Yana boshqa qo'shimcha gaplar
Salafiylar “Alloh osmonda!”, deyar ekanlar, o'zlarining gaplarini quvvatlash maqsadida bu gapni Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh ham aytgan, degan ma'noda “al-Fiqh al-absat” hamda “al-Asmo va-s-Sifot” kitoblaridan shubhali iqtiboslarni keltiraveradilar. Biz yuqorida mazkur iqtiboslarning asli yo'q va yolg'on ekanini ko'rib chiqdik. Bor bo'lgan taqdirda ham, ularning ma'nosi salafiylar aytayotgandek emas, balki bu ularning o'zlariga qarshi fikrlar ekanini ham ahli sunnat va jamoat ulamolarining izohlari orqali aytib o'tdik. Huddi shunday, salafiylarning “Boshqa mazhabboshilar ham Alloh taoloni osmonda ekanini aytgan”, degan gaplari ham shubhalidir. Zotan, salafiylarning Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohning gapi deb asli yo'q va shubhali iqtiboslarni ko'tarib yurishidan bizda ularning salafi solihin imomlarimizning barchasidan keltirayotgan iqtiboslari borasida shubha qo'zg'ataveradi va bu borada birorta g'uborsiz sahih rivoyatlar etib kelmagan degan ishonchni paydo qilaveradi. Ular keltirayotgan kitob va manbalarning mualliflariga nisbati shubhalidir hamda rivoyat va hikoyatlarning asli yo'qdir, roviylari shubhalidir, manbashunoslik va hadisshunoslik nuqtai nazaridan zaif va mavzu' (to'qima, soxta)dir! Salafiylar o'zlarining gaplarini qo'llab-quvvatlash maqsadida bu ma'lumotlarni (faktlarni) ommadan yashirib keladilar, aytmaydilar, aytishdan qochadilar. Ana endi, anavi salafiylar o'zlarining keltirayotgan rivoyatlarining “sahih”ligini isbotlashga tushib ketsa, ajab emas. Lekin, biz bu borada gapni ko'paytirmaslik maqsadida boshqa bir muhim masalaga o'ta qolamiz. Chunki, salafiylar o'zlarining botil e'tiqodlarini oqlash maqsadida Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh borasida ishonchsiz va shubhali rivoyatlarni bemalol keltirib yuribdilarmi, demak, boshqa salafi solihin imomlarimiz borasida ham shunday yo'l tutishlarining ehtimoli katta, deyishimiz mumkin.
Imom al-Bayhaqiy rahimahulloh ham mazkur “al-Asmo va-s-Sifot” asarining ana shu joyida, ya'ni, Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohning salafiylar iddio qilayotgan gapi kelgan joyida, yuqorida aytganimizdek, “agar bu hikoyat sahih bo'lgan taqdirda”, deb turib, u zotning ana shu gaplarini ta'vil qilishga majbur bo'lganlar. Ya'ni, Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh mazkur gapni aytishlaridan maqsad Alloh taoloning erda bo'lishini – biror makonda bo'lishini inkor qilish edi. Shuning uchun u zot oyatning zohirini aytgan bo'lishlari mumkin. U oyat esa Imom al-Bayhaqiy rahimahulloh aytishicha, “Yo sizlar “osmondagi” zot (Alloh)dan xotirjammisiz?!”, degan “Mulk” surasining 16-17 oyatlarining zohiri bo'lishi mumkin. Chunki, Imom al-Bayhaqiy rahimahulloh fikricha, biz Alloh taolo zoti to'g'risida hech narsa gapirmaymiz. Imom al-Bayhaqiy rahimahulloh ana shu joyning o'zida o'z fikrini quvvatlash maqsadida mashhur olim Sufyon ibn Uyayna rahimahullohning quyidagi gaplarini naql qilganlar:
ما وصف الله به نفسه فتفسيره قراءته ليس لأحد أن يفسره الا الله تبارك و تعالى او رسله صلوات الله عليهم
“Alloh o'zini vasf qilgan sifatlarning tafsiri uni qiroat qilishdir. Hech bir kimsaga uni tafsir qilish joiz emas! Faqatgina Alloh taboraka va taoloning va uning payg'ambarlarining aytganlarini takrorlashgina joiz” (2/866).
Ya'ni, Imom al-Bayhaqiy rahimahullohning bu erdagi maqsadlari o'tgan ulamolarimiz mutashobeh sifatlar borasida aynan biz aytayotgan “tafviz” yo'lini tutganlarini anglatish edi. Ya'ni, Allohning bu xildagi sifatlari tafsir qilinmaydi, ma'nosi aytilmaydi, sharhlanmaydi, qandayligi ta'riflanmaydi. “Tafviz” bu mutashobeh sifatlarning ma'nosini aytmasdan, ularning ma'nosiga va kayfiyatiga – qandayligiga kirishmasdan, ularning hukmini Alloh taologa havola qilishdir. Shuning uchun ham, Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh: “Hech bir kimsaga uni tafsir qilish joiz emas!”, deganlar. Mana shu aksari salafi solihin ulamolarimizning qo'llagan uslublaridir. Biroq, anavi soxtadan soxta salafiylar esa buni tushunmay, bir necha ehtimolli va bir qancha lug'aviy ma'noga ega bo'lgan sifatlarda o'zlarining nafsi havosi xohlagan bir ma'nosini mahkam ushlab olib, ana shuni salafi solihinlar ushlagan ma'no deb tuhmat qilmoqdalar. Huddi shunday, ular bizning buyuk imomimiz Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohga nisbatan ham yolg'on to'qimoqdalar. Aslida, ana shunday tuhmatchi va yolg'onchilar ko'payib ketmasin, deb mutaaxxirin – keyingi davr ulamolari “ta'vil” uslubini ma'qul ko'rishgan edi…
HULOSA
Salafiylar “Alloh osmonda!” der ekanlar, moturidiylarga e'tiroz bildirib, Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohga nisbat qilinuvchi “al-Fiqh al-absat” nomli kitoblaridan hamda muhaddis Imom al-Bayhaqiy rahimahullohning “al-Asmo va-s-Sifot” nomli asarlaridan iqtiboslar olib, “Anaa, Abu Hanifa ham biz aytgan gapni aytgan!”, degan ma'noda qichqiraveradilar. Salafiylar o'zlarining “Alloh osmonda!” degan gaplariga bu iqtiboslarni keltirib qo'yavermasdan, haqiqiy hanafiylarga, haqqoniy moturidiylarga ta'na qilaveradilar, bular Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohga ergashmaydi, degan tuhmatni aytaveradilar. Holbuki, ta'kidlab aytaman: ming yillardan beri hanafiy olimlarining oldingilari ham, keyingilari ham Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohning har bir gapini, har bir fatvosini, har bir fikrini birma-bir, batafsil va mukammal ravishda o'rganib, tahlil qilib chiqqanlar. Keyingi davr ulamolarini, ming yillik moturidiy-hanafiylarni o'tgan salaflariga, o'zlaridan oldin o'tgan ulamolarga ergashmaydi, deyish haqiqatdan ham ularga nisbatan bo'hton va juda katta tuhmat hisoblanadi! Zotan, aniqki, ular o'z salafi solihinlari, o'zlaridan oldin o'tgan ulamolari, mazhabboshilari, mujtahidlarining gaplarini, fikrlarini va fatvolarini anavi salafiylardan ko'ra ming chandon yaxshi bilishardi, to'g'ri tushunishardi.
Mazkur maqolada biz salafiylar keltirayotgan iqtiboslarning asli yo'q ekanini, Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh hech qayerda, hech qachon “Alloh osmonda!” demaganligini dalillar bilan ko'rib chiqdik. Salafiylar bu borada ayrim yaqqol ko'rinib turgan ma'lumotlarni (faktlarni) ommadan yashirib kelishlarini ko'rsatib berdik. Ular bizning buyuk imomimiz Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohga nisbatan shu ishni qilgan ekanlar, boshqa mujtahid imomlarga nisbatan ham shu yo'lni tanlagan bo'lsalar ajab emas. (Bu haqida ham alohida maqola yozilmoqda).
Anavi salafiylar tomonidan Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohga nisbat qilinayotgan “al-Fiqh al-absat” hamda “al-Asmo va-s-Sifot” kitoblaridagi gaplarning asli yo'q, ishonchli emas, zaif, mavzu' – to'qima va soxtadir. Uni dalil qilish to'g'ri emas! Agar mazkur iqtiboslarning asli bor degan taqdirimizda ham, u salafiylar aytayotgan ma'noda emas, balki uni haqiqiy hanafiy olimlari tushungandek tushunmoq darkor bo'ladi. Bu tushuncha esa anavi salafiylar aytayotgan gapning o'ziga raddiya bo'ladi.
Anavi salafiylar o'zlarining “Alloh osmonda!” degan gaplariga dalil sifatida oyat va hadislarning zohiriy ma'nosini olib, “mushabbiha”lik yo'lini tutishlari sir emas. Biz yuqorida Sufyon ibn Uyayna rahimahullohning bu borada qanday yo'l tutish lozimligi haqidagi gaplarini keltirib o'tdik. Biroq, zamonaviy salafiylar uning gaplariga ko'nmasdan mutashobeh oyat va hadislarning zohiriy ma'nolarini ushlab, ularni o'zlari istagan, o'z tushunchalaridagi ma'noda deb turib, o'zgalarni ayblayveradilar. (Salafiylar dalil qilib ushlaydigan mazkur oyat va hadislar borasida alohida maqolalar tayyorlamoqdamiz).
Alloh subhonahu va taolo moturidiylarni yomonlashdan charchamayotgan; insof doirasidan, ulug'larni hurmat qilish chegarasidan tamoman chiqib ketgan soxtadan soxta salafiylarga insofu tavfiq bersin! Alloh hammamizni haq yo'llardan adashtirmasin!
Maqola muallifi: Hamidulloh Beruniy.
Ilmiy maslahatchi: Ismoiljon domla Ho'qandiy.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati