Buxoro viloyati "Chor Bakr" jome masjidi imom-xatibi
Azizxo'ja domla Inoyatov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo Qur’oni Karim Baqara surasida bunday marhamat qiladi:
«Iymon keltirib yaxshi amallar qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostlaridan daryolar oqib turuvchi bog‘lar bor. Qachon o‘sha bog‘larning biror mevasidan bahramand bo‘lsalar, "ilgari totib ko‘rgan narsamiz-ku", deyisha-di. Zero, ularga surati bir-biriga o‘xshash mevalar berila-di. Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordir. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar» (25-oyat).
Hakim Termiziy «Navodirul usul»da keltiradi:
Abu Mas’ud G‘iforiy aytdi: «Alloh taolo: «Chodirlarda asralgan hurlar», deya sifatlagani yaxlit durdan o‘yib ishlangan chodirlardagi hurlardir. Ulardan har birining yetmish xil ziynati bor, u ziynatlarning biridagi rang boshqasida takrorlanmaydi. Ularga yetmish xil hid beriladi, bir hid boshqasida takrorlanmaydi. Ularda har bir ayol uchun dur va yoqutdan o‘yilgan yetmishta so‘ri bo‘ladi. Har bir so‘rida yetmishta to‘shak, har bir to‘shakda bolishlar bor. Har bir ayolga yetmish ming qiz va bola xizmat qiladi, ularning qo‘lida turli xil taomlar solingan oltin likopchalar bor. Taomlarning lazzati ham bir-birinikidan o‘zgacha. Uning juftiga ham shuning misli beriladi. Qizil yoqutdan bo‘lgan so‘ri ustida yoqutdan ishlov berilgan ikkita bilakuzuk bor. Bu ne’matlar Ramazon oyida tutilgan ro‘zaning har bir kuni uchundir».