Musulmon odam har doim shariatga muvofiq ish ko'radi, hayot kechiradi. Agar o'zi (nafsi) istaganidek yashash tarziga o'tadigan bo'lsa, albatta, muvozanat buziladi, ruhi bo'g'iladi, mo'minligiga putur etadi.
Tahorat buzilganidek, axloq ham buziladi. Tahoratni buzadigan amallar bo'lganidek, xulqni buzuvchi illatlar ham bor. Bugun ularning koni internet atalmish ko'rinmas, ammo imkoni juda keng bo'lgan olamdir. Alloh saqlasin, loqayd bo'lsak, undan tarqalayotgan illatlar nafaqat o'zimiz, ahlimiz, balki farzandlarimizga ham zarar berishi mumkin.
Musulmon kishi birodarining joni va moli qatorida, uning sirini ham himoya qiladi. Bugun internet tarmoqlariga “mish-mish”larsiz kirish to'yga to'yonasiz borishday gap bo'lib bormoqda. Birovning sirini fosh qilish go'yo qahramonlikday, birga o'n qo'shib olib chiqishlar urf bo'lmoqda. Bular musulmon uchun o'ta xatarlidir. Biz tilimizni, ko'zimizni, farjimizni, oyog'imizni, qo'llarimizni asrashga mas'ulmiz. Axir Alloh taolo qiyomat kuni a'zolarimizni gapirtiradi. Ular bizga qarshi guvohlik beradi...
«Bugun Biz ularning og'izlarini muhrlab qo'ygaymiz. Bizga ularning qilib o'tgan ishlari haqida qo'llari so'zlab, oyoqlari guvohlik berur» (Yosin surasi, 65-oyat).
Shirk va kufrda bo'lgan bandalar qiyomat kuni dunyoda qilgan qilmishlaridan tonib, tillari bilan noto'g'ri guvohlik berishga harakat qilishar ekan. Qo'shnilari va qarindoshlari ularning mushrik bo'lgani haqida guvohlik berishsa ham, tan olishmas ekan. Alloh taolo ularning og'izlarini muhrlab qo'yishga buyurgach, qolgan a'zolari uning kirdikorlarini birma-bir aytib, guvohlik berar ekan.
Shunday ekan, kishi tahorati singanda qayta olgani, Ramazonda eb-ichishdan tiyilgani, doimo gunoh ishlardan uzoq turgani kabi internetdagi zararlardan ham saqlanish lozim. Ayni paytda, sahar yo iftor qilgani, jufti haloli bilan o'ynab-kulgani kabi, internetdan foydalanish joiz bo'lgan o'rinlarda foydalanadi.
Mo'min “zamon bilan hamnafas bo'lish” tushunchasini yanglish anglab, aldanmaydi. Qo'l telefoni, internet va media olami o'z domiga tortishi, taqvo, hilm, xushudan uzoqlashtirishi kabi ko'zga ko'rinmas illatlardan o'zini ehtiyot qiladi. “Internetni yosh bolalar ham ishlatib yuribdi-ku”, deb e'tiborsiz bo'lish yaramaydi. Biz qayerda, qaysi yoshda bo'lmaylik, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tarbiya qilgan ummat bo'lib qolishimiz kerak.
Internet va qo'l telefoni bizni o'zgartirmasligi, aksincha, biz Allohning izni bilan, internetni, qo'l telefonini ham o'zgartirishimiz lozim. Ta'bir joiz bo'lsa, telefonimizni “tarbiya” qilishimiz, bu orqali o'zimizni isloh etishimiz kerak. Ho'sh, hozir telefoningizni bir “sinab” ko'ringchi, unda qancha keraksiz narsalar bor ekan?! Telefoningiz (ya'ni o'zingiz) nechog'lik tarbiyali, musulmonga xos axloqdan nasibador ekaningizni bilib olasiz!..
Muxtorxon JALOLOV,
Shahrisabz tumanidagi “Bobo Salim”
jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV