O'MIning Tatariston Respublikasidagi vakili Muhammadyusuf Hushvaqov TR Musulmonlari diniy idorasi qoshidagi "Huzur" nashriyot uyi rahbari Rishad Hamidullin taklifiga binoan ushbu nashriyot matbaasida bo'ldi.
Rishad Hamidullin uchrashuvda nashriyot uyi faoliyati haqida, unda chop etilayotgan davriy nashrlar, kitob va risolalar haqida tanishtirdi.
"Huzur" nashriyot uyi rahbari diniy yo'nalishdagi ma'rifiy va nashr ishlari bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasi ulkan boy tajribaga ega ekanini e'tirof etdi. O'zaro suhbatda ikki diniy idora o'rtasida nashr ishlari bo'yicha hamkorlik va tajriba almashuv imkoniyatlari xususida kelgusida soha mutasaddilari bilan muzokaralar olib borish maqsadga muvofiqligi qayd etib o'tildi.
Uchrashuvda M.Hushvaqovning 2022 yil 12 iyul' kuni “muslim.uz” saytiga joylashtirilgan “Tatariston Respublikasida Qurbon hayiti bayrami qanday nishonlandi?” nomli maqolasi ijobiy taassurotga ega bo'lgani e'tirof etildi. Kelgusida ham shu tarzda O'MI va DUM RT faoliyatiga oid, o'zbek va tatar musulmonlari hayotiga oid ahamiyatli xabar va ma'lumotlar “muslim.uz” sayti hamda “dumrt.ru” va "huzurtv.ru" axborot kanallarida joylashtirib borish bo'yicha beg'araz hamkorlik ishlarini tashkil etish taklif etildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi