Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447

Abdulloh ibn Muborak: Ism va nasablari – 2 qism

21.12.2023   983   5 min.
Abdulloh ibn Muborak: Ism va nasablari – 2 qism

Ibn Muborakning ismlari ba'zi tarjimai hol kitoblarida[1] otalari ismidan qisqartirib olingan deyilsa, ba'zilarida[2] bobolarinikidan deyiladi.

U kishi Abdulloh ibn Muborak ibn Vodih Al-Hanzaliy At-Tamimiy mavlolari, Abu Abdurrohman Marvaziy. U taba' tobe'inlardan, bani hanzala mavlolaridan.

Ibn Javziy “Mudhish”da keltiradilar: “Abdulloh ibn Muborak ismi bilan nomlanuvchilar oltita. Birinchisi – Marvaziy, bu kishi mana shu. Ikkinchisi – Hurosoniy. Uchinchisi – Buxoriy. To'rtinchisi – Javhariy. Qolganlari Bag'doddan”[3].

Abdulloh ibn Muborakning onalari Horazmdan, otalari turk bo'lgan. Otalari Bani Hanzaladagi Hamzon ismli tijoratchining quli bo'lganlar. U kishi taqvodor, solih, ibodatgo'y, xilvatni sevuvchi, o'ta darajada parhezkor edi. Tarix sahifalari bizga u kishi haqlaridagi ajoyib hodisani yozib qoldirgan:

Abdullohning otalari Muborak xo'jayinlarining bog'ida ishlab yurar edi. Bir kuni bog' egasi Muborakdan shirin anor keltirishini so'radi. Anor keltirilib,  ichi yorilganda xom bo'lib chiqdi. Shunda xo'jayin jahli chiqqancha, “Men senga shirin anor keltir, desam, xomini olib kelasan-mi?!” dedi. Muborak yana boshqa bir daraxtdan yangi anor keltirdi. Unisi ham xom chiqdi. Bu holat uchinchi bor takrorlanganda  xojaning g'azabi kuchayib dedi:

- Nima, sen shirin meva bilan xomini farqiga bormaysanmi?

- Yo'q.

- Bu qanaqasi bo'ldi?!

- Bog'dagi birorta mevadan tatib ko'rmaganman.

- Nima uchun tatib ko'rmading!?

- Chunki siz bog'dagi mevalardan eb ko'rishimga izn bermagansiz – da...

Hoja bundan taajjubga tushdi. Muborak uning ko'zlariga yuksak inson bo'lib ko'rindi. Uning qadri oshdi.

Bog' egasining bir qizi bo'lib, sovchilari ko'p edi. Muborakka dedi:

- Ey, Muborak, qizimni kimga uzatsam ekan, nima deysan?

- Johiliyat ahli obro'liga, yahudiylar puldorga, nasroniylar chiroyliga uzatadilar. Bu ummat esa diyonatliga loyiq deb biladi.

Bog' egasi uning etuk aqlidan lol qoldi. Tezda borib ayoliga uning xabarini berdi va “Qizimiz uchun Muborakdan munosibroq kuyov topilmasa kerak”, dedi. So'ng uni Muborakka nikohlab berdi. Abdulloh ismli farzand ko'rdilar. Bu farzandga otasining yaxshiligi o'tdi, Alloh taolo solih farzandlardan qildi.

Bu ajib qissa Abdulloh ibn Muborakning oilasi taqvodor, diyonatli va solih ekanligini ko'rsatadi. Abdulloh ibn Muborakka ham go'zal xislatlar otasidan o'tgan. Ko'rinishi va shakli shamoili otasiga o'xshagani kabi, xulqi va diyonati ham otasiga juda-juda o'xshagan.

“Tarixi  Bag'dod”da Muhammad ibn Abdulaziz ibn Abu Razimadan  keltiriladi: “Abdulloh ibn Muborakdan eshitdim, u aytadi: “Abu Hanifa otamga razm solib: “Bu bolaning onasi sendagi omonatini ado etibdi”, dedi. Chunki u otasiga quyib qo'ygandek o'zi edi”.

Abdullohning otasi haqida faqatgina yuqorida zikr qilgan voqea ma'lum. Bobolarining esa ismlari ma'lum. Otalarining boshqa farzandlari bo'lmagan.

N.Saidakbarova,

Toshkent Islom instituti

“Hadis va Islom tarixi” kafedrasi o'qituvchisi.

 

[1] Tarixi Bag'dod, Al-ibar fi axbori min g'ubar, Al-javahirul mudiyya, Al-bidoya van Nihoya.

[2] Tahzibul asmo val lug'ot, Tazkirotul huffoz, Tahzibut tahzib, Vafoyotul A'yon

[3] Al-a'lom, Zarkiliy. 4:256

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

01.08.2025   4271   1 min.
“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:

“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.


“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.


“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.


“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.


“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.


“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.


“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.


“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.


“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.


Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat dedi.
 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV