Jamiyatu oilalarni ich-ichidan emiradigan, insonlar o'rtasida fisqu fasod, adovat urug'ini sochadigan illatlardan eng jirkanchi g'iybatdir. U tufayli oilalar parokanda, odamlar bir-birlari bilan yuzko'rmas bo'lib ketadi. Buning oqibatida jamiyatda ko'plab noxushliklar yuzaga keladi.
Ayniqsa, bugungi ijtimoiy tarmoqlar tobora rivojlanayotgan bir paytda g'iybat ham zamonga mos tarzda virtual ko'rinishga ko'chmoqda. Buni biror axborot yoki turli video chiqishlar tagiga qoldirilayotgan izohlardan bilish mumkin. U erda ochiq-oydin g'iybat qilishlar kuzatiladi. Agar biror taniqli, mashhur shaxs haqidagi xabar bo'lsa, unga bildirilgan so'zlarni o'qishga ham kishi xijolat bo'ladi. Eng yomoni, bu insonlar bilib-bilmay gunohga, g'iybatga sherik bo'layotganidadir.
Hamma ulamolar bir ovozdan g'iybatni gunohi kabira ekanini e'tirof etishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalardan: “G'iybat nima ekanini bilasizmi?” deb so'radilar. Ular: “Alloh va Rasuli biluvchiroq”, deyishdi. Nabiy alayhissalom: “Birodaringiz u haqida gapirgan so'zingizni eshitib, xafa bo'lsa, siz uni g'iybat qilibsiz”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biz aytgan sifat unda bo'lsa-chi?” deb so'rashdi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Agar siz aytgan sifat unda bo'lsa – g'iybat, bo'lmasa – bo'hton qilibsiz”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Merojga chiqqanimda misdan bo'lgan tirnoqlar bilan yuzlariyu ko'ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o'tdim. Men: “Ey Jabroil, ular kimlar?” deb so'radim. “Bular u dunyoda odamlarning go'shtini eb, obro'larini to'kkanlar”, deb javob berdi»(ImomAbu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).
Hujurot surasida g'iybat naqadar yomon ish ekani bunday bayon qilinadi: «Ba'zilaringiz ba'zilaringizni g'iybat qilmasin. Birortangiz o'zining o'lgan birodarining go'shtini eyishni yaxshi ko'rurmi? Ha, yomon ko'rasizlar. Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko'plab qabul qiluvchidir, o'ta rahmlidir»(12-oyat).
Har dard uni keltirib chiqargan sabablarni yo'q qilish bilan davolanadi. Bizni ko'pgina gunohlarga etaklagan til, ko'pdan-ko'p savoblarga ham olib borishi mumkin.
Qur'oni karimda zikrga targ'ib qilinishi barobarida uning samarasi ham aytib o'tilgan. Jumladan, Alloh taolo hidoyat topgan bandalarini vasf etib, bunday marhamat qiladi: «Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)» (Ra'd surasi, 28-oyat).
Ruhiy tarbiya ulamolari bunday deydilar: «Alloh taoloni zikr qilishning tarbiyaviy ahamiyati ajoyib va go'zaldir. Birinchidan, Allohning zikri qalbingizda U zotga bo'lgan muhabbatni uyg'otadi. Allohning muhabbati esa uning zikrini ko'paytirishga undaydi. Bu ikkisi o'rtasida o'zaro mutanosiblik bor ekani shundan ma'lum bo'ladi».
Zikr rizqning mo'l va barakotli bo'lishiga sababdir. Qalbni g'aflatdan uyg'otadi. Gunoh va ma'siyatlarni o'chiradi. Zikr kishini turli til ofatlaridan va bekorchi so'zlardan uzoqlashtiradi. Bandani dunyo va oxirat saodatiga erishtiradi.
Mus'ab ibn Sa'd roziyallohu anhudan, u kishi otasidan bunday rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. U zot: “Sizlardan biringiz har kuni mingta savobni qo'lga kirita olmaydimi?” dedilar. Shunda u zotning hamsuhbatlaridan bir kishi: “Qanday qilib birortamiz mingta savobga ega bo'lishi mumkin?” deb so'radi. U zot: “Yuz marta tasbeh aytadi. Shunda unga mingta savob yoziladi va undan mingta xato o'chiriladi”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ham engil, ham buyuk ibodatdan g'aflatda qolmasligimiz, doimo Allohning zikri ila tilimiz band bo'lib turishiga e'tibor berishimiz shart. Ayniqsa, tilimizni tasbeh (Subhonalloh), hamd (Alhamdulillah), tahlil (Laa ilaha illalloh) va takbir (Allohu Akbar) ko'p aytishga odatlantirib olsak, u bizni til ofatlaridan yiroqlashib, gunohlardan tiyilamiz.
Vasliddin RIZAYeV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi Matbuot kotibi
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati