498-CAVOL: Men Tojikistondanman. Islomni o'rganib, unga amal qilishga harakat qilaman. Men Suriya haqida so'ramoqchi edim. Internetda ba'zi o'zbek olimlari Suriyada jihod bor, kim inkor etsa fosiq, munofiq deb, chaqiryaptilar. Siz bunga nima deysiz?
JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Internetdagi da'vatchilar ma'ruzalarida jihod hamma uchun farz ekani haqida so'z yuritadi. Aslida, jihod ikki qismdan iborat:
1. Talab jihodi – farzi kifoya. U hozir yo'qligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Chunki, hozirda davlatlar o'rtasida tinchlik bitimi mavjud bo'lib, urushmaslikka kelishilgan.
2. Mudofaa jihodi – farzi ayn. U dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo'ladi.
Ma'lumki, jihodning o'ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Halifa” bo'lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma'lum. Qolaversa, jihod joriy bo'lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga Islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.
Bugungi kunda jihodga targ'ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o'zlari ham bilmaydi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kim noma'lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo'lda o'ldirilsa, demak, u johiliyat o'limini topibdi” deb aytganlar. Ya'ni, kimki noma'lum bayroq ostida, uni kimning qo'lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va bu yo'lda o'lsa u johiliyatda o'lgandek bo'ladi.
Dinimiz hatto urush ostida bo'lgan va dushman zaminlarida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo'lmagan insonlarning o'ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. Jihodga chaqirayotganlarning aksariyat xalqi musulmon bo'lgan o'lkalarda begunoh insonlar o'ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar'an ruxsat ko'zi bilan qarashi juda achinarlidir.
“Niso” surasining 93-oyatida bir mo'min kishini qasddan o'ldirganlar jahannam azobiga duchor bo'lishi xabar berilgan.
Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam bu haqda “Dunyoning yo'q bo'lib ketishi Alloh nazdida bir mo'minning nohaq o'ldirilishidan ko'ra engilroqdir” deb, bu jinoyatning oqibati qancha yomon ekaniga ishora qilmoqdalar (Ibn Moja rivoyati).
Buzg'unchi toifalar o'zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o'zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo'lishayotgani achinarli hol, albatta.
Mashhur olim, marhum Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aynan nizoli hududlarni ichida bo'lgan va terrorchilar xususida shunday degan edilar: “Ular bir vaqtning o'zida biror aybi yo'q musulmonlarni kechasi bo'g'izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo'lovchilar to'la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo'shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko'zlarini yumib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo'larmidilar?!”
Dinimizda begunoh inson qonini to'kish buzg'unchilikning eng ulkan ko'rinishi hisoblanadi. Islom hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dindorlik haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da'volari soxta ekanini fosh etmoqda. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati. @diniysavollar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati