Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Yanvar, 2025   |   3 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:24
Shom
17:08
Xufton
18:28
Bismillah
02 Yanvar, 2025, 3 Rajab, 1446

Makkada hajga bag'ishlangan katta simpozium boshlandi

8.07.2022   2417   2 min.
Makkada hajga bag'ishlangan katta simpozium boshlandi

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri Tavfiq ar-Rabia yakshanba kuni Makkada Buyuk hajning 46-simpoziumini ochdi.
"Pandemiyadan keyingi haj: marosimlar va g'amxo'rlik" nomli tadbirda Qirollikdan va musulmon olamidan ma'ruzachilar, olimlar, huquqshunoslar va ulamolar ishtirok etmoqdalar. Bu yilgi Buyuk haj simpoziumi ikki kun davomida sessiyalar, munozaralar va ma'ruzalarni o'z ichiga oladi.

"Hajdan tinchlikka" tadbirining ochilishida ar-Rabia COVID-19 pandemiyasi "2020 yil boshida dunyoni larzaga solganini aytdi". Uning qo'shimcha qilishicha, musulmon dunyosida pandemiya masjidlar, haj, umra, shuningdek, ta'lim va kundalik hayotga olib kelgan tanaffuslarni hech kim oldindan ko'ra olmagan.

Islam.ru xabariga ko'ra, ar-Rabia Saudiya rahbariyatining pandemiya sharoitida hajni davom ettirish to'g'risidagi qarorini yuqori baholadi.

U: "Biz 2020 yilda haj marosimlarini o'tkazmaslikni tavsiya qildik. Biroq, Qirol Salmon ushbu marosimni to'xtatmaslikka va ziyoratchilar sonini 1000 kishigacha cheklashga qaror qildi. Haj ziyorati esa ziyoratchining xavfsizligini kafolatlovchi barcha ogohlantirish va profilaktika choralariga rioya etilgan holda amalga oshirilib, natijalar dalda beruvchi va ishonchli bo'ldi", - dedi u.

Bu yilgi haj "Sog'liqni saqlash vazirligining tavsiyasiga binoan 1 million ziyoratchi bilan cheklangan", dedi u. Qaror Saudiya rasmiylariga "tibbiy xizmat ko'rsatish va ziyoratchilarning xavfsizligini ta'minlashga imkon beradi."

Ikki muqaddas masjid ishlari boshqarmasi raisi shayx doktor Abdul Rahmon Al-Sudais Saudiya davlati barcha imkoniyatlarini haj tizimini saqlashga yo'naltirganini aytdi. Shuningdek, u haj marosimlarini siyosiy shiorlar yoki namoyishlarga aylantirish ta'qiqlangani va hajni insof, adolat va tinchlik belgisi sifatida amalga oshirish kerakligini ta'kidladi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Rajab oyini Rasululloh ﷺ qanday o‘tkazganlar?

31.12.2025   8076   2 min.
Rajab oyini Rasululloh ﷺ qanday o‘tkazganlar?

“Rajab” so‘zi qanday ma’noni anglatadi? 
– Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi.

Rajab oyi qanday oy? 
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir. 

Rajab oyining qanday fazilatlari bor? 
– Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh  kecha  borki,  unda  duolar  rad  etilmaydi: rajab oyining  avvalgi  kechasi; sha’bon oyining  yarmidagi  kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).

Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana va ballig‘na ramazona” (Allohim, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan). 

Ulamolardan biri: “Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan. 
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik! 

G‘aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt g‘animat, umr bevafo!

 Davron NURMUHAMMAD