2022/2023 o'quv yili uchun O'zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o'qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari va bakalavriatga qabul qilish jarayonini yanada soddalashtirishga qaratilgan o'zgartirishlar to'g'risida
MA_''LUMOT
Habaringiz bor, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni asosida tashkil qilingan. Mazkur Farmonning ahamiyati shundaki, 1999 yildan buyon Toshkent islom universiteti va keyinchalik bir muddat O'zbekiston islom akademiyasi sifatida faoliyat yuritgan mazkur oliy ta'lim hamda ilmiy-tadqiqot markaziga HALQARO AKADYeMIYa maqomi berilib, keng ko'lamli qo'shimcha vazifalar yuklandi.
Ta'kidlash joiz, bugungi kunda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyodagi etakchi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida o'z nufuziga ega bo'lib bormoqda.
So'nggi yillarda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatiga ko'plab yangiliklar tatbiq etilmoqda. Nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari kengaydi. Akademiya professor-o'qituvchilari, yosh ilmiy tadqiqotchilarning xalqaro konferentsiya, ilmiy seminarlar hamda xalqaro grantlardagi ishtiroki faollashdi. Horijlik professor-o'qituvchilar, talabalar, doktorant va ilmiy-tadqiqotchilarning akademiya o'quv jarayoniga jalb etilish ko'rsatkichi yildan-yilga o'sib bormoqda.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy salohiyati 66 foizni tashkil etadi. Ayni paytda Akademiyada “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar”, “Mumtoz sharq filologiyasi” hamda “Islomshunoslik” fakul'tetlari mavjud bo'lib, ularning tarkibida 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida 1 ming 670 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 1 ming 430 nafar talaba bakalavriat, 240 nafari esa magistratura bosqichida o'qiydi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 iyundagi “Davlat oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to'g'risida” PQ-279-son qarori qabul qilindi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 iyundagi “2022/2023 o'quv yili uchun davlat oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to'g'risida” F-60-son Farmoyishi qabul qilindi.
Unga muvofiq, kunduzgi ta'lim shakli bo'yicha jami 14 ta ta'lim yo'nalishi bo'yicha 300 ta qabul kvotasi ajratildi. Jumladan, “Dinshunoslik” 25 ta, “Islomshunoslik (qur'onshunoslik, hadisshunoslik, islom huquqi, aqida va tasavvuf, islom tarixi va manbashunosligi)” 50 ta, “Filologiya va tillarni o'qitish (arab tili)” ta'lim yo'nalishlari bo'yicha 30 ta qabul kvotalari belgilandi.
Ahamiyatlisi, joriy yildan ilk marotaba “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (arab tili)”, “Jurnalistika (xalqaro jurnalistika)”, “Yurisprudentsiya (islom huquqi)”, “Komp'yuter injiniringi (“Komp'yuter injiniringi”, “AT servis”, “Axborot xavfsizligi”, “Mul'timedia texnologiyalari)” ta'lim yo'nalishlariga qabul o'tkazilmoqda.
Bundan tashqari, ilk marotaba 2022/2023 o'quv yilida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriatining sirtqi hamda kechki ta'lim shakllari bo'yicha davlat buyurtmasi asosida o'qishga qabul qilish parametrlari tasdiqnlandi. Unga ko'ra, 9 ta ta'lim yo'nalishiga jami 250 ta qabul kvotasi ajratildi. “Islom iqtisodiyoti va moliyasi”, “Tarix (islom tarixi va manbashunosligi)” yo'nalishlari shular jumlasidandir.
Yoshlarni oliy ta'lim bilan yanada kengroq qamrab olish, oliy ta'lim tashkilotlari o'rtasida sog'lom raqobatni kuchaytirish maqsadida 2022/2023 o'quv yilida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriatining masofaviy ta'lim shakli bo'yicha davlat buyurtmasi asosida o'qishga qabul qilish parametrlari tasdiqlandi. “Islomshunoslik (qur'onshunoslik, hadisshunoslik, islom huquqi, aqida va tasavvuf, islom tarixi va manbashunosligi)”, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi”, “Komp'yuter injiniringi (“Komp'yuter injiniringi”, “AT servis”, “Axborot xavfsizligi”, “Mul'timedia texnologiyalari”)” kabi 3 ta ta'lim yo'nalishiga jami 250 ta qabul kvotasi belgilandi.
Shu bilan birga 2021/2022 o'quv yilida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasining kunduzgi ta'lim shaklining 12 ta mutaxassisligi bo'yicha 140 ta qabul kvotasi ajratildi. “Jurnalistika (internet jurnalistika)”, “Tashqi iqtisodiy faoliyat (tarmoqlar va faoliyat yo'nalishlari)”, “Islom huquqi” mutaxassisliklari mazkur o'quv yilidan e'tiboran ilk bor Akademiyada tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi davlat oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo'yicha Davlat komissiyasining 2022 yil 4 iyuldagi 1 son majlis bayoniga asosan, kamida besh yil ish stajiga ega bo'lgan xotin-qizlar uchun 3 ta, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qo'shimcha ikki foizli davlat granti asosida turli ta'lim shakllari bo'yicha 17 ta, “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo'lgan chin etimlar, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) etim bolalar (yigirma besh yoshga to'lmagan) uchun qo'shimcha bir foizli davlat granti asosida 7 ta, huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo'shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari uchun qo'shimcha besh foizli davlat granti asosida 5 ta, O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o'tab, harbiy qism qo'mondonligining tavsiyanomalariga ega bo'lganlar uchun barcha ta'lim shakllari bo'yicha 39 ta hamda bojxona xizmatiga salmoqli hissa qo'shgan, ish jarayonida ma'lum bir natijalarga erishgan, bojxona organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning farzandlari uchun 2 ta qabul kvotasi ajratilgan.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining boshqa oliy ta'lim tashkilotlari bilan integratsiyasini rivojlantirish, abituriyentlar uchun erkin va adolatli tanlov muhitini yaratish hamda qabul jarayonlarini soddalashtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga o'qishga qabul qilish jarayonini yanada soddalashtirishga qaratilgan o'zgartirishlar kiritish to'g'risida”gi 386-sonli qarori qabul qilindi. Qarorga asosan, 2022/2023 o'quv yilidan boshlab Akademiyada dastlabki imtihonni ta'lim shaklidan qat'iy nazar faqat dinshunoslik va islomshunoslik bakavriat ta'lim yo'nalishlari uchun tatbiq etiladi. Shuningdek, boshqa ta'lim yo'nalishlari abituriyentlari uchun oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish imtihoni bo'yicha turdosh ta'lim yo'nalishlari tanlovi kengaytirildi.
Ayni paytda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2022-2023 o'quv yili uchun qabul jarayonlari davom etmoqda.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي أُسَيْدٍ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلَّمَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ وَأَنَا عِنْدَهُ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أَبَوَايَ قَدْ هَلَكَا، فَهَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّهِمَا شَيْءٌ؟ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَعَم، أَرْبَعَةُ أَشْيَاءَ: الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عُهُودِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ رَحْمِهِمَا الَّتِي لَا رَحْمَ لَكَ إِلَّا مِنْ قِبَلِهِمَا»، فَقَالَ الرَّجُلُ: مَا أَكْبَرَ هَذَا أَوْ مَا أَطْيَبَهُ يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: «فَاعْمَلْ بِهِ».
Abu Usayddan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Banu Salama qabilasidan bir kishi kelib, gaplashdi. Men u zotning oldilarida edim. U: «Ey Allohning Rasuli, ota-onam o‘tib ketdilar. Zimmamda ularga yaxshilik qilishimdan biror narsa qoldimi?» dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Ha! To‘rt narsa qoldi: ularga duo qilishing, ularga istig‘for aytishing, ikkovlaridan keyin ularning va’dalarini bajarishing va ikkovlari tomonidan senga qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilishing», dedilar.
Shunda haligi odam: «Bu qanday ham ulug‘!» yoki «Qanday yaxshi, ey Allohning Rasuli!» dedi.
«Endi shunga amal qil!» dedilar».
Sharh: Aslida vafot etgan odamning bu dunyoda qilgan amallari asosida oxiratdagi maqomi belgilanadi. Uning zarracha yaxshiligi yoki yomonligi bo‘lsa ham hisobga olinadi. Ammo Alloh taolo Muhammad alayhissalom ummatiga rahm ko‘rsatib, ularning o‘limlaridan keyin ham ortlaridan savob yetib borishiga va ularning oxiratdagi maqom hamda darajalarining ortib borishiga yo‘l ochib qo‘ygan.
Ana shu yo‘llardan to‘rttasi ushbu hadisi sharifda ko‘rsatilmoqda.
Farzand ota-onasi tirikligida ularning xizmatini qilib, roziligini olib, yaxshiliklar qilib o‘tishga targ‘ib qilinadi. Lekin ota-ona vafot etganlaridan keyin ham, ushbu hadisda kelgan ta’limotga binoan, ularga to‘rt xil yaxshilik qilsa bo‘lar ekan.
1. Duo qilish.
Ota-onalarining haqqiga Alloh taolodan yaxshiliklar – jannat, xayr-barakalar so‘rab duo qilish farzandning o‘z ota-onasiga ularning vafotlaridan keyin ham qiladigan yaxshiliklaridandir. Bu duolar ota-onaga borib turadi, ularning a’moli xayrlariga qo‘shilib turadi. Bu bilan farzand ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
2. Istig‘for aytish.
Ota-onasining gunohini kechishini Alloh taolodan so‘rab, istig‘for aytish. Farzand o‘tib ketgan ota-onasiga Alloh taolodan mag‘firat so‘rab tursa, ularga vafotlaridan keyin ham yaxshilik qilishda davom etgan bo‘ladi.
O‘tib ketgan ota-onasiga mag‘firat so‘raydiganlarning eng yaxshisi namozxonlardir. Namozxon har namozining oxirida, duo qabul bo‘ladigan bir maqomda, salom berishdan oldingi duosida ota-onasiga mag‘firat so‘raydi.
3. Ota-onaning va’dalarini bajarish.
Ota-ona kim bilandir ahd tuzgan bo‘lsa, bergan va’dasi bo‘lsa, majburiyatlari bo‘lsa – shularning hammasini o‘rniga qo‘yib, vasiyatlarini bajarish ham ota-onaning orqasidan qilinadigan yaxshiliklar qatoriga kirar ekan. Bu ishlar bilan ham farzand ularga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
4. Ota-onaning do‘stlari, yaqin kishilari, qarindoshlariga yaxshilik qilish.
Shu yo‘l bilan ham farzand ota-onasiga ular o‘tib ketganlaridan keyin ham yaxshilik qilishi, orqalaridan savoblar yetkazib turishi mumkin ekan. Kim bu ishni muntazam qilsa, ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Musulmon farzand ota-onasiga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilish harakatida bo‘lishi.
2. Ota-onaga ularning o‘limidan keyin ham yaxshilik qilish mumkinligi.
3. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga duo qilib turishi lozimligi.
4. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga istig‘for aytib turishi kerakligi.
5. Farzand vafot etgan ota-onasining ahdiga vafo qilishi kerakligi.
6. Farzand vafot etgan ota-onasining do‘stlari, yaqinlari va qarindoshlariga yaxshilik qilib turishi kerakligi.
Bundan tushunib olamizki, ota-ona o‘tib ketsa ham, ularga yaxshilik qilishning eshiklari ochiqdir. Mana shu rivoyatda kelganidek, bolaning zimmasida ota-onaning yana to‘rtta haqqi qolar ekan. Ularni bajarish bolaning vazifasi ekan.
عَنْ هَمَّامٍ قَالَ: قُلْتُ لِكَعْبٍ: أَحْتَسِبُ عِنْدَ اللهِ مَا فَاتَنِي مِنْ بِرِّ الْوَالِدَيْنِ. قَالَ: لَمْ يَفُتْكَ بِرُّهُمَا، اسْتَغْفِرْ لَهُمَا، وَاجْعَلْ لَهُمَا حَظًّا مِنْ صَلَاتِكَ وَصِيَامِكَ وَصَدَقَتِكَ تَكُنْ مِنَ الْأَبْرَارِ، إِنْ شَاءَ اللهُ.
Hammamdan rivoyat qilinadi:
«Ka’bga: «Ota-onaga qilolmay qolgan yaxshiligim uchun ham Allohdan savob umid qilaman», dedim.
«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».
Sharh: Roviy Hammam o‘zini qiynab yurgan masalani Ka’bul Ahborga dilidan chiqarib bayon qildi: «Ota-onamga qilolmay qolgan yaxshiliklarim uchun Allohning O‘zidan sabr so‘rayman», dedi.
Mana shu gap uni doimo qiynar edi. Ota-onasi tirik chog‘ida ularga ko‘ngildagidek xizmat qila olmadi. Ular o‘tib ketganlaridan keyin qadrlarini tushunib yetdi. Endi afsus-nadomat chekmoqda. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, degani shu ekan-da. Ota-ona tirik chog‘ida, oldida turganlarida ularning qadrini tushunib yetmabdi. Dunyoning tashvishini qilibdi. Bolam-chaqam, debdi. Mana, endi afsus qilmoqda. Qani edi, hozir ota-onasi tirik bo‘lsalar-u, u kechayu kunduz ixlos bilan xizmatlarini qilib, duolarini olsa. Afsus, afsus! Endi iloji yo‘q. Ular qayta tirilib kelishmaydi. Hammam ularga yaxshilik qila olmaydi. Butun umri afsus bilan o‘tadi.
Ka’bul Ahbor kutilmaganda Hammaning xayolida yo‘q gapni aytib qoldi.
«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».
Ha, ota-onangga yaxshilik qilolmay qolganing yo‘q. Ular vafot etib ketgan bo‘lsalar, hozir ham ortlaridan yaxshilik qilsang bo‘laveradi. Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalariga mehribon Zot. U bizga ota-onalarimizga ularning o‘limidan keyin ham orqalaridan yaxshiliklarimiz yetib boradigan eshiklarni ochib qo‘ygan. Buning uchun sen ularning ikkovlariga istig‘for aytib tur. «Allohim, otamni mag‘firat qil, onamni mag‘firat qil, gunohlarini kechir», deb tur.
Ota-onangga namozingda duo qilib tur. Ro‘zangdan ham ularga nasiba ajrat. Savobini ularga bag‘ishla. Ularni yo‘qlab, sadaqa qilib tur. O‘sha sadaqaning savobini ularga bag‘ishla. Bu ishlaring ota-onangga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilganingdek bo‘ladi.
Demak, inson ota-onasining ortidan duo qilish, ularga istig‘for aytish, namozidan, ro‘zasidan, sadaqasidan hosil bo‘lgan savoblarni bag‘ishlab turish bilan ham ota-onalariga qiladigan yaxshiligini davom ettirishi mumkin ekan.
Farzandning ota-onasining o‘limidan keyin ularga yaxshilik qilishi ushbu ikki rivoyatda zikr qilingan narsalar bilan cheklanib qolmaydi. Balki bulardan boshqa ishlar bilan ham ota-onaga ularning vafotlaridan keyin yaxshilik qilish mumkin. Ana shunday ishlardan ba’zilari keyingi boblarda keladi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.