Yurtimiz ziyoratchilari arafa kuni erta tongdan hajning yana bir farzini bajarish maqsadida Arofat tomon yo'l oldilar. Hadislarda keltirilishicha, Arofat eng ulug' manzillardan biri bo'lib, bu erda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo'larkan. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g'animat bilib, undan oqilona foydalanish payidan bo'ladilar.
Hojilarimiz Arofotda duoi xayrlar, ibodatlar ila turishib, Arafa kunining peshin va asr namozlarini jam qilib o'qidilar. Duo va tavbalarda bardavom bo'ldilar. Alloh-taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz turmushi yanada farovon bo'lishini, aziz diyorimizni hamisha O'z panohida asrashini so'rab duolar qiladilar.
Arafotdagi vuqufdan so'ng quyosh botganidan keyin esa Muzdalifaga bordilar. Alloh taolo O'zining Kalomida: “Arafotdan tushganingizda, Mash'ari Haromda (Muzdalifada) Allohni (talbiya, tahlil, takbir, sano bilan) zikr eting” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 198-oyat).
Ma'lumot uchun: Arofatga chiqishdan oldin g'usl qilish sunnatdir. Arofatda turish hajning asosiy rukni bo'lib, bu ruknsiz haj bo'lmaydi. Ibn Abbos roziyallohu ahudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Haj – arafadir” deganlar.
Arafa kuni zavoldan boshlab, Arofatda turish vaqti kiradi. Arofat chegarasidan boshqa joyda tursa, haji haj bo'lmaydi. Arofatda Arafa kuni zavoldan hayit kuni tongigacha qay holda tursa ham, bir soat tursa soqit bo'ladi. Bu erda ham talbiya aytib turadi. Arofatda ham duoga zo'r berish kerak, ayniqsa Jabali rahmat ustilariga chiqib duo qilish tavsiya qilingan. Arofatda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo'shib, qasr qilib o'qiladi, peshin vaqtida. Arofatda quyosh botguncha turish vojib hisoblanadi.
Cavol: Namoz o‘qiyotganimda bolam ro‘molimni tortib yechib yubordi. Namozim nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra namozda berkilishi shart bo‘lgan a’zolardan birining to‘rtdan bir va undan ko‘p qismi uch tasbeh (Subhanalloh) aytish muddaticha ochiq tursa, namoz buziladi. Agar uch tasbeh aytish muddatiga yetmasdan, bir qo‘lda yengil harakat bilan yopib olsa, namoz buzilmaydi. Sizdagi holat ham mana shu hukmga tushadi. Bu holatda ro‘molning o‘zi tushib ketishi yoki kimningdir tushirib yuborishi o‘rtasida farq yo‘q (“Muxtasar fil fiqhil hanafiy”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.