frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Soxta salafiylik

02.06.2022   1775   4 min.
Soxta salafiylik

Salafi solihlar asri boshidanoq yagona islomiy jamoat halqasi “ahli sunna val jamoa” deb nomlanadi. O'sha yagona islomiy jamoat halqasi markazidan yangi islomiy jamoatning yangi halqasini to'qib paydo qilish hukmi xususidagi savollarni junbishga keltiradi.

Ho'sh, mazkur yangi jamoat o'zining yangi halqasini paydo qilishining hukmi nima? Uning bugungi islomiy voqealik borasidagi hamda islomiy da'vat xususidagi ta'sirlari qanday?

Biz o'zimiz uchun salafi solihlar asrini yo'l(imizni) yorituvchi mash'ala qilib oladigan bo'lsak, u holda mazkur yangi islomiy mazhab o'zi uchun bu laqabni “ixtiro” qilib olishga olib boradigan joizlik topa olamizmi? Vaholanki, u o'zi jar solayotgan narsa haq, boshqalar tarafini esa botil, deya ko'radi.

• “Salaf” kalimasining lug'at va istilohdagi ma'nolari

• Salafi solihiynlar o'zlarining qisqagina davrlarida, xalaf uzoq davrlarda qilgan taraqqiyotidan ko'prog'ini qildilar

• Taraqqiyot (shariatning zamon va makonga munosibligi) va sabot (o'zgarmas masalalari)ning har ikkisida salafi solihiynga ergashmoqning mezoni nimadan iborat?!


“Salaf” kalimasidan uning lug'aviy ma'nosi iroda qilingan bo'lsa, u holda bu kalima nisbiy ma'noni ifodalab, u uzluksiz bo'lmish davrlarning galma-gal almashib kelishi imkonini beradi. (Bu borada) u xuddi (arab tilidagi) “qoblu” (avval) ma'nosi bilan barobardir. Zero har qanday zamon, uning ortidan keluvchi zamonga nisbatan avvalgi, ya'ni “salaf”, undan avval o'tgan zamonga nisbatan esa “xalaf” keyingi hisoblanaveradi.

Ammo ushbu kalima, o'zida yuqorida o'tgan ma'nodan boshqa sobit, istilohiy ma'noni ham ifodalaydiki, u ana shu ma'nodan boshqa ma'noga o'tib ham ketmaydi, (boshqa ma'noga) ko'chirilmaydi ham.

“Salaf” kalimasi, hadisi sharif e'tiboriga ko'ra, dalolat jihatidan, islomiy asrlarning eng afzali, iqtido va ergashishga eng loyiqroq bo'lgan (davrga) nisbatan ishlatiladi.

Ushbu kalimaning qat'iy qaror qilingan istilohiy ma'nosi, bu sayyidimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ummati bo'lmish, bu islom ummati umrining dastlabki uch asridir. Mazkur istilohiy ma'noning qo'llanishing (asosiy) masdari Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu orqali ikki shayx rivoyat qilgan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning quyidagi so'zlaridir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytadilar:

“Insonlarning xayrlisi mening asrim ahli, keyin ularga yaqin bo'lganlar, so'ngra ularga yaqin bo'lganlar. So'ngra shunday qavmlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o'zib ketadi." (Ya'ni, guvohlik berish va qasam ichish masalasiga shu qadar mas'uliyatsiz yondashadilarki, ular guvohlikni engil sanab qasam ichaveradilar.)

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ketma ket, tartib bilan zikr qilib, ularga “xayrli” deya guvohlik bergan uch asr (ahli) dan murod kimlardir? Ulardan murod, o'sha asrlarda yashagan musulmonlar majmuasimi? “Hayrli” hukmi, ular orasidagi ba'zi birlarining yoki ularning ko'pchiligining holatidan qat'iy nazar, o'sha asrdagilar majmuasi haqida aytilganmi? Yohud “xayrli”lar deya, ularning birortasi ham istisno qilinmagan holda ularning barchasi doxil bo'ladigan, ana o'sha (asr) musulmonlaridan bo'lgan har bir shaxs e'tibor qilinadimi?!

Bu haqidagi ixtilof ma'ruf va mashhurdir. Jumhur ulamolar nazdida, salohiyat hamda istiqomatdagi darajasi hamda tafovuti turlicha bo'lishiga qaramasdan “xayriyat” bahosi bu uch asr ahlidan bo'lgan har bir shaxs haqida sobitdir.

Muhammad Ayub Faxriddinov

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   36363   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV