Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston Halqaro Islom akademiyasi va Turkiya Strategik tafakkur instituti bilan hamkorlikda Anqara shahrida «O'zbekiston – islom tamadduni markazi» mavzusiga bag'ishlangan ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda ma'ruza bilan qatnashgan mamlakatimiz akademiyasi professor-o'qituvchilari buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduni, diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga qo'shgan hissasi, «Yangi O'zbekiston – Uchinchi Renessans» shiori ostida bugungi kunda mamlakatimizda kuzatilayotgan umummilliy yuksalish haqidagi atroflicha ma'lumotlarni o'rtoqlashdilar.
Turkiya vakillari buyuk allomalarimizning ulkan ilmiy, diniy-ma'naviy merosini chuqur o'rganish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari, O'zbekiston Halqaro Islom akademiyasi va O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazlari singari ilm-ma'rifat maskanlarining ahamiyatini alohida e'tirof etdilar.
Anqara universiteti Ilohiyot fakul'tetining professori So'nmez Kutlu o'z ma'ruzasida O'zbekiston – tom ma'noda tamaddunlar chorrahasi, Islom tsivilizatsiyasning markazida joylashganiga e'tibor qaratdi.
– Tarixda Bog'dod, Andalusiya kabi ilm markazlari qatori Movarounnahr ma'rifat havzasida o'ziga xos o'ringa ega bo'lgan, - dedi u. - Qoraxoniylar davrida bir shaharda 300 faqih-huquqshunos faoliyat ko'rsatgan. 9-10 asrlarda Samarqandda ilm shu qadar taraqqiy etganki, yoshlar maktab va madrasada o'qishining majburiyligi belgilangan. Qoraxoniylar davrida ilm-fanga katta e'tibor qartilgan va ilm ahli qo'llab-quvvatlangan. Aynan shuning natijasi o'laroq ushbu zaminda ilmu irfon taraqqiy topib, gullab yashnagan. Bugun O'zbekiston Prezidenti tomonidan «Uchinchi Renessans» g'oyasi ostida ushbu qadimiy ana'nalarni qayta tiklash, yoshlarni ilm-fanga yo'naltirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovordir. Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Imom Buxoriy kabi ulug' zotlar nomi bilan ochilgan bir qancha tadqiqot markazlari uchun O'zbekiston rahbariyatiga butun turk olimlari nomidan minnatdorlik bildiraman.
Qayd etish kerakki, Turkiyada O'zbekistonga bo'lgan yuksak qiziqish sababli mamlakatimiz bilan bog'liq tadbirlarda nafaqat jamoatchilik vakillari, balki yuqori martabali davlat xizmatchilarining keng ishtiroki ham an'anaga aylangan. Mazkur tadbirda ham Turkiya Buyuk Millat Majlisining ֿ«Turkiya – O'zbekiston» parlamentlararo do'stlik guruhi raisi Osman Mesten ishtirok etib, mamlakatimizga oid o'z fikrlarini o'rtoqlashdi.
– Men Turkiya Buyuk Millat Majlisiga Bursa viloyatidan saylanganman, - dedi u. - Asli mazkur viloyatning Keles qishlog'idanman. Bizning vohada O'zbekiston bilan bog'liq xotiralar bor. Ota-bobolarimizning aytishlaricha, 1400 yillarda O'zbekiston zaminidan kelgan Salohiddin Buxoriy nomli zot bizning qishloqqa asos solgan ekan. Islom tamaddunining beshigi bo'lgan Movarounnahrdan Onado'liga kelib ma'rifat tarqatgan bunday zotlar ko'plab uchraydi. Bursa markazida Amir Sulton Buxoriy hazratlarining maqbarasi mavjud. Shaxsan mening taxminimcha, Turkiyaning turli shahar va qishloqlarida Buxoriy, Samarqandiylarga borib taqaladigan kamida 200ta olimning dahmasi mavjud. Aslida bu borada ham umumiy bir tadqiqot amalga oshirilishi mumkin. Bu ham Movarounnahr va Onado'li o'rtasidagi ma'naviy-ma'rifiy hamkorlik tarixini yoritish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Deputatligim, xususan, o'zbek-turk do'stlik guruhiga rahbarligim sababli so'nggi besh yilda O'zbekistonni o'nlab marotaba ziyorat qilish sharafiga muassar bo'ldim. Har safar yangi bir qadriyatlarni kashf etaman. Har ziyoratimda O'zbekistonning go'zalliklariga bot-bot guvoh bo'laman. O'zbeklarning kundalik hayotida, o'zaro muomalasi, yurish-turishida, axloq-odobida muqaddas Islom dinining go'zal fazilatlari namoyondir. Binobarin, ushbu qutlug' zaminning “Islom tamadduni markazi” deya atalishi bejiz emas.
Tadbirda O'zbekistondan kelgan professor-o'qituvchilar turk hamkasblari bilan yaqindan ilmiy hamkorlik qilish, qo'shma loyihalar ustida ishlashga kelishib oldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV