– Mahmud, liboslarni tekshirib bo'ldik. Safarga otlanyapman. Qarzdorlar ro'yxatini senga tashlab ketaman. Kim qarzini so'rab kelsa, darhol pulini qaytar. Qarzdorlarga esa kenglik qil. Yana bir narsani esdan chiqarma: ba'zi kiyimlarning sifati yaxshi emas. Ularni sifatlilariga qo'shib sotma. Mijozga molning aybini aytib, yarim narxiga sot. Haridor kiyimning aybini ko'rmasligi mumkin. Lekin Alloh biladi, U Zot holimizdan xabardor. Tijoratimizda Parvardigorga osiy bo'lsak, barakadan mahrum bo'lamiz.
* * *
– Menga ayt-chi, bu ko'ylakning narxi qancha?
– Ikki ming dirham.
– Qimmat ekan. Yurtingizda mehmonman. Karvonim Yamanga qaytish arafasida. Mehmonni hurmatlab, uni menga ming dirhamga bersang.
– Mehmon ekansiz, ko'ylakni sizga bir yarim ming dirhamga beraman. Undan kamiga sotsam, do'kon egasi meni koyiydi.
Yahudiy ko'ylakni oliboq yo'lga tushdi. U ketganidan keyin Mahmud sifatsiz ko'ylakni yaxshi ko'ylak narxida adashib sotib yuborganini payqab qoldi. O'zini koyirkan, xo'jayinga nima deyishini o'ylab xavotirga tushdi.
* * *
Sayfuddavla yurtiga quruq qo'l bilan qaytdi.
“Endi kelmasa kerak”, degan vajh bilan unga atalgan molni o'zga tijoratchiga sotib yuborishgandi. Keyingi savdogacha hali olti oy bor edi. Sayfuddavlani bu hol qattiq tashvishga soldi. Sababi, do'konida faqat bir oyga etadigan moli qolgan edi.
Sayfuddavla safardan qaytib, do'kondagi ishlar haqida so'radi. Ishchisining sifatsiz ko'ylakni qimmat narxda sotib yuborganini bilgach, xaridor haqida surishtirdi.
Mahmud ko'ylakni yahudiyga sotgani, u musofir bo'lib, karvoni bilan kecha Yamanga qaytganini aytdi. Sayfuddavla yahudiyni topish uchun karvon ortidan borishga tayyorligini bildirganda, Mahmud hayratlanib: “Ming dirhamni qaytarish uchun yolg'iz o'zingiz sahroda katta masofani bosib o'tasizmi?” dedi. Sayfuddavla: “Ha, gardanimda ming dirhamdan qarz bilan Alloh taologa yo'liqolmayman”, dedi.
Sayfuddavla karvonni topish, pulni yahudiyga qaytarish uchun yo'lga chiqdi. Havo issiq, masofa olis edi. Sayfuddavla yo'lda uchratgan har bir karvondan yahudiy haqida surishtirdi. Faqat safarning uchinchi kuni yahudiylar karvoniga duch keldi. Ular orasida o'sha yahudiyni topdi va unga bunday dedi:
– Alhamdulillah, axiyri sizni topdim. Siz xarid qilgan ko'ylak sifatsiz edi. Mana bu ming dirhamni olib qo'ying.
– Lekin men ko'ylakdan ayb topa olmadim.
– Yordamchim ham xabarsiz holda uni qimmat narxda sotib yuboribdi.
– Ming dirham uchun shuncha mashaqqat chekib yuribsizmi?
– Hisob kunida ushbu gunohni ko'tarib turolmayman.
– Allohga qasam, sizdek xulqli kishini hali ko'rmadim. Kim sizni bunday qilishga undadi?
– Islom dini. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Vayl bo'lsin o'lchovdan urib qoluvchilarga. Ular odamlardan narsa o'lchab olcalar, to'liq olarlar. Va agar odamlarga o'lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar” (Mutoffifin surasi, 1–3-oyatlar). Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bizni aldagan bizlardan emas”, deb ogohlantirganlar. Nega jim turibsiz, pulingizni oling.
– Allohga qasam, nima deyishni ham bilmay qoldim. Meni bu go'zal xulqingiz va so'zlaringiz bilan xijolat qildingiz.
– Nima demoqchisiz?
– Men ko'ylak xarid qilishda qalbaki pullar bergandim. Shu bois avval yukimni shay qilib, do'kondorga dirhamni beriboq yo'lga otlandim. Shunday qilsam, sotuvchi qalbaki pullarning farqiga bormaydi, dedim. Sizni ko'rganimdan keyin soxta pullarni berib, ko'ylakni qaytarib olasiz deb o'yladim va do'stlarim oldida sharmanda bo'lishdan qo'rqdim.
– U holda nima uchun hozir pullarning soxta ekanini e'tirof etmoqdasiz?
– Sizning go'zal xulqingizni ko'rib, yomon xulqimdan uyaldim.
Islom diniga kiraman: “Allohdan O'zga iloh yo'q, Muhammad Uning bandasi va rasuli ekaniga guvohlik beraman!”
Shu tariqa yahudiy musulmon bo'ldi va karvonini tashlab Sayfuddavla bilan Shomga, yangi dinni o'rganish uchun ketdi.
Urgut tumani bosh imom-xatibi
Abdug'ani HASANOV
tayyorladi.
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.