Shu kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohim domla Inomov rahbarligidagi delegatsiya RF Boshqirdiston muftiyati taklifiga binoan Boshqirdiston respublikasida bo'lib turibdi.
Tashrifning uchinchi kunida ulamolarimiz Kaltasinskiy tumanining Kugarchin posyolkasida yangi barpo etilgan “Nurli” masjidining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Marosimda Ibrohimjon domla Inomov hamda O'MI Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupovlar yig'ilganlarni yangi masjid ochilishi bilan qutlab, qardosh o'zbek xalqi hamda muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari nomidan samimiy tabriklarni izhor qildilar. Shu bilan birga masjid qavmiga O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining hadyalarini taqdim etdilar.
Marosimdan so'ng delegatsiya a'zolari tumandagi yana bir qancha masjidlarga xususan, Borayeva tumanidagi yog'ochdan qurilgan ekomasjidga tashrif buyurib, uning o'ziga xos jihatlari bilan tanishdilar. Shu bilan birga ulamolarimiz asr namozidan so'ng Ufa shahridagi “Rizo” jome masjidida yuzdan ziyod vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ularga diniy-ma'rifiy suhbat qilib berdilar.
Mazkur tadbirlarda Rossiya Federatsiyasi musulmonlarining markaziy diniy idorasi oliy muftiysi Tal'at Tojuddin hazratlari ham ishtirok etib, O'zbekiston delegatsiyasining tashrifidan mamnunligini bildirdi.
Yig'ilish so'ngida muftiy Tal'at Tojuddin hazratlariga O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining esdalik sovg'asi topshirildi. O'z navbatida, boshqird xalqi diniy rahnamosi O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyevga ikki qardosh xalqlar o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik, diniy idoralar o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo'lidagi ulkan xizmatlari uchun tashakkurnomalarni topshirdi.
Shuningdek, muftiy, Shayxul Islom Tal'at Tojuddin hazratlari O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov hamda Jasurbek Raupovga ikki xalq o'rtasidagi diniy aloqalarni mustahkamlashda qo'shgan ko'p yillik ulkan xizmatlarini yuksak baholab, ularni tashakkurnoma va “Samaradorlik” hamda “Ishonch va hurmat” medallari bilan taqdirladilar.
Ulamolarimizning tashriflari davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
M. Hushvaqov tayyorladi
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV