanchadan-qancha shaxslar zamondoshlari bo'lmish ulamolarga etisha olmaganlari, buning uchun hasrat-nadomatda qolganlari tarixdan ma'lum.

Hatib Bag'dodiy rahmatullohi alayh o'zining “Rihlat” nomli kitobining so'nggida bir bob qilib, uni “Biror shayx tomon uning oliy sanadini talab qilib yo'lga chiqqanlar va o'sha shayxlar o'lib qolib, murodiga eta olmagan talabgorlar zikri” deb atagan.

Abdulloh ibn Dovud Haribiy aytadi: “Basraga Ibn Avn bilan uchrashish uchun kirgan edim. Bani Doro ko'prigiga kelganimda Ibn Avnning vafot etgani xabari keldi. Menga nima etganini Alloh biladi”.

Qarang, mazkur kishilar biror-bir dunyo matohi, boylik, qasr yo boshqasi uchun nadomat qilayotganlari yo'q. Chunki bular topiladigan narsalar. Ammo ulamolarning o'rinlarini hech kim bosa olmaydi.

O'tmishdan bilamizki, birgina hadis rivoyati, birgina fiqhiy masala echimi uchun kishilar uzoq masofali joylarga yo'lga tushganlar. Vaholanki, o'sha paytlarda sharoitlar og'ir edi. Olimlarning, ilmning qadrini bilganlaridan og'ir mashaqqatlarga ham rozi bo'lganlar.

Ammo hozirgi kunda qulaylik va keng imkoniyatlar bo'la turib biz ustozlarimizdan foydalanishni bilmayapmiz. Ulamolar g'animat ekani hadisi sharifda ochiqdan-ochiq bayon qilingan.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Albatta, Alloh ilmni bandalaridan birdaniga sug'urib olmaydi, balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan sug'urib oladi. Nihoyat, birorta olimni qoldirmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so'raladilar va ilmsiz ravishda fatvo berishadi. Natijada adashadilar va adashtiradilar», deganlarini eshitdim» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Qarang, ilm ulamolarning vafoti sabab ko'tarilar ekan. Ya'ni, ilmni ushlab, saqlab turadiganlar ulamolardir. Ularning zavollari ilm zavoli ekan.

Imom Zahabiy ulamolardan uch kishi bir vaqtda vafot topganlarida: “Shahar bir yil ichida ana o'sha uch kishi kabilardan xoli qolsa, unda nuqson zohir bo'libdi”, degan ekan.

Yemak va ichimlik badan ozuqasi bo'lsa, qalb ozuqasi ilmdir. Qalblarni tiriltiradiganlar olimlardir. Nafaqat qalblarni, balki olamni tirik tutadiganlar olimlardir. Mana shuning uchun ham: “Olimning o'limi – olamning o'limi”, deyilgan. Olim olamning ruhi, nuri va hayotidir.

Uzoqqa bormay, yaqin davrdan misol keltiradigan bo'lsak, rahmatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari vafot etganlaridan keyin u kishining ilmlaridan, aqalli u zotni bir ko'rishdan, duolarini olishdan bahramand bo'lmay, hasratda qolganlarning sanog'i yo'q. U kishiga etisha olmaganlar u yoqda tursin, garchi shogirdlik baxtiga muyassar bo'lgan bo'lsalar-da, ma'rifat bulog'idan ayrilib qolganlari uchun qanchalar o'ksinishdi.

Qalbimizdan u zotdan keyingi katta bir kemtikni, o'rni to'lmas bir bo'shliqni his qilganimizda “Birgina inson dunyoni shunchalar munavvar qilib turganmidi?!” deymiz bexosdan. Ha, birgina inson dunyoni xayrga to'ldirib turgan edilar. Mana shu xayr ilm nuri, ilm barokoti edi.

Ammo olim ketdi, deb butkul noumidlikka tushish noto'g'ri. Olimlar aslida barhayotlar. Ular narigi dunyoga o'tishgan bo'lsa-da, xalaflarini, ya'ni o'rinbosarlarini qoldirishgan. Biz endi ular qoldirgan meroslari va merosxo'rlarini g'animat bilaylik.

Odinaxon Muhammad Yusuf

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

27.08.2026   53610   1 min.
Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
 

Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.


Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi
O'zbekiston yangiliklari