Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:26
Shom
17:10
Xufton
18:30
Bismillah
04 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Muftiy hazrat Litva muftiysi bilan memorandum imzoladilar

27.05.2022   1167   3 min.
Muftiy hazrat Litva muftiysi bilan memorandum imzoladilar

Bugun, 27 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Litva muftiysi Ramazon Hazrat janoblarini qabul qildilar.
Muloqot avvalida Muftiy hazratlari yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar to'g'risida so'zlab berdilar. Ayniqsa, xorijiy diniy idoralar bilan hamkorlik rivojlanib borayotgani, islomiy tashkilotlar bilan aloqalar mustahkamlangani, halol sertifikat berish yo'nalishida ham hamkor tashkilotlar bilan ishlar izchil davom etayotgani va ziyorat turizmini targ'ib qilish borasida ham samarali ishlar qilinayotgani haqida so'zlab berdilar.
Ramazon Hazrat ikki diniy idora o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish, diniy soha xodimlarining tajriba almashish va kasb-mahoratini oshirishda o'zaro hamkorlik qilish, mahsulot va xizmatlarga halol sertifikat berish amaliyotida yaqindan ko'maklashish hamda ziyorat turizmini keng targ'ib etish yuzasidan o'zining fikr-mulohazalarini bildirdi.
Martabali mehmonga hamroh bo'lib kelgan “Halal Control Lithuania” qo'mitasi bosh direktori Farrux Azimov uchrashuvda so'z olib, O'zbekistonda mahsulot va xizmatlarga halol sertifikat berish hamda ziyorat turizm yo'nalishlarida hamkorlik qilish bo'yicha o'z takliflarini berdi. U 2011 yildan buyon halol sertifikat berish yo'nalishida shug'ullanib kelayotgani, maqsadi O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni musulmon va arab mamlakatlariga eksport qilinishida talab etiladigan halol sertifikatlar bilan ta'minlash ekanini ma'lum qildi.
Farrux Azimov so'zida davom etib, “Halal Control Lithuania” kompaniyasi butun dunyoda tan olingani, kelgusida o'zbekistonlik hamkorlar bilan halol sertifikatlar taqdim etish yo'nalishida yaqindan yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. U so'zining yakunida ziyorat turizmi yo'nalishida ham hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ma'lum qildi.
Muloqotda tomonlar o'zaro hamkorlik qilish to'g'risidagi Memorandumga imzo chekdilar.
Uchrashuv do'stona va samimiy ruhda o'tdi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Faqihlar tabib, muhaddislar dorishunos

3.01.2025   816   3 min.
Faqihlar tabib, muhaddislar dorishunos

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Tashaddud yo‘nalishi tarafdorlari dinni faqatgina Qur’on va Sunnat deb talqin qilib, har bir masalaga dalil so‘rayverishadi, chunki ular ikkinchi ta’rifdan, ya’ni «Fiqh ilmi – mukallaflar qiladigan amallarning holatini halol yoki haromlik, fasod yoki sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir», degan ta’rifdan g‘ofil qolishgan.

Demak, faqihning ishi shifokorning ishidek ekan. Hozir shifokorning huzuriga borib, «Qornim og‘riyapti», deysiz. U sizga: «Nima yeding? Nima ichding? Qon bosiming bormi? Qandli diabet bilan og‘rimaganmisan?» degan savollarni beradi. Keyin dori yozib beradi. Shifokorning ishi shunaqa. O‘sha shifokordan: «Siz aytgan falon dori qanday tayyorlangan?» deb so‘raysizmi? Yo‘q. Bu sohaning o‘z mutaxassislari bo‘ladi – dorishunoslar.

Xuddi shunga o‘xshab, muhaddislar ham faqihlarga: «Sizlar tabibsizlar, bizlar esa dorishunos», deyishadi. Ha, faqihlar shifokorga o‘xshaydi, ularning amali hukm chiqarish bo‘ladi. Ularni biror tashkilot deb olsak, odamlar ularga nikoh va taloq, savdo-sotiq masalalari bo‘yicha murojaat qilishsa, holatga qarab, hukm chiqarib berishadi. Demak, faqihlar mukallaflar qilayotgan amallarning holati haqida bahs qilishadi, ularning dalili haqida emas. Dalilning bahsini qila oladigan zotlar esa mutlaq mujtahidlardir.

Bir masalaning dalili mujtahid tomonidan Qur’on va sahih Sunnatdan olinganiga ishonch hosil qilmasak, uni qabul qilmaymiz.

Mujtahidlar kimlar? Ular sahoba, tobe’in va mazhab imomlaridir. Hukm faqat hanafiy, molikiy, shofe’iy yoki hanbaliy mazhabi ulamolari tomonidan chiqarilgan bo‘lsagina qabul qilamiz. Masalan, bir hukmning Abu Hanifaga nisbat berilganini ko‘rsak, aniq bilamizki, u zot hech qachon dalilsiz gap aytmaganlar. Oddiy muftiy esa mazhabni puxta o‘rgangach, mana shu mazhab asosida fatvo beradi, chunki uning oldida mutlaq mujtahidlardan yetib kelgan, ishonchli, mazhabda qaror topgan hukmlar bo‘ladi. Biz hukmni mana shunday mazhabdan sodir bo‘lsagina qabul qilamiz. Farmatsevt odam dorini faqat ishonchli korxonadan olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muhrlangan holatda berishi kerak bo‘lganidek, biz ham hukmni faqatgina ishonchli, muhr bosilgan mazhab tomonidan berilgandagina qabul qilamiz. Shundagina ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi.

Masalan, kamina xodimingizning ishi ham shaxsning holatlarini o‘rganishdir. Falonchida nima sodir bo‘ldi, nega xotinini taloq qildi, uning holati qanday? Shularni bilib, so‘ng unga mazhabdan hukm aytaman. Men shifokor bo‘lsam-u, dorishunos bo‘lmasam, lekin o‘zimcha borib, dori tayyorlasam, bemorni o‘ldirib qo‘yishi mumkin, chunki mening ishim uni davolashdir, unga dori tayyorlash emas. Dorini shu sohaning mutaxassislari tayyorlaydi. Buning uchun juda katta ilm, tajriba kerak. Endi men faqih bo‘la turib, yangitdan hukm chiqarish bilan shug‘ullansam, «Falonchining xotiniga taloq tushibdi», deb fatvo berib yuboraman, Falonchining qo‘lini kesishga hukm qilaman, yana kimningdir hayotini barbod qilaman, natijada butun jamiyatni buzib yuboraman. E’tibor beryapsizlarmi?! Shunday holat yuzaga keladi!

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Maqolalar