Bugun, 27 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Litva muftiysi Ramazon Hazrat janoblarini qabul qildilar.
Muloqot avvalida Muftiy hazratlari yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar to'g'risida so'zlab berdilar. Ayniqsa, xorijiy diniy idoralar bilan hamkorlik rivojlanib borayotgani, islomiy tashkilotlar bilan aloqalar mustahkamlangani, halol sertifikat berish yo'nalishida ham hamkor tashkilotlar bilan ishlar izchil davom etayotgani va ziyorat turizmini targ'ib qilish borasida ham samarali ishlar qilinayotgani haqida so'zlab berdilar.
Ramazon Hazrat ikki diniy idora o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish, diniy soha xodimlarining tajriba almashish va kasb-mahoratini oshirishda o'zaro hamkorlik qilish, mahsulot va xizmatlarga halol sertifikat berish amaliyotida yaqindan ko'maklashish hamda ziyorat turizmini keng targ'ib etish yuzasidan o'zining fikr-mulohazalarini bildirdi.
Martabali mehmonga hamroh bo'lib kelgan “Halal Control Lithuania” qo'mitasi bosh direktori Farrux Azimov uchrashuvda so'z olib, O'zbekistonda mahsulot va xizmatlarga halol sertifikat berish hamda ziyorat turizm yo'nalishlarida hamkorlik qilish bo'yicha o'z takliflarini berdi. U 2011 yildan buyon halol sertifikat berish yo'nalishida shug'ullanib kelayotgani, maqsadi O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni musulmon va arab mamlakatlariga eksport qilinishida talab etiladigan halol sertifikatlar bilan ta'minlash ekanini ma'lum qildi.
Farrux Azimov so'zida davom etib, “Halal Control Lithuania” kompaniyasi butun dunyoda tan olingani, kelgusida o'zbekistonlik hamkorlar bilan halol sertifikatlar taqdim etish yo'nalishida yaqindan yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. U so'zining yakunida ziyorat turizmi yo'nalishida ham hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ma'lum qildi.
Muloqotda tomonlar o'zaro hamkorlik qilish to'g'risidagi Memorandumga imzo chekdilar.
Uchrashuv do'stona va samimiy ruhda o'tdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati