Ma'lumki, bu ulug' bobomiz maqbarasi islom olami uchun tabarruk ziyoratgohlardan biri. Bugungi kunda majmua shunga munosib qilib qayta qurilmoqda. Qariyb 10 ming namozxonga mo'ljallangan masjid, to'rtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxonalar quriladi.
Davlatimiz rahbari shu boradagi ishlarni ko'zdan kechirdi, ziyoratchilarga barcha qulayliklarni yaratish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
– Inshoolloh, bu majmua ochilganidan keyin ziyoratchilar yanada ko'payadi. Ayniqsa, nuroniylar ko'p keladi. Ular uchun barcha qulayliklarni inobatga olish kerak. Bu joy nafaqat diniy va ma'rifiy, balki ulkan madaniy markaz ham bo'lishi zarur. Shu bois eng yaxshi gulchilarni olib kelib, majmuani qishin-yozin gulzor qilib qo'yish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Butkul yangicha qiyofa kasb etayotgan majmua ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ulardan samarali foydalanish zarurligi ta'kidlandi.
Prezidentimiz Samarqand tumanida barpo etilayotgan Turizm markazini ham borib ko'rdi.
Bu erda 8 ta mehmonxona, kongress xoll, «Abadiy shahar» karvonsaroyi qurilmoqda. Eshkak eshish kanali tartibga keltirilib, atrofda bog' yaratilmoqda.
Umuman, ushbu majmua turizm sohasidagi barcha xalqaro standartlarga mosligi, eng zamonaviy xizmat ko'rsatish salohiyati bilan nafaqat Samarqand viloyati va mamlakatimiz, balki butun mintaqada turizm industriyasini yangi bosqichga ko'taradi.
Davlatimiz rahbari bu erda yirik xalqaro anjumanlar o'tkazish uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, xalqimizning madaniyati, ma'rifati, milliy taomlarini namoyon etish bo'yicha tavsiyalar berdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqandga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
UzA
Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.
Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati