Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Malayziyadan Toshkentga ilk charter reys parvoz qildi

15.07.2022   1316   3 min.
Malayziyadan Toshkentga ilk charter reys parvoz qildi

Shu yil 9 iyul' kuni Toshkent va Kuala-Lumpur o'rtasida ilk to'g'ridan-to'g'ri charter reysi yo'lga qo'yildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Mazkur parvoz O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida «Malaysia Airlines» aviakompaniyasi va O'zbekistonning «Osmon Aero» sayyohlik operatori o'rtasida imzolangan kelishuv doirasida tashkil etildi. Ushbu hujjatga 26 may kuni «Malaysia Airlines» aviakompaniyasining global sotuvlar bo'yicha direktori Roslan Ismoil va «Osmon Aero» kompaniyasi bosh direktori Anastasiya Arushanova tomonidan imzo qo'yilgan edi.

Elchixona ma'lumotiga ko'ra, reyslar 287 o'ringa mo'ljallangan A330-200 samolyotlarida amalga oshiriladi. Jadvalga ko'ra, charter reysi har 10 kunda bir marta rejalashtirilgan.

Birinchi charter reysda Malayziyaning 10 ta sayyohlik kompaniyasi vakillari va sayohat blogerlari uchun Samarqand, Buxoro, Hiva, Toshkent va Namangan shaharlarining tarixiy va zamonaviy diqqatga sazovor joylari bilan tanishishga yo'naltirilgan o'n kunlik infotur ham uyushtirilgan. Sayohat davomida O'zbekistondagi etakchi turoperatorlar bilan yangi turpaketlarni ishlab chiqish uchun B2B-uchrashuvlari tashkil etiladi.

Terri Vong,
«AITravel Sdn. Bhd.» sayyohlik kompaniyasi direktori:

– Ushbu charter reysi orqali O'zbekistonga ilk bor sayohat qilish, uning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'lganimizdan xursandmiz. Biz turpaketlarni diversifikatsiya qilish, O'zbekiston va Markaziy Osiyoga kirish va chiqish turizmi bo'yicha yangi qo'shma turpaketlarni ishlab chiqish maqsadida O'zbekistondagi hamkorlarimiz bilan uchrashuvlar o'tkazishni rejalashtirganmiz. Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan, o'zining betakror madaniyati, rang-barang boy qadriyatlari va ajoyib tabiatiga ega O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini malayziyaliklar orasida yangi sayohat yo'nalishi sifatida targ'ib etishga ahd qilganmiz.

Ahmad Kamol, sayyoh:

– Kuala-Lumpur va Toshkent uzoq davom etgan lokdaun va karantin cheklovlaridan so'ng nihoyat to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovi orqali bog'langanidan xursandmiz.
20 yil oldingi sayohatimdan keyin yurtingizga yana bir bor yo'l olayotganim meni ilhomlantirmoqda. O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o'zgarishlar, jumladan, turizm infratuzilmasi, aeroportlar va mehmondo'stlik industriyasini rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan amaliy chora-tadbirlardan yaxshi xabarimiz bor. Yangi O'zbekistonni, mamlakatda xorijlik sayyohlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar va qulayliklarni ko'rish niyatidamiz.

Mamlakatlarimizni tarixiy rishtalar, madaniy va diniy mushtaraklik, an'analar va ma'naviy qadriyatlarning yaqinligi bog'lab turadi. Malayziyaliklar Imom Buxoriy Vatanining boy ma'naviy va madaniy merosiga alohida hurmat bilan munosabat bildirishadi, sizning betakror me'morchiligingiz, o'zbek taomlari, mehmondo'stligingiz va bag'rikengligingiz bizni o'ziga jalb qiladi. Fursatdan foydalanib, barcha malayziyaliklarni O'zbekistonga sayohat qilishga chaqiraman!

Ravindaran Kunju Raman, tadbirkor:

– O'zbekistonda ko'p marotaba bo'lganman va mamlakatingizda Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida turli sohalarda amalga oshirilayotgan ulkan o'zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzataman. Hususan, turizm va mehmondo'stlik sanoatidagi keng ko'lamli o'zgarishlar, yaxshilangan sarmoyaviy muhit alohida e'tiborga loyiqdir. Bu, albatta, respublikaning ulkan sayyohlik salohiyatini ochib berishga, ishbilarmon doiralar vakillari uchun yangi imkoniyatlar va marralarni yaratishga xizmat qilmoqda. Men barcha do'stlarimga O'zbekistonga sayohat qilish, mamlakatning boy madaniy merosi bilan tanishish, respublikaning gastronomik va rekreatsion turizmidan bahramand bo'lishni tavsiya qilaman.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

"Yog‘ochli sardoba" – Sirdaryoning turizm salohiyatini ochuvchi noyob yodgorlik

02.05.2025   10972   2 min.

Sirdaryo viloyatida joylashgan tarixiy va madaniy obidalar orasida XVI asrga tegishli "Yog‘ochli sardoba" alohida ahamiyatga ega. Buxoro xoni Abdullaxon II davrida, 1580 yilda qurilgan mazkur gidrotexnik inshoot nafaqat o‘tmishdan darak beradi, balki hozirgi kunda viloyat turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
 

Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.


– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.


Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.


– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.


“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz. 


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari