Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

G'iybat qanday muolaja qilinadi?

26.05.2022   2143   6 min.
G'iybat qanday muolaja qilinadi?

Jamiyatu oilalarni ich-ichidan emiradigan, insonlar o'rtasida fisqu fasod, adovat urug'ini sochadigan illatlardan eng jirkanchi g'iybatdir. U tufayli oilalar parokanda, odamlar bir-birlari bilan yuzko'rmas bo'lib ketadi. Buning oqibatida jamiyatda ko'plab noxushliklar yuzaga keladi.

Ayniqsa, bugungi ijtimoiy tarmoqlar tobora rivojlanayotgan bir paytda g'iybat ham zamonga mos tarzda virtual ko'rinishga ko'chmoqda. Buni biror axborot yoki turli video chiqishlar tagiga qoldirilayotgan izohlardan bilish mumkin. U erda ochiq-oydin g'iybat qilishlar kuzatiladi. Agar biror taniqli, mashhur shaxs haqidagi xabar bo'lsa, unga bildirilgan so'zlarni o'qishga ham kishi xijolat bo'ladi. Eng yomoni, bu insonlar bilib-bilmay gunohga, g'iybatga sherik bo'layotganidadir.

Hamma ulamolar bir ovozdan g'iybatni gunohi kabira ekanini e'tirof etishgan.

 Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalardan: “G'iybat nima ekanini bilasizmi?” deb so'radilar. Ular: “Alloh va Rasuli biluvchiroq”, deyishdi. Nabiy alayhissalom: Birodaringiz u haqida gapirgan so'zingizni eshitib, xafa bo'lsa, siz uni g'iybat qilibsiz”dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biz aytgan sifat unda bo'lsa-chi?” deb so'rashdi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: Agar siz aytgan sifat unda bo'lsa – g'iybat, bo'lmasa – bo'hton qilibsiz”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Merojga chiqqanimda misdan bo'lgan tirnoqlar bilan yuzlariyu ko'ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o'tdim. Men: “Ey Jabroil, ular kimlar?” deb so'radim. “Bular u dunyoda odamlarning go'shtini eb, obro'larini to'kkanlar”, deb javob berdi»(ImomAbu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).

Hujurot surasida g'iybat naqadar yomon ish ekani bunday bayon qilinadi: «Ba'zilaringiz ba'zilaringizni g'iybat qilmasin. Birortangiz o'zining o'lgan birodarining go'shtini eyishni yaxshi ko'rurmi? Ha, yomon ko'rasizlar. Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko'plab qabul qiluvchidir, o'ta rahmlidir»(12-oyat).

Har dard uni keltirib chiqargan sabablarni yo'q qilish bilan davolanadi. Bizni ko'pgina gunohlarga etaklagan til, ko'pdan-ko'p savoblarga ham olib borishi mumkin.

Qur'oni karimda zikrga targ'ib qilinishi barobarida uning samarasi ham aytib o'tilgan. Jumladan, Alloh taolo hidoyat topgan bandalarini vasf etib, bunday marhamat qiladi: «Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)» (Ra'd surasi, 28-oyat).

Ruhiy tarbiya ulamolari bunday deydilar: «Alloh taoloni zikr qilishning tarbiyaviy ahamiyati ajoyib va go'zaldir. Birinchidan, Allohning zikri qalbingizda U zotga bo'lgan muhabbatni uyg'otadi. Allohning muhabbati esa uning zikrini ko'paytirishga undaydi. Bu ikkisi o'rtasida o'zaro mutanosiblik bor ekani shundan ma'lum bo'ladi».

Zikr rizqning mo'l va barakotli bo'lishiga sababdir. Qalbni g'aflatdan uyg'otadi. Gunoh va ma'siyatlarni o'chiradi. Zikr kishini turli til ofatlaridan va bekorchi so'zlardan uzoqlashtiradi. Bandani dunyo va oxirat saodatiga erishtiradi.

Mus'ab ibn Sa'd roziyallohu anhudan, u kishi otasidan bunday rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. U zot: Sizlardan biringiz har kuni mingta savobni qo'lga kirita olmaydimi? dedilar. Shunda u zotning hamsuhbatlaridan bir kishi: “Qanday qilib birortamiz mingta savobga ega bo'lishi mumkin?” deb so'radi. U zot: “Yuz marta tasbeh aytadi. Shunda unga mingta savob yoziladi va undan mingta xato o'chiriladi”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).

Ham engil, ham buyuk ibodatdan g'aflatda qolmasligimiz, doimo Allohning zikri ila tilimiz band bo'lib turishiga e'tibor berishimiz shart. Ayniqsa, tilimizni tasbeh (Subhonalloh), hamd (Alhamdulillah), tahlil (Laa ilaha illalloh) va takbir (Allohu Akbar) ko'p aytishga odatlantirib olsak, u bizni til ofatlaridan yiroqlashib, gunohlardan tiyilamiz.

Vasliddin RIZAYeV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Toshkent shahar vakilligi Matbuot kotibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi

7.01.2025   4918   1 min.
Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi

O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.

Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.

O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.

Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi
O'zbekiston yangiliklari